Baland tepalik ustiga qurilgan Axsi qal’asi tun og‘ushida tog‘ qoyasiga o‘xshab qorayib
ko‘rinadi. Qal’a etagida Kosonsoyning Sirdaryoga guvullab quyilayotgani, ikki daryo
to‘lqinlari bir-birlari bilan olishib, qirg‘oqqa shaloplab urilayotgani uzoqdan eshitilib
turadi.
Axsining hukmroni Umarshayx mirzo bu kecha haramda o‘n sakkiz yoshlik Qorako‘z
begimning xobgohida uxlab yotibdi. Shohona to‘shakning ipak pardasi ortida bittagina
sham lipillab yonib turibdi. Uning zaif yog‘dusi tashqaridan bosib kirmoqchi bo‘layotgan
tun qorong‘isidan qo‘rqqanday titrab-qaltiraydi.
Sahar paytida qal’a sukunatini buzib hazin surnay tovushi yangradi. So‘ng unga qo‘sh
naqora tovushi jo‘r bo‘ldi. Ro‘za tutish — shohu malayga barobar kelgan majburiyat
bo‘lgani uchun surnay va naqora saroy ahlini saharlikka uyg‘otmoqda edi.
Yoz tunlari qisqa, uyquga to‘ymay saharlikka turish xiyla noxush. Shunday bo‘lsa ham
Qorako‘z begim o‘rnidan ohista turib yuvindi, kiyindi. Lekin parqu to‘shakda baquvvat
qo‘llarini ipak choyshabdan chiqarib uxlab yotgan Umarshayx mirzo hamon uyg‘onmas