64
Dialektika o‘z mohiyati jihatdan umumiy aloqadorlik, bog‘lanish, harakat, o‘zgarish to‘g‘risidagi
ta’limot sifatida tabiat, jamiyat va inson tafakkuriga xos eng umumiy aloqadorlik va bog‘lanishlarni to‘g‘ri
ochib borish asosida kishilarga dunyoni o‘zlashtirish va o‘zgartirish yo‘llarini ko‘rsatuvchi metodologik
qurol bo‘lib xizmat qiladi.
Dialektika, avvalo, umumiy aloqadorlik va bog‘lanishlar haqidagi fandir. Chunki borliqdagi barcha
narsa va hodisalarni umumiy aloqadorlikda va o‘zaro bog‘lanishda olib qarash borliq haqida dialektik fikr
yuritishdir. Haqiqatan ham, borliqdagi hamma narsalar, hodisa va jarayonlar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular
umumiy aloqadorlikda bir-birlariga ta’sir va aks ta’sir qilib turadilar, bir-birlarini taqozo qiladilar. Xoh
tabiat va jamiyatda, xoh inson hayoti va tafakkurida bo‘lsin, hech bir hodisa yoki voqea, o‘zgarish yoki
jarayon boshqa hodisa yoki voqealardan, boshqa o‘zgarish va jarayonlardan alohida, ulardan ajralgan, ularga
bog‘liq, bo‘lmagan, ular bilan aloqadorliksiz mavjud bo‘lmaydi, aksincha, ular bilan doimo o‘zaro
aloqadorlikda bo‘ladi.
Borliqning turli tomonlari, materiyaning turli ko‘rinishlari, uning asosiy mavjudlik usullari,
harakatning turli shakllari bir-birlari bilan o‘zaro umumiy aloqadorlikda bo‘lib, bir-birlariga ta’sir va aks
ta’sirida, lekin o‘zaro bog‘lanishda bir-birlarini taqozo qilib turadi.
Dialektikaning o‘zaro aloqadorlik prinsipi yalpi umumiy xarakterga egadir. Uning bu yalpi
umumiyligi shundaki, birinchidan, bu aloqadorlik bir butun borliqqa, ya’ni tabiat, jamiyat, inson, inson
tafakkuri va bilishga xosdir; ikkinchidan, bu aloqadorlik borliqning hamma ko‘rinishlariga oid barcha narsa
va hodisalarni, ularga xos hamma narsa va holatlarni, bir butun inson bilish jarayonini, xullas, bir butun
moddiy va ma’naviy olamning hamma bog‘lanishlarini o‘z ichiga oladi.
Dunyoda boshqa narsalar, hodisalar va jarayonlar bilan tabiiy aloqadorlikda bo‘lmagan hech bir
narsa, jarayon yo‘q. Lekin biz o‘z bilish jarayonimizda biron narsa yoki hodisani o‘rganar ekanmiz, dastlab
uni boshqa narsalar yoki hodisalarning umumiy bog‘lanishlaridan ajratamiz. Bu jarayonda biz uning o‘ziga
xos tomonlari va xususiyatlarini ochib berish uchun bu narsa yoki hodisaning boshqa narsalar va hodisalar
bilan bo‘lgan hamma aloqa va bog‘lanishlarini, hamma aloqadorliklarini aniqlab, bilib boramiz. Narsa va
hodisalarni haqiqatdan bilish uchun ularning barcha tomonlarini, barcha aloqalarini va bog‘lanishlarini birga
olib o‘rganmoq, lozim. Biz garchi bunga hech qachon to‘la-to‘kis erisha olmasak ham, lekin har tamonlama
o‘rganish talabi bizni xatolardan, noto‘g‘ri xulosa chiqarishlardan saqlab qoladi. SHu asosdagina biz bu
narsa yoki hodisaning bir butun tabiati va mohiyatini to‘g‘ri bilib olishga erishamiz.
Dialektik aloqadorlik va bog‘lanishlar bir butun borliqning turli tomonlari va materiyaning turli
ko‘rinishlari o‘rtasidagina mavjud bo‘lmasdan, balki har bir narsa yoki hodisaning ham o‘zidagi barcha to-
monlari, hamma belgi va xususiyatlari o‘rtasida ham mavjuddir. Chunki har bir narsa yoki hodisaning
hamma tomonlari bir-biriga bog‘liq bo‘lishi va bir-birlari bilan juda mahkam va chambarchas aloqadorligi
qonuniy va tabiiy holdir.
Aloqadorlik va bog‘lanishlar borliqning turli sohalarida turli-tuman shakllarda namoyon bo‘ladi.
Bular quyidagilardir: a) «elementar» zarralarning bir-birini taqozo qilishi va aks ta’siri shaklida; b)
planetalarning bir-birini tortib va itarib turishlari shaklida. Organik tabiatda: a) tirik organizmlarning modda
almashinuvi shaklida; b) tirik organizmlar bilan tabiiy muhit o‘rtasidagi bog‘lanishlar; v) o‘simlik va
hayvonot dunyosining o‘zaro aloqadorligida; g) hayvonlar va odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda va h. k.
Jamiyatda bo‘lsa: a) jamiyat bilan tabiat o‘rtasida; b) jamiyatning moddiy va ma’naviy hayoti o‘rtasida; v)
jamiyat ishlab chiqarish usulining tomonlari: ishlab chiqaruvchi kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlari
o‘rtasida; g) jamiyatning iqtisodiy bazisi bilan ustqurmasi o‘rtasida; d) jamiyat iqtisodiy strukturasi
Do'stlaringiz bilan baham: |