Metall pullar
Kishilar o‘rtasida ayirboshlash jarayonlarining tezlashuvi va mehnat taqsimotining
chuqurlashuvi ayirboshlash hajmining ortishiga olib keldi. Iqtisodiy munosabatlarning
takomillashuvi natijasida kishilar metalni kashf etdilar, undan turli xil mehnat qurollarini yasab
kundalik hayotida foydalandilar. Shu bilan birga, ushbu mehnat qurollari to‘lov vositasi
vazifasini ham bajardi. Keyinchalik esa metalldan tanga pullarni zarb qilish yo‘lga qo‘yildi.
Bularning barchasi ayirboshlash munosabatlari jarayonida foydalanib kelinayotgan natural pul
shakllarini metall pul shakliga o‘tishiga zamin tayyorladi.
Metaldan yasalgan mehnat qurollarining to‘lov vositasi sifatida foydalanganligining
xususiyati shunda ediki, kishilar metaldan tayyorlangan bolta va shunga o‘xshash narsalardan
to‘lov vositasi sifatida foydalangan bo‘lsada, ular boshqa maqsadda, ya’ni kundalik hayotda
foydalanish uchun yaratilgan edi. Masalan, kishilar metaldan yasalgan boltadan ayirboshlash
vositasi sifatida keng foydalangan, lekin u to‘lov vositasini bajaradigan tanga ko‘rinishiga ega
bo‘lmagan. Odamlar stixiyali ravishda metalldan yasalgan boltani to‘lov vositasi o‘rnida
foydalanishgan.
Pulning natural ko‘rinishidan metall tanga shakliga o‘tishi, yuqorida ta’kidlanganlardan
tashqari quyidagi omillar muhim ahamiyat kasb etgan.
1.Kishilar metallarga turli shaklda ishlov berishni kashf etilishi.
Ta’kidlaganimizdek, bolta
va shunga o‘xshash temir qurollardan pul vositasi sifatida foydalanilgan, lekin ularni puldan
foydalnishning metall davri deb yurita olmaymiz. Chunki, ushbu mehnat qurollarining
funktsiyalari boshqa bo‘lgan. Kishilar metalni kashf qilganlaridan keyin oradan juda ko‘p davrlar
o‘tishi bilan unga ishlov berish yo‘llarini o‘rgandilar. Bu o‘z – o‘zidan metall tangalarni zarb
etishga turtki bo‘ldi.
2.Davlatchilikning paydo bo‘lishi.
Metall kashf etilib, odamlarga unga ishlov berish
yo‘llari ma’lum bo‘lgandan so‘ng, ma’lum hudud va qabilalar alohida kishilarning hukmronligi,
xonligi va qirolligi ostida boshqarila boshlandi. Bu o‘z o‘zidan o‘sha davrning hukmroni, xoni
yoki qirolining maqieni oshirish, o‘zining chegaralarini mustahkamlash va qonunlarini yuritish
zaruriyatini keltirib chiqardi. Bularning barchasi turli tasvirlar va yozuvlar tushirilgan tangalarni
zarb etishga asos bo‘ldi.
3.Kishilar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmining ortib borishi natijasida ushbu
jarayonning murakkablashuvi
. Masalan, dehqon bir qop bug‘doyni bitta boltaga ayirboshlashi
uchun temirchi kosibning hoxishi dehqonning hoxishiga mos kelishi lozim. Ya’ni mazkur
holatda, temirchining bir qop bug‘doyga ehtiyoji bo‘lishi kerak. Biroq, temirchiga bir qop
bug‘doy emas, balki bitta qo‘y kerak bo‘lsa, u holda dehqon bug‘doyni qo‘yga almashtirishi,
so‘ngra qo‘yni temirchiga olib kelib bitta boltaga almashishi zarur bo‘lar edi. Ko‘rinib turibdiki,
kishilar o‘rtasida mehnat taqsimotining chuqurlashuvi va ayirboshlash hajmining ortishi natural
pullarni to‘lov vositasi sifatidagi vazifasini amalga oshirish imkoniyatlarini chegaralab qo‘ydi.
4. Natural shakldagi pullarni saqlash va olib yurishning qiyinligi.
Alabatta, o‘sha paytlarda
pulning vazifasini bajargan bolta yoki boshqa mehnat qurollarini saqlash qiyin bo‘lmagan
bo‘lsada, lekin ularni olib yurish va xavfsizligini ta’minlash odamlarga turli noqulayliklarni
keltirib chiqargan. Pulning vazifasini bajargan bug‘doy, jun, qo‘y yoki boshqa shunga o‘xshash
narsalar esa vaqt o‘tishi bilan buzilgan, o‘zining dastlabki xususiyatini yo‘qotgan. Shu bilan
birga, ularni olib yurish, ayniqsa saqlash ham odamlarga qo‘shimcha tashvish keltira boshlagan.
Bularning barchasi natural pullar o‘rniga metall pullarni muomalaga to‘lov vositasi sifatida
kirib kelishiga zamin yaratdi.
Dastlab metall tangalar qora rangli temirlardan slitka ko‘rinishida tayyorlangan bo‘lsa,
keyinchalik to‘rtburchak, uchburchak, yumaloq ko‘rinishdagi tanga shaklini olgan.
Vaqt o‘tishi bilan temir tangalar o‘rnini bronza, kumush va oltin egalladi, 3–rasmga
qarang. Temir metallardan yasalgan tanga to‘lov vositasini bajarganda ularning baho masshtabini
tanganing og‘irligi bilan anqilangan. Keyinchalik bronza, mis va oltin tangalar to‘lov vositasini
bajarganda esa baho masshtabi qimmatbaho metallarning nafaqat og‘irligi, balki ularning
xossalari orqali ham aniqlanadigan bo‘ldi.
Muomalada metall tangalar, ayniqsa oltin tangalar pulning vazifasini bajarganda
iqtisodiyotda pul muomalasini tartibga solishga ehtiyoj bo‘lmaydi. Chunki, qimmatbaho metallar
haqiqiy qiymatga ega bo‘lgan asl pul hisoblanib, uning hajmi tovar massasasiga nisbatan
avtomatik tarzda tartibga solinib boriladi. Ya’ni, agar iqtisodiyotda tovar massasi oltin massasi
(qiymati)ga nisbatan kam bo‘lsa muomaladagi ortiqcha oltin tangalar boylik sifatida xazinaga
joylashtiriladi. Agar, aksincha, muomalada oltin tangalar massasi tovar massasiga nisbatan kam
bo‘lsa boylik sifatida xazinaga joylashtirilgan mablag‘lar muomalaga chiqarish orqali o‘zaro
muvozanat ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |