NOTA BENE !
Jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining huquqiy prinsiplari
jinoyat-huquqiy normalarda mustahkamlangan va Jinoyat kodeksi
vazifalaridan kelib chiqqan holda jinoiy javobgarlikning umumiy
asoslarini, yo‘nalishini va hajmini belgilovchi tayanch g‘oyalardir.
Kodeks vazifalaridan farqli o‘laroq, jinoyat to‘g‘risidagi qonun
hujjatlari prinsiplari jinoyat-huquqiy siyosatning yo‘nalishini aks
ettirmasdan, balki uni amalga oshirishning ayrim tayanch usullarini
belgilab beradi. Aynan Kodeksning vazifalari jinoyat to‘g‘risidagi qonun
hujjatlarining xususiyatlari va prinsiplar tizimini belgilab beradi.
Prinsiplarning kodeks vazifalari bilan avvaldan belgilab qo‘yilganligi
mazkur g‘oyalarning rahbariy asoslar sifatidagi xususiyatiga ta’sir
etmasligini qayd etib o‘tish lozim. Prinsiplarning bo‘lmasligi kodeks
vazifalarini faqat deklarativ xususiyatgagina ega qilib qo‘yadi. Amaliyotda
belgilangan prinsiplardan chekinish ularni bajarmaslikni va jinoyat
to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining vazifalarini amalga oshirmaganlikni
bildiradi. Demak, vazifalar va prinsiplar birgalikda jinoyat-huquqiy
tartibotning va ijtimoiy munosbatlarni himoya qilishning asosini tashkil
etadi va aynan shuning uchun Kodeks «Jinoyat kodeksining vazifalari va
prinsiplari» bobi bilan boshlanadi.
Jinoyat kodeksining prinsiplari yangi huquqiy me’yorlar ishlab
chiqish va qonunni qo‘llash amaliyotida rahbariy ahamiyatga ega umumiy
g‘oyalardan iboratdir. Mazkur g‘oyalarning huquqiy me’yorlar shakliga
keltirilishi ularga o‘zgacha ijtimoiy mohiyat baxsh etadi, ularni tartibga
soluvchi ta’sirchan omillarga aylantiradi. Qonunda aks etganidan so‘ng
ular insonlarning huquqiy ongiga ta’sir etuvchi qonun yaratish va uning
huquqiy qo‘llash jarayonida rioya etilishi lozim bo‘lgan majburiy
me’yorlar xususiyatini kasb etadi. Prinsiplarning huquqiy mohiyati
O‘zbekistonning butun hududida ularni tushunish va qo‘llashda yagona
yondashuvni ta’minlaydi.
Prinsip-normalarning fuqarolarga ta’siri ularning fuqarolarni
tarbiyalash, ularning huquqiy ongini shakllantirishiga ko‘maklashuvchi va
21
shu orqali jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy munosabatlarni sezilarli
zarar yetkazilishidan himoya qilishdan iboratdir. Me’yoriy-huquqiy
prinsiplarning fuqarolarga ta’siri kodeksda belgilangan qoidalarni
buzmaslikka da’vat qilish darajasidagi ularning huquqiy ongini
shakllantirish va bu qoidalarga faqat davlat va jamiyat manfaatlari
nazaridan emas, balki o‘zining shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda
yoki bo‘lmasa davlat tomonidan o‘rnatilgan inson va fuqarolarning huquq
va erkinliklarini ta’minlashning realligidan, boshqa shaxslarning huquqlari
va erkinliklarini hurmat qilish zarurligidan kelib chiqqan holda rioya
ettirish maqsadini ko‘zlaydi.
Kodeksda jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining yetakchi
g‘oyalarini mustahkamlovchi maxsus moddalar mavjudligi olib
borilayotgan jinoyat-huquqiy siyosatning vazifalarini samaraliroq hal etish
va uning mohiyatini chuqurroq anglab yetishga ko‘maklashadi.
Huquqiy prinsiplarning dastlabki tergov, prokuratura va sud
idoralarining mansabdor shaxslarga ta’siri, o‘z navbatida, jinoyat
to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi, inson huquqlari va
erkinliklarining himoya qilinishiga va bu boradagi O‘zbekiston
Respublikasi jinoyatga oid siyosatini yurg‘izishning barqarorligi va birligi,
shuningdek, xizmat vazifalarini bajarishda talabchanlik va shaxsiy
mas’uliyatni oshirishdan iboratdir.
Qonun ijodkorligi jarayonida huquqiy prinsiplarning ta’siri alohida
ahamiyat kasb etadi. Prinsip-normalar qonun chiqaruvchi organning qonun
chiqarish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda bekor qilish
bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Jinoiy-huquqiy
normalarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida qonun chiqaruvchi
jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida mustahkamlangan rahbariy
g‘oyalar tizimiga tayanadi.
Huquq sohasining har biri uchun taalluqli bo‘lgan umumiy g‘oyalar
Do'stlaringiz bilan baham: