www.ziyouz.com kutubxonasi
41
YULDUZ
Yulduz, kechir meni, kechir, yulduzim,
Iqboling kulsa ham baxting kulmadi.
O‘zimga mahliyo bo‘ldim-u o‘zim
Ko‘nglingni olishga vaqtim bo‘lmadi.
Men senga muhtojman, intiqman, zorman,
Bilmayman, bormanmi-yo‘qmi, yodingda.
Agar aybdor bo‘lsam, yolg‘iz aybdorman –
Xudoning oldida, sening oldingda.
Kechalar yodimga tushganda ko‘zing,
Somon yo‘llarida changidi kulim.
Osmonim muattar aylagan o‘zing,
Hamishabahorim, hamishagulim!
O‘zimdan, ehtimol, seni asradim,
Bildimki, men bilan baxting kulmaydi.
Yig‘lasam, yig‘iga sig‘mas hasratim,
She’rda hamma gapni aytib bo‘lmaydi.
Yulduzni etaklab Shoshga kech kirsa,
Farg‘onajonimga oqadi dilim.
Meni unutmagin, meni kechirma,
Hamishabahorim, hamishagulim!
2003
Do'stlaringiz bilan baham: |