www.ziyouz.com kutubxonasi
82
— Cholingiz hozir qaerdalar?
— Qaydam... Balki samovorxonadadirlar?
Zohid «topib kelasizmi?» deganday qilib Hamdamga qaradi. Bu qarashning ma’nosini
anglagan Hamdam indamay tashqariga chiqdi. Zohid bir cheti yostiq ostidan chiqib
turgan suratni oldi — Jamshid kulimsirab turibdi.
— Mana bu yigit ham kelib turarmidi? — deb suratni ayolga ko‘rsatdi.
— Yo‘q-a, — dedi ayol suratga durustroq ham qaramay. — Bularni hech kim so‘rab
kelmadi.
Zohid tokchadagi bo‘sh tsellofan xaltachalar bilan qon tekkan em ignasini ko‘rib:
— Xola, endi bu xonaga kirmay turasiz, hech narsaga tegmang. Narsalaringizni tekshirib
bo‘lganimizdan keyin olasiz, — dedi.
Bu orada hovliga gavdali, ayol «cholim» degani bilan ko‘rinishi chollik martabasiga
yetmagan, oyoqlari og‘ir gavdani ko‘tarishga majolsizligidanmi, o‘rdak kabi lapanglab
yuruvchi uy egasi kirdi. Zohid u bilan salomlashgach, ayolga bergan savollarini qaytardi.
O‘zi kutganidek, tayinli javob ololmadi: chol choyxonada o‘tirganida bu yigitlar joy so‘rab
kelishgan, durustgina aqcha berishmoqchi bo‘lishgan, vassalom.
Ekspertlar kelib xona ko‘zdan kechirilgach, qo‘lga ilinarli ashyoviy dalil ham topilmadi.
3
Tergovni tashqaridan kuzatgan odam bu yigit o‘zining ismini ham durust bilmas ekan,
deb o‘ylashi mumkin. Zohid ismi-sharifini uch marta so‘raganida uch xil javob berdi.
Zohid «bu laqillatmoqchimi yo dorining ta’siridan hali qutulmadimi?» deb o‘yladi.
Ikkinchi yigit ham shunday hunar ko‘rsatgach, tergovni kechiktirdi.
Ertasiga ularning gaplari poyintir-soyintir bo‘lmadi. Bu vaqt ichida mayor Soliev ularning
kimligini, qamoqxonalarda bearmon o‘tirishganini aniqladi. Zohid avval yoshi kattarog‘i
— Petrashvilini so‘roqqa chaqirdi.
Rasm-rusm bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni so‘rab, yozib olgach, asosiy muddaoga
ko‘chdi:
— Yigirma sakkizinchi mayda qaerda edingiz?
— Yigirma sakkizinchi?.. Necha kun oldin bo‘lgan bu yigirma sakkizinchi?
— O‘n kun bo‘ldi.
— E, grajdanin nachalnik, o‘n kun oldingi gap esimda turadimi? Kecha qayoqda edim,
bilmayman.
Zohid Jamshidning rasmini uzatdi:
— Bu yigit kim?
Petrashvili suratga uzoq tikildi.
— Tanimayman.
— Yostig‘ingiz tagida ekan?
— Balki kampirning o‘g‘lidir. Uyda har xil rasm ko‘p edi.
— Chol-kampir ham tanishmadi. Ammo... sherigingiz tanidi.
— Sherigim tanigan bo‘lsa o‘zidan so‘rayver, nega mendan so‘raysan?
— Haydovchi ham tanidi.
— Qaysi haydovchi?
— Sizlarni olib borgan. Biz uni topdik.
— Har kuni o‘nta mashinada yursam, o‘nta haydovchi taniydi meni. Nachalnik, to‘g‘risini
ayt, sen bo‘ynimga nima ilmoqchisan? Aytaver, kelishamiz, men bunaqa ishlarga
o‘rganib ketganman.
— Yo‘q, kelisholmaymiz, grajdanin Petrashvili.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |