www.ziyouz.com kutubxonasi
179
o‘rnidan turdi.
— Ha, qayoqqa? — dedi Zelixon.
— Shu bugunoq jo‘nayman.
— Shoshilma. Akang hali-beri hukmni o‘zgartirmas. Sen avval nima gunoh qilganingni
aniqlab ol.
— Gunohim yo‘q.
— Lekin ayrim odamlar orasida mish-mishlar yuribdi. Seni ko‘mib kelishgan kuni
Asadbekning qizi o‘zini osgan. Keyin bolasi tushgan... Balki u bilan...
— Yo‘q, — dedi Jamshid keskin. — U menga singil qatori edi. Bek akamning gumon
qilishlariga o‘rin yo‘q edi.
— Unda nimaga?..
— Bu yog‘iga ishingiz bo‘lmasin.
— Yaxshi, ishim bo‘lmaydi. Lekin bilib qo‘y, shilta o‘yinlaringga Elchinni
aralashtirmalaring. Elchin yolg‘iz emas. Mendan tashqari ham himoya qiladiganlari bor.
Bular oldida, — Zelixon atrofdagilarga ishora qildi. — O‘qilon chuvalchangday bir gap.
— Katta ketmang, aka, — dedi Jamshid eshik tomon yurib. U kelgan mashinasida
qaytdi. Zelixon esa qahvaxona xo‘jayinining xonasiga kirib, telefon go‘shagini ko‘tarib
buyurtma berdi.
O‘n daqiqadan so‘ng Elchinning telefoni jiringladi. Zelixon Elchinning ovozini eshitdi-da,
salomlashmasdan turib dona-dona qilib dedi:
— Elchin, bir gapni aytaman, dovdirama. Gaplarimni qaytarma. Xotirjam eshitib,
trubkani ham joyiga asta xotirjamlik bilan qo‘y. Gap bunday: Jamshid tirik. U Sochida.
Hozir birga pivo ichdik. U o‘zining o‘lganini bilmaydi. Sen hushyor bo‘l. Qolgan gapni
keyin aytaman.
3
Eshikni Valya ochdi. Zelixon uning ko‘zlaridagi xavotir uchqunini sezib, ichkari kirishi
xavfli ekanini angladi. Endi orqasiga o‘girilaman deganida biqiniga o‘tkir tig‘ tiraldi.
Zelixon uy burchagida ikki yigitning bejo turishiga ahamiyat bergan, ularni Xongireyning
yigitlari deb o‘ylagan edi.
U ilojsiz bir ahvolda ichkariga qadam qo‘ydi. Katta xonaga kirdi-yu, ko‘zlariga ishonmadi.
«Nima balo, o‘liklar tirila boshlaganmi?» deb o‘yladi. Xona to‘ridagi yumshoq o‘rindiqda
taltayib... Fedya o‘tirar edi. Jamshid masalasini aniq bilmas edi, axir buni o‘z qo‘li bilan
o‘ldirgan edi-ku?!
— Ha, Zelya, ko‘zlaringga ishonmayapsanmi? — dedi Fedya o‘rnidan turib. — Men
o‘sha, o‘zing bilgan Bo‘riman. Narigi dunyoda edim. Qarasam, maishat zo‘r. Men maishat
qilib yuraversamu akademik do‘stginam yorug‘ dunyoda xor bo‘lib yursa, insofdanmi,
deb u yerdagilarni avradim. Meni yorug‘ dunyo azoblariga qaytaringlar, qorong‘u dunyo
lazzatlaridan akademik do‘stim ham bahramand bo‘lsin, devdim, ko‘nishdi, parazitlar.
To‘g‘ri, ularga ham ozgina xarajat qilishga majbur bo‘ldim. Senday do‘st uchun men
hech nimamni ayamayman, bilasan-ku?
— Sen... qanday tirik qolding? — dedi Zelixon, hayratdan hanuz o‘ziga kelolmay.
— Xudo xohlamadi o‘lishimni, — dedi Fedya tirjayib.
— Xudo-ku, xohlardi-ya... Fedya, bir safar tirik qolganing bilan, xoinliging kechirilmaydi,
bilasan,a? Mentlarga xizmat qilayotganing uchun tering shilinadi hali.
— Sen o‘zingni o‘yla. Sen akademik emassan, xomkallasan. Xongirey ham ahmoq. Seni
bunaqa joydan qidirishmaydi, ovloqlardan izlashadi, deb o‘ylaganidan keyin ahmoq-da.
Sen po‘stak, tomirimga qoradoridan boplab urdim, deb quvondingmi? Sening kelishing
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |