www.ziyouz.com kutubxonasi
65
oqimga qarab turardi. U titrab ketdi.
— Meni qo‘yib yuboring, mister Tis. Men u yoqdan pulingizni yuboraman, chin vijdon so‘zim.
— Menga qara, Belter. — Tis negrning shim tasmalaridan ushlab oldi, arfa torlari kabi goh unisini,
goh bunisini tortar ekan, osmonga qaradi va ijirg‘anib pishqirdi-da, qoq suyak barmog‘i bilan
falakdagi xudoga ishora qildi. — U yoqda seni nima kutayotganini bilasanmi, Belter?
— Menga nimalar aytishgan bo‘lsa, shuni bilaman.
— Unga aytishganmish! Iso Masih haqida! Yo‘q, eshitdilaringmi, unga aytishganmish! — U xuddi
qo‘g‘irchoq o‘ynagandek Belterning shim tasmasidan tutgancha naridan-beri chayqar va barmog‘ini
uning yuziga nuqir edi. — Gaplarim esingda bo‘lsin, Belter. To‘rtinchi iyuldagi masxarabozlikka
o‘xshab tepaga chiqdilaringmi — tamom! Sizlardan bir hovuch kul qoladi. U ham butun koinotga
sochilib ketadi. Bu mahmadona olimlar baloni ham bilishmaydi, ular hammangizni asfalasofilinga
jo‘natadi.
— Menga baribir.
— Yana yaxshi! Chunki u yerda, sizning o‘sha Marsingizda, bilasanmi, sizlarni nima kutayapti?
Qonxo‘r darranda, ko‘zlari — mana bunaqa! Kosasidan chiqqan! Bir gal jurnallarda kelajak haqidagi
bir suratni ko‘rib qoluvdim, tamaddixonamizda donasini o‘n tsentdan sotishardi, xuddi o‘shanga
o‘xshab, shartta sizlarga tashlanadi-da, bor iligingizni so‘rib olishadi!
— Menga baribir, baribir, baribir. — Belter o‘rmalab borayotgan oqimdan ko‘z uzmagan holda dedi.
Qop-qora manglayda ter paydo bo‘ldi. U hozir hushdan ketadigandek ko‘rinardi.
— U yerdagi sovuqni aytmaysanmi? Havo ham yo‘q, gupp etib yiqilasan-da, baliqdek tipirchilaysan.
Og‘zingni kappa-kappa ochasan-da, jon berasan! G’ujanak bo‘lasan, bo‘g‘ilasan va o‘lasan! Qalay, shu
senga yoqadimi?
— Menga yoqadimi, yoqmaydimi, baribir... Iltimos, ser, meni qo‘yib yuboring. Kechikayapman.
— Qachon xohlasam shunda qo‘yib yuboraman. To sen shu yerda ekansan, ikkalamiz miriqib
gaplashib olamiz, buni o‘zing ham juda yaxshi bilasan. Shunday qilib, safarga ketayapman, de? Xo‘sh,
gap bunday; mister “Osmoni falak sari”, uyga qaytgin-da, tinchgina anovi elliktalik ko‘kni to‘lashni
o‘yla! Senga muddat — ikki oy.
— Axir, ser, qarz to‘lagani qolsam, raketaga kech qolaman-ku!
— Obbo, baloi azim-ey! — Tis o‘zini bechorahol qilib ko‘rsatishga harakat qildi.
— Mening otimni olaqoling, ser.
— Ot qonuniy to‘lov vositasi deb e’tirof etila olmaydi. Sendan pul undirmagunimcha hech qayoqqa
ketmaysan.
Tis xursand edi. Kayfiyati a’lo darajada edi.
Do‘kon oldida bir to‘p qora tanli odamlar to‘planishgandi. Ular nimagadir quloq solib turardilar.
Belter boshini egib turar, butun vujudi dag‘-dag‘ titrardi. Bir vaqt xaloyiq ichidan bir chol chiqib keldi.
— Mister!
Tis unga qaradi.
— Xo‘sh?
— Bu odam sizdan qancha qarzdor?
— Burningni suqma, itvachcha!
Chol Belterga o‘girildi.
— Qancha, o‘g‘lim?
— Ellik dollar.
Chol uni qurshab turgan odamlarga qop-qora qo‘lini cho‘zdi.
— Bizlar 25 nafarmiz. Har birimiz ikki dollardan beraylik, tezroq bo‘linglar, hozir pachakilashib
o‘tiradigan vaqt emas.
— Bu tag‘in nimasi? — qichqirdi Tis gavdasini g‘oz tutib. Hammaning qo‘lida pul paydo bo‘ldi. CHol
pullarni shlyapasiga to‘pladi-da, uni Belterga topshirdi.
— O’g‘lim, — dedi u, — sen raketaga kechikmaysan.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |