www.ziyouz.com kutubxonasi
33
Uzr, oldim vaqtingizni,
Koshki, gapdan foyda bo‘lsa.
Nima qilay, o‘sha qizni
Sog‘inaman qayda bo‘lsa.
2002
ONAJON
Goho sizning borligingiz unutdim,
Yo‘llarimda zorligingiz unutdim.
Umidlari kesilgan bu dunyoda
Yolg‘iz umidvorligingiz unutdim.
G‘animatim, omonatim – onajon.
Oshno topdim, valekin do‘st topmadim,
Oqko‘ngilli bir qorako‘z topmadim.
Shamollarga sovurdim gul so‘zlarni,
Lekin Sizga bir shirin so‘z topmadim.
G‘animatim, omonatim – onajon.
Ba’zan falak menga bag‘ritosh keldi,
Ishonganim g‘animga yo‘ldosh keldi.
Omad ketsa, hamma kuldi ustimdan,
Faqat Sizning ko‘zingizga yosh keldi.
G‘animatim, omonatim – onajon.
Fursat o‘tib, sochga qirov qo‘narkan,
Sevgi otashlari asta so‘narkan.
Barcha tuyg‘u aldamchi va o‘tkinchi,
Ona mehri yolg‘iz sobit qolarkan.
G‘animatim, omonatim – onajon.
Hoki poyingizni ko‘zimga suray,
O‘zim yarim ko‘nglingizni to‘ldiray.
Bir chekkaga surib qo‘yib dunyoni,
O‘g‘il bo‘lib, yoningizda o‘ltiray.
G‘animatim, omonatim – onajon.
2000
BILSANG EDI...
Kel, deganda, noz qilmasdan kelsang edi,
Gul berganda, qayrilmasdan olsang edi.
O‘zing qandoq yaxshiliging bilasan-u,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
www.ziyouz.com kutubxonasi
34
Bu dunyoga ozib-yozib bir bor kelib,
Nahot o‘tsam hijronlarda bag‘rim tilib?
Sen yurasan dardim bilmay, qadring bilib,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Muzni qanday kuydirishni bilasan-a,
Suymaganni suydirishni bilasan-a,
Laylolardan qolgan ishqni bilasan-a,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Chora istab bechoraman men chorasiz,
Fe’ling sabab ikkimiz ham ovoramiz.
Ichi qora qiz ekansan, e qora qiz!
Seni qanday sevishimni bilsang edi!
Etti iqlim, suv-havoni bilasan-u,
Beshta qit’a, yer-samoni bilasan-u,
Menga qara, har baloni bilasan-u,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!
2004
DILIM XUFTON
Dilim xufton, kunduzimni tunday qilib,
Uchrashuvga kelmadi u, shunday qilib.
Xo‘rliklarim kelib ketar turib-turib,
Endi uni unutayin qanday qilib?
Ismimni hech aytolmasdi, uyalardi,
U jilmaysa, kun chiqqanday tuyulardi.
Ismin aytsam, olamga nur quyilardi,
Endi uni unutayin qanday qilib?
Ko‘zim yumib ochsam agar, sog‘inardim,
Chekib dardlar, yozib xatlar sog‘inardim,
Barmoqlarin o‘pib, battar sog‘inardim,
Endi uni unutayin qanday qilib?
Dilim xufton, kunduzimni tunday qilib,
Va’dasida turmadi u, shunday qilib.
Balki bir kun so‘zlarini unutarman,
Ko‘zlarini unutayin qanday qilib?
Xudo, deyman, g‘amga to‘lsin yuraklari,
Meni o‘ylab, ado bo‘lsin yuraklari.
Birovlarni sevmay o‘lsin yuraklari...
Sizni kuylayman (she’rlar to’plami). Iqbol Mirzo
Do'stlaringiz bilan baham: |