www.ziyouz.com kutubxonasi
31
— To‘xta! — qichqirdi kapitan Blek.
Birin-ketin eshiklar gup-gup etib yopildi.
Quyoshning jazirama harorati bahor osmoni bo‘ylab yuqoriga o‘rlar edi, shaharcha uzra sukunat
cho‘kdi. Karnay va nog‘oralar burchak ortida g‘oyib bo‘ldi. Tashlandiq raketa bitta o‘zi charaqlab turar,
quyosh nurlari bilan o‘ynashmachoq o‘ynayotgandek edi.
— Qochoqlar! — baqirdi komandir. — Ular kemani shundoq qoldirib ketishibdi! Hali mendan ko‘radi
ular! Ularga buyruq berilgan edi!..
— Kapitan, — dedi Lyustig, — bunchalik qattiq ketmang. Qarindosh-urug‘laringiz bilan
ko‘rishgancha...
— Bu bahona bo‘lolmaydi!
— Axir kema oldida tanish chehralarni ko‘rganlarida ular o‘zlarini qanday his qilishlarini ko‘z
oldingizga keltirsangiz-chi!
— Ularga buyruq berilgan edi, jin ursin!
— Siz nima qilgan bo‘lardingiz, kapitan?
— Men buyruqni bajargan bo‘lardim... — Shunday deya u og‘zini ochgancha qotib qoldi.
Trotuardan Mars quyoshi nurlari ostida 26 yoshlardagi, ko‘zlari haddan tashqari moviy, novcha bir
yigit jilmaygancha ular tomon yaqinlashib kelardi.
— Jon! — qichqirdi u va ular tomon otildi.
— Nima? — dedi kapitan Blek shoshib.
— Jon, keksa kazzob!
Yugurib kelib, haligi erkak kapitanning qo‘lini qisdi-da, yelkasidan qoqib qo‘ydi.
— Senmisan?.. — dovdirab qoldi Blek.
— Bo‘lmasam-chi, mendan boshqa kim bo‘lardi!
— Edvard! — kapitan Lyustig va Xinkston tomonga o‘girildi, — notanish kishining qo‘lini hamon
qo‘yib yubormayotgan edi. — Bu mening akam Edvard. Ed, mening do‘stlarim bilan tanish: Lyustig,
Xinkston! Mening akam!
Ular bir-birlarining qo‘llarini siqishdi-da, so‘ng quchoqlashishdi.
— Ed!
— Jon, dangasa!
— Ko‘rinishing chakki emas, Ed! Shoshma-shoshma, bu qanaqasi? Shuncha yillar o‘tib sira
o‘zgarmabsan-ku? Axir o‘lganingda... o‘lganingda sen ham 26 yoshda, men esa 19 da edim. Ey,
xudoyim-ey, shuncha yillar o‘tib, shuncha suvlar oqibdiki, to‘satdan bu yerda ko‘rishib qolganimizni-
ey! Buni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Oyim kutib turibdilar, — dedi Edvard Blek jilmaygancha.
— Oyim?!
— Otam ham.
— Otam?!
Kapitan qattiq zarba yegandek bir chayqalib tushdi va itoatsiz oyoqlari bilan bir-ikki qadam olg‘a
tashladi. — Otang va onang tiriklarmi? Qaerda ular?
— Eski uyimizda, Dub ko‘chasida.
— Eski uyimizda... — Kapitanning ko‘zlari hayajon va hayratdan chaqnab ketdi. — Eshitdingizmi,
Lyustig, Xinkston?
Biroq Xinkston ularning yonida yo‘q edi. Ko‘chaning narigi uchida o‘zining uyiga ko‘zi tushib, o‘sha
tomonga ketib qolgan edi. Lyustig kulib yubordi.
— Odamlarimizga nima bo‘lganini endi tushungandirsiz, kapitan? Ularni hech narsada ayblab
bo‘lmaydi.
— Ha, ha... — kapitan ko‘zlarini qisdi. — Hozir ko‘zlarimni ochaman-da, sen ham yo‘q bo‘lasan. —
U kiprik qoqdi. — Sen shu yerdasan! Yopiray, Ed, ko‘rinishing shunaqangi zo‘rki!
— Ketdik, tushlik qilamiz. Men oyimga aytib qo‘ygan edim.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |