1-MA’RUZA
KIRISH. YOG’LAR VA MOYLI HOM ASHYOLAR KIMYOSI FANINING
YOG’ VA MOYLAR TEXNOLOGIYASIDAGI O’RNI
Reja: Moyli o’simliklar haqidagi fanning rivojlanish tarixi. Moyli o’simliklar
urug’i asosiy moyli xom ashyodir. Yog’larning ahamiyati. Yog’lar va ularni qayta
ishlash mahsulotlarining texnik qo’llanilishi. Yog’lar lipid guruhining a’zosi
sifatida. Yog’lar kimyosining rivojlantirishda o’zbek va xorijiy olimlarning ishlari.
O’zbekistonda moyli xom ashyolarni asosiy turlari. Moyli oziq-ovqat sanoati
chiqindilari.
Qadim zamonlardayoq, odamlar moyni olish mumkin bo’lgan o’simliklardan
foydalanishgan. Ular avvalo, tarkibida moyi juda ko’p va oson ajratib olish mumkin
bo’lgan o’simliklardan foydalanishgan (zaytun,palma moylari). Asta-sekin yovvoyi
o’simliklar, qishloq xo’jalik ekinlariga aylantirilib, moy ishlab chiqarish hunari
paydo bo’lishiga va yog’-moy sanoatining tarkib topishiga sabab bo’ldi.
Bugungi kunda asosiy o’rinni yog’li o’simliklarning madaniy turlari tutadi.
Ular yovvoyi turlardan unumdorligi bilan farq qiladi. Yog’larni ishlab chiqraish
texnologiyasi, yog’li urug’lar va yog’lar xususiyatini o’rganishdan ilgarilab ketdi.
Yog’larni iste’mol qilish va ishlab chiqarishga bir necha ming yil bo’lishiga
qaramay, ularni o’rgana boshladi.
1669-yilda Taxenius, 1741-yilda Joffrua yog’lar tarkibida kislota xususiyatiga
ega bo’lgan modda borligini aytishdi.
XVIII asrda o’simliklar va ularni qayta ishlash mahsulotlarini o’rganishga katta
ahamiyat berila boshladi. Tadqiqotlar asosan o’simliklarning kimyoviy tarkibini
o’rganishga yo’naltirilgan edi.
1783-yil V.V. Sheyele zaytun yog’ini parchalab, hosil bo’lgan mahsulotlarning
biri shirin modda ekanini aniqladi.
1823-yilga kelib M.E. Shevrel yog’ tarkibini, strukturasini aniqladi. Olein,
stearin kislotalarini ajratib oldi.
XIX asrning 40-yillariga kelib O.B. Sossyur ayrim yog’li urug’larni unib
chiqishini o’rganib, ular tarkibidagi yog’larning uglevodlarga parchalanishini
aniqladi. Keyinchalik Peluz butun, shikastlanmagan yog’li urug’larda neytral yog’
bo’lishi, maydalangan urug’larda esa bir qancha vaqtdan so’ng glitserin va erkin
yog’ kislotalar hosil bo’lishining asosiy sababi fermentlar ta’siridan degan fikrni
bildirdi.
1871-yil A.E. Lyaskovskiyning va 1883-yil A.S. Faminsinning asarlari
o’simliklarda modda almashinuv jarayonlarini chuqur analizi bo’lib, rus tilidagi
birinchi o’simliklar fiziologiyasi va bioximiiyasi darsligi keyingi ilmiy izlanishlarga
asos bo’ldi.
1890-yil D.E. Grin unib chiqayotgan kanakunjut tarkibida birinchi o’simlik
fermenti - lipazani o’rgandi.
1903-yil D. Belan bug’doy unini saqlash jarayonida uning tarkibida erkin yog’
kislotalar miqdori oshib borar ekan. Shunga qarab uning yangi yoki eskiligini
aniqlashni tavsiya etdi. Shu vaqtga kelib, meva va urug’ning asosiy xususiyatlarini
ular tarkibidagi lipidlar-yog’simon moddalar belgilashi aniq bo’ldi.
1924-yilga kelib S.L. Ivanov o’simlik yog’larining kimyoviy tarkibi ularning
geografik kelib chiqish o’rniga bog’liqligini aniqladi. Masalan, aynan bir o’simlik
shimoliy yoki tog’li hududlarda o’stirilsa, uning yog’i tarkibidagi yog’ kislotalari
ko’proq to’yinmagan bo’lsa, janubiy yoki tekisliklarda o’stirilsa yog’ kislotalari
ko’proq to’yingan bo’ladi.
A.M. Goldovskiy 1941-yilda shuni aniqladiki, o’simliklarda bir organik
guruhga kiruvchi individual modda emas, balki o’xshash moddalar bo’ladi.
1943-53-yillarda F.A. Lipman va F. Nyukomb yog’ kislotalar sintezida
koferment A ishtirok etishini aniqlashdi va tasdiqlashdi.
Umumiy bioximiya fanining rivojlanishi yog’li o’simliklar kimyosining
rivojlanishi uchun qo’llanilgan ilmiy asoslar yaratib berdi.
1953-yilda D.D.Uotson va X.K. Kriklar DNK molekulasi 2ta zanjirdan tashkil
topganini isbotlashdi. 1963-yilda Nirenberg butun tirik mavjudot oqsil molekulasi
strukturasini belgilovchi genetik kodning nima bilan shifrlanishini aniqlab berdi.
Nihoyatda mukammal avtomatlashgan analitik tadqiqot usullarining vujudga
kelishi, oqsil strukturasini hatto aminokislotalar ketma ketligini aniqlash
imkoniyatini berdi. Zamonaviy tadqiqotlar hujayra membranalariga ta’sir etish
orqali, biomembrana tarkibiy komponentlarining shu ta’sirga javob reaksiyasi,
hujayra faoliyatini boshqarish kabi masalalarni hal qilmoqda. Chunki
biomembranalar
urug’lar tarkibida to’planuvchi ko’pgina moddalarning
xususiyatini belgilaydi.
O’zbekistonda hozirgi kunda o’simliklar, yog’li urug’lar va yog’li xom
ashyolar borasida Oziq-ovqat loyiha ilmiy tekshirish instituti, o’simlik moddalari
kimyosi instituti va boshqa oliygohlarda tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Yog’larni ishlab chiqarish va qayta ishlashning ekologik toza, chiqitsiz
texnologiyalarini joriy qilish, injener-texnologlardan yog’li xom ashyolarda
bo’ladigan kimyoviy va biokimyoviy jarayonlarni chuqur bilishni talab qiladi.
O’simlik yog’lari o’simliklar to’qimalarida keng tarqalgan. Lipidlar o’simlik
hujayralarining asosiy moddalaridan bo’lib, ayrimlarida ular juda ko’p to’planadi.
Lipidlar asosan o’simliklar urug’larida to’planib, ayrimlarida 50-70% gacha bo’lishi
mumkin.
Yog’larni juda ko’p miqdorda to’playdigan o’simliklar guruhi yog’li
o’simliklar deb nom olgan va ular sanoat ahamiyatiga ega bo’ladi. Sanoat
ahamiyatiga ega bo’lgan bu guruh o’simliklariga hozirgi kunda 100ga yaqin
o’simliklar kiradi. Chunki, hozirgi kunda urug’ tarkibining 1/10, hatto 1/15 qismini
yog’ tashkil qiluvchi urug’lar ham qayta ishlanmoqda. Oldin bu ko’rsatkich faqat
1/4 qismni tashkil qiluvchi urug’lar hisoblanar edi.
Urug’larning moyi va oqsil moddalari asosiy amaliy ahamiyatga ega. O’simlik
moylari boshqa bir qator komponentlar kabi odam ratsional ozuqasining asosini
tashkil qiladi. Ozuqa o’simlik moylari kulinar, salat va konservalash moylari kabi
turlari iste’mol qilinadi. Kulinariyada o’simlik moylari toza yoki margarin va
maxsus kulinar yog’lar sifatida qo’llaniladi. Salat moylari sifatida esa past haroratda
saqlab olingan va maxsus qayta ishlangan moylar qo’llaniladi. Konservalashda esa
ko’proq rafinasiyalangan olein kislotasi ko’p bo’lgan kungaboqar moyi, paxta moyi,
zaytun, yeryong’oq, kunjut moylari ishlatiladi.
Texnik o’simlik moylari xalq xo’jaligining turli sohalarida keng qo’llaniladi.
Jumladan toza xoldagi yog’ kislotalar ajratib olish, sovun mahsulotlarini tayyorlash
va oksidlanadigan moylar olif, lok, bo’yoq, linoleum, maxsus suv o’tkazmaydigan
matolar tayyorlashda ishlatiladi.
Ayrim o’simlik moylari (kastor, zaytun, bodom va boshqalar) tibbiyot va
kosmetik preparatlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.
Moyli urug’lardan olinadigan oqsil moddalar odam va hayvon ozuqasining
biologik qiymatini oshiruvchi qo’shimcha sifatida ishlatiladi.
Moyli urug’lar urug’ va meva po’stlari asosan sellyulozadan tashkil topganligi
sababli spirt ishlab chiqaruvchi gidroliz zavodlariga xom ashyo bo’lib xizmat qiladi.
Moyli urug’lar va ularni qayta ishlash mahsulotlari moylar va oqsillardan
tashqari bir qator biologik aktiv birikmalar bo’lgan vitaminlar va provitaminlarga
ham boydir (tokoferollar, steroidlar, karatinoidlar va boshqalar). Undan tashqari
moyli urug’lar boshqa urug’lardan xilma xil fosfolipid kompleksi hamda makro- va
ultramikroelementlar to’plamining miqdori bilan ajralib turadi.
Moyli urug’larning kimyoviy tarkibi ularni sanoatda kompleks qo’llash
imkoniyatini yaratadi. Moyli urug’larni yig’ib olish, qayta ishlash va saqlash
texnologiyalari, ular tarkibidagi barcha qimmatli moddalar to’plamini tayyor
mahsulotlar tarkibida saqlab qolishga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.
Bugungi kunda jahon miqyosida ozuqa o’simlik moyi sifatida 1-o’rinda soya
moyi, 2-o’rinda palma moylari, 3-o’rinda kungaboqar moyi, 4-o’rinda raps moyi va
keyingi o’rinlarda chigit, zaytun, kunjut, saflor va boshqa moylar qo’llanilmoqda.
Moyli urug’larning kimyoviy tarkibi sanoatda o’simlik moyli xom ashyosidan
kompleks foydalanish uchun katta imkoniyat yaratadi. Yig’ishtirib olish,
yig’ishtirishdan keyingi qayta ishlash, saqlash va moyli urug’larni qayta ishlash
texnologiyasi o’simlik moyli xom ashyosini tayyor mahsulot xolida maksimal
saqlash maqsadida hamma boy komponentlarga ega bo’lishi zarur. Shu maqsadda
chiqitsiz ishlab chiqarish jarayonida hosil bo’layotgan o’simlik moyini ekologik
toza, atrof muhitga zarar yetkazmay, moyli urug’lar tarkibidagi hamma foydali
elementlarni saqlab qolgan holda, moyli xom ashyoni qayta ishlash
texnologiyalarini qo’llash zarur hisoblanadi.
O’zbekistonda asosiy moyli urug’ sifatida paxta chigiti ishlatiladi. Keyingi
vaqtlarda paxta dalalari qisqartirilishi natijasida, paxta chigiti o’rnini qoplay
oladigan boshqa moyli o’simliklar ekish ishlarini amalga oshirish orqali
respublikamiz uchun noan’anaviy moyli o’simliklardan kungaboqar, maxsar
o’simliklarining seleksiyasi va maxsar moyini qayta ishlash texnologiyasi
o’rganilmoqda.
Shunday qilib moyli urug’larning va yog’larning kimyoviy tarkibini o’rganish,
ularni sonini oshirish, qayta ishlashni takomillashtirishga asos bo’lib xizmat qiladi.
Bu fan oldingi o’tilgan “Umumiy biokimyo” fanining mantiqiy davomi bo’lib,
mutaxasislik fanlari: “O’simlik moylari ishlab chiqarish texnologiyasi” va
“Yog’larni qayta ishlash texnologiyasi” kurslari bilan uzviy bog’liq.
Takrorlash uchun savollar
1. Moyli o’simliklar va moylar haqidagi fanning rivojlanish tarixi.
2. Qanday o’simliklar moyli o’simliklar deyiladi?
3. Moyli urug’larning asosiy moddalari qanday Amaliy ahamiyatga ega?
4. Fanning maqsadi va ahamiyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |