Tergov eksperimentini o‘tkazish tartibi va taktikasi
Tergov eksperimentini tashkil etish: a) uning maqsadi va hal
qilinadigan vazifalarni belgilash; b) uni o‘tkazish vaqti, joyi va
sharoitlarini belgilash; v) tajribalar tuzilishi va oldinma-ketinligi xayoliy
modelini tuzish; g) tergov harakati ishtirokchilarini va ulardan har
birining rolini belgilash; d) tajriba o‘tkazish uchun zarur narsalar va
texnika vositalarini tayyorlash, ularni qayd etish usullarini belgilashdan
tarkib topadi.
Murakkab vaziyatlarda bo‘lg‘usi tergov eksperimentining mufassal
yozma rejasini tuzish, unda tajribalarning tashkiliy va texnik-
krimenalistik ta’minoti, tuzilishi, ularni o‘tkazish variantlari, erishilgan
natijalarni qayd etish usullarini nazarda tutish zarur.
Bo‘lg‘usi tergov eksperimentining maqsad va vazifalarini belgilash
tergov qilinayotgan jinoyatning tajriba o‘tkazish yo‘li bilan tekshirilishi
lozim bo‘lgan holatini aniqlashtirishni anglatadi. Ekspertimentni
o‘tkazish vaqti, joyi va sharoitlarini belgilash uchun tergovchi ba’zan
tergov qilinayotgan jinoyat ishi materiallariga murojaat etishi kerak
bo‘ladi. O‘tkaziladigan tajribalarning tuzilishi va oldinma-ketinligini
belgilash, ularning xayoliy modelini tuzish tergovchiga bo‘lg‘usi tergov
harakati ishtirokchilari tarkibi va sonini aniqroq belgilashga yordam
beradi. Masalan, ayrim vaziyatlarda tergovchiga yordamchi, mutaxassis,
ikkita emas, balki to‘rtta xolis kerak bo‘lishi mumkin.
Tajriba harakatlarini, odatda, ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan
shaxslar (gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, jabrlanuvchilar, guvoh-
shohidlar) bajaradi. Sub’ektning shaxsiy xususiyatlari emas, balki biron-
bir hodisaning mavjud bo‘lishi imkoniyati tekshirilayotgan hollarda
tergovchi zaruriy tajriba harakatlarini bajarish uchun ish yakunidan
manfaatdor bo‘lmagan shaxsni taklif qilishi mumkin.
Agar tergov eksperimenti natijalari tekshirilayotgan shaxsning
ko‘rsatuvlarini rad etgan bo‘lsa, o‘tkazilayotgan tajribalarda mazkur
sub’ektning ishtiroki ayniqsa foydali va psixologik jihatdan muhim
bo‘ladi. Ilgari bergan ko‘rsatuvlarining haqiqatga zid ekanligini tajribada
ko‘rgach, gumon qilinuvchi, guvoh ko‘pincha haqqoniy ma’lumotlarni
beradi.
SHuni ta’kidlab o‘tish lozimki, tergov eksperimentini o‘tkazishda
gumon qilinuvchi, ayblanuvchining ishtiroki ixtiyoriy bo‘lishi kerak.
Mazkur tergov harakatida guvoh-shohidlar va jabrlanuvchilar o‘z
217
ixtiyoriga qarshi ishtirok etishi ham muammolarni keltirib chiqaradi,
ayniqsa ularning shaxsiy, sub’ektiv xususiyatlari tekshirilayotgan bo‘lsa.
Agar ular tergov eksperimentida ishtirok etishga majbur qilingan bo‘lsa,
erishilgan natijalarga aniq baho berish qiyinlashadi.
Tergov eksperimentini o‘tkazishga kirishishdan oldin tergovchi
uning ishtirokchilariga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishi, rejalashtirilgan
tajribalar maqsadini va har bir ishtirokchining rolini tushuntirishi lozim.
Bunda guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatuv berishdan bo‘yin
tovlaganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun javobgarlik
to‘g‘risida ogohlantirilishi kerak.
Tajriba harakatlarini o‘tkazishdan oldin o‘rganilayotgan hodisa
sharoitlari tekshirilayotgan ko‘rsatuv yoki tusmollarga to‘la muvofiq
holda tiklangan bo‘lishi lozim. Buning uchun gumon qilinuvchi,
ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning har biriga alohida-
alohida o‘zi qatnashgan yoki shohid bo‘lgan hodisaning sharoit va
holatlarini tiklash taklif qilinishi mumkin. Ushbu qoidaga rioya etish
tergov eksperimenti natijalarining ishonchliligini ta’minlaydi, shu
sababli prinsipial ahamiyatga ega.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh,
mutaxassis va ekspertga eksperiment yuzasidan savol berilishi mumkin.
Sudning ijozati bilan eksperimentda ishtirok etayotgan shaxslarga
taraflar ham savol berishi mumkin. Taraflar va eksperimentda ishtirok
etayotgan boshqa shaxslar surishtiruvchining, tergovchining va sudning
e’tiborini, ularning fikricha ish holatini aniqlashga yordam berishi
mumkin bo‘lgan barcha holatlarga qaratishga, eksperiment sharoitiga
aniqlik kiritishni va tajriba harakatlarini takrorlashni talab qilishga
haqlidir. Ko‘rsatuvi tekshirilayotgan shaxs eksperiment munosabati
bilan o‘zining qo‘shimcha so‘roq qilinishini talab qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |