Noan’anaviy dars
– an’anaviy sanalgan sinf-dars tizimidan farqli ravishda
o’qituvchining ijodiy yondashuvi asosida, nostandart shaklda tashkil etilib,
o’quvchilarning ta’lim jarayonidagi faol ishtiroki ta’minlanadigan, turli ko’rinishdagi
o’yin holatlariga asoslanuvchi dars. O’tgan asrning 70-yillarida o’quvchilarning
mashg’ulotlarga qiziqishi keskin pasaydi. O’quvchilarning mashg’ulotlardan
zerikishlarini turli usullar bilan pasaytirishga harakat qilishdi. Natijada
mashg’ulotlarni nostandart, noan’anaviy shakllarda tashkil etish o’quvchilarda
mashg’ulotlarga nisbatan qiziqishni oshiradi, zerikishning oldini oladi degan qarorga
kelishdi. Biroq, bunday qarorga kelish ham oson bo’lmadi, bir guruh pedagoglar uni
ilg’or fikr sifatida baholashgan bo’lsa, ikkinchi guruh esa xavfli xulosa deya e’tirof
etdi. Zero, ularning fikrlariga ko’ra mashg’ulotlarning noan’aviy shakllarda tashkil
etilishi pedagogik tamoyillarga ziddir. Biroq, bir necha yillik bahs-munozaralardan
so’ng pedagogika, bevosita, didaktika amaliyotida nostandart, noan’anaviy darslardan
foydalanish tajribasi shakllandi. Ayni vaqtda bu turdagi darslarning quyidagi
shakllaridan ta’lim amaliyotida keng foydalanilmoqda: ishchanlik o’yinlari darsi, rolli
o’yinlar darsi, musobaqa darsi, KVN darsi, teatrlashtirilgan dars, kompyuter darsi,
sinov darsi, ijodiy hisobot darsi, ko’rik (tanlov) darsi, “Haqiqatni izlash” darsi,
ijodkorlik darsi, auksion darsi, o’quvchilar tashkil etadigan dars, juftlikka asoslangan
dars, guruhda ishlash darsi, seminar darsi, ekspeditsiya darsi, o’quvchilarning
hamkorligiga asoslangan dars, konsert dars, suhbat dars, “Qidiruvni bilimdonlar olib
boradi” nomli dars, “Internetdagi mashg’ulot” darsi, jamoaviy izlanish darsi,
“Mo’jizalar maydoni” darsi, uchrashuv darsi, “Musiqiy ring” darsi, “Xuddi o’zi kabi”
darsi va b.
Bu turdagi darslarda o’quvchi (yoki o’quvchilar, bir necha o’quvchi, o’quvchilar
guruhi) yetakchilik qilib, mavjud bilimlarni mustaqil, faol o’zlashtiradi,
o’qituvchining vazifasi o’quvchilar (yoki o’quvchilar, o’quvchilar guruhi)ni
yo’naltirib turish, zarur o’rinlarda maslahatlar berish, o’quvchilar faoliyatini
to’g’rilash, nazorat qilish, rag’batlantirish va baholashdan iborat bo’ladi. Nostandart
darslar hayotiy jarayonlar, voqea, hodisalarni imitatsiyalash (taqlid qilish),
improvizatsiyalash (alohida tayyorgarliksiz, dars vaqtida birdan ijro etish)ga
asoslanadi. Mazkur darslarning afzalliklari, ta’lim jarayonida har bir o’quvchining
faolligi ta’minlanadi, topshiriq (masala, mashq)larning yechimi kichik guruhlarda
topiladi, guruhlarning har bir a’zosi yechim yuzasidan o’z fikrini ilgari surishi,
asoslashi zarur. Hech qachon o’quvchining fikri bo’linmaydi, inkor va tanqid
qilinmaydi, aksincha, imkon qadar ko’proq javob, yechim variantlarini topishga
e’tibor qaratilib, fikrlar xilma-xilligi ta’minlanadi va tahlil asosida eng maqbul
yechim, javob tanlab olinadi. Noan’anaviy darslar o’quvchi (o’quvchilar, bir necha
o’quvchi, o’quvchilar guruhi)da manbalar (darslik, yordamchi adabiyotlar, Internet
materiallari) bilan mustaqil ishlash ko’nikma, malakalarini shakllantirishga yordam
beradi. Bunda o’qituvchining eng muhim vazifasi o’quvchini qanday manbalar bilan
ishlashga to’g’ri yo’naltirishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |