871
Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotning
ko‘pgina jabhalari qatori adabiyot sohasida ham tub o‘zgarishlar va yangicha
izlanishlar amalga oshirila boshladi. Shubhasiz, bunday yangilanishlar istiqlol
davridagi nasr, dramaturgiya, publitsistika bilan bir qatorda she’riyatda ham
kuzatiladi. Adabiyotshunos Q. Yo‘ldoshev aytganidek: “Istiqlol butun o‘zbek
millatini dunyoga, dunyoni esa o‘zbekka yaqinlashtirgan bo‘lsa, istiqlol
she’riyati har bir o‘zbekni o‘z ko‘ngliga yaqinlashtirdi, uning adoqsiz
labirintlarini, purviqor cho‘qqilarini, tubsiz teranliklarini, xullas, alohida
qalbning naqadar poyonsiz va serqirra ekanligini aks ettirdi. Uning har bir
qirrasi olam hodisalari qadar murakkab va jilvagar ekanligini anglatdi. Odamni
bilish olamni bilishdan mushkulroq ekanligini ifodaladi” (3. 86). Darhaqiqat,
endilikda istiqlol davrida yaratilayotgan she’riyatni o‘rganish, uni anglash va
ta’lim tizimida o‘qitishga ham o‘ziga xos tamoyillar asosida yondashuv
zarurdir.
Respublikamiz Prezidenti SH. Mirziyoev ta’kidlaganlaridek: “Biz ta’lim
va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon talablari
asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz”
(1. 3). Prezidentimizning ushbu fikrlari bevosita adabiy ta’limga ham
taalluqlidir. Ijodkorlarimiz asarlarini yangicha ta’lim usullari asosida o‘rgatish
orqali yosh avlodni zamonaviy talablarga javob bera oladigan inson sifatida
kamol topishlariga erishishimiz lozim. Ayniqsa, shoirlarimiz she’rlarini
o‘qitishda o‘quvchilarning vizual fikrlashini rivojlantirishga alohida ahamiyat
berish muhimdir. Chunki vizual fikrlash muammoli vazifalarning ijodiy
yechimi bo‘lib, hissiy anglash va bir-biriga yaqin jihatlarni taqqoslash
yetakchilik qiladi.
Darsda vizual usullardan foydalanish mashg‘ulotlar samaradorligini
oshiradi, asarni o‘rganishga qiziqish uyg‘otadi va o‘quvchi fikrlash qobiliyatini
kengaytiradi. O‘quvchi bilimining mazmunliligi, ravshanligi va mustahkamligi
adabiyot darslarida vizual vositalarni mohirona va o‘z vaqtida ishlatishga ham
872
bog‘liqdir. Ta’lim tizimida vizual vositalardan foydalanish o‘qituvchining
maqsadga tez va oson erishishiga yordam beradi.
Avvalo, ushbu atamaning lug‘aviy ma’nosiga ahamiyat beradigan bo‘lsak,
vizual, vizullashtirish so‘zi lotin tilidagi visualis so‘zidan olingan bo‘lib,
o‘zbekchada ko‘rgazmali degan ma’noni bildiradi. Lug‘atlarda bu so‘z turli xil
ma’nolarda keltiriladi.
Vizual – (lotin tilida visualis vizual) ko‘z bilan ko‘rilgan, xotira va
tasavvurlar (7. 219) dir. “Bolshoy ensiklopedicheskiy slovar”da esa, vizual so‘zi
lotin tilidan olingan bo‘lib, (visualis) ko‘rinadigan, ko‘z yoki optik qurilma
yordamida ishlab chiqarilgan vizual kuzatishlar (2. 204) degan ma’noni
bildiradi.
Ushbu so‘zning lug‘aviy mazmunidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ta’lim
jarayonida o‘quvchiga tushuntirish uchun qulaylik tug‘diradigan ko‘rgazmali
qurollar, tarqatmalar, axborot texnika vositalari, video va audio vositalar vizual
materiallarni tashkil etadi. Ta’lim tizimida qo‘llaniladigan vizual materiallar
g‘oyatda keng va rang-barang bo‘lib, ular darsda o‘rni bilan turli xil
maqsadlarda foydalaniladi.
Kuzatishlarimiz natijasida adabiyot o‘qitishda qo‘llaniladigan vizual
materiallarni shartli ravishda quyidagi shakllarga bo‘lib o‘rganishni tavsiya
etamiz: a) sinf yozuv taxtasi (doska) yoki plakatlar; b) taqdimotlar namoyish
qilish; d) tarqatma materiallar.
Jajji bir tadqiqot doirasida istiqlol yillarida yaratilgan shoirlar asarlarini
vizual yondashuv asosida o‘rganish haqida keng ko‘lamli ma’lumot berish
imkoniga ega emasmiz. Shuni e’tiborga olgan holda biz ushbu maqolada istiqlol
davri she’riyatini vizual yondashuv asosida o‘rganish haqidagi muayyan
kuzatishlarimizni Muhammad Yusuf ijodi misolida ifodalashga harakat qildik.
Umumta’lim maktablarining 8-sinfi dasturida ko‘pgina o‘zbek shoirlari
qatori Muhammad Yusuf ijodiga ham muayyan dars soatlari ajratilgan.
Dasturda shoirning «Vatanim», «Mehr qolur», «Yurtim, ado bo‘lmas
armonlaring bor..», «Biz baxtli bo‘lamiz» nomli she’rlarini o‘rganishga 2 soat
873
ajratilgan (6. 82). Ushbu sinf uchun tuzilgan darslik-majmuada Muhammad
Yusufning dasturda keltirilgan she’rlari beriladi (4). Darslikda shoir hayoti va
ijodi haqida ma’lumot beriladi. M.Yusuf she’rlarida insondagi yashirin
tuyg‘ularning samimiy tasvirlanishi tahlilga tortiladi.
M.Yusuf she’rlarini o‘rganishga bag‘ishlangan darsda shoir
she’riyatining jozibadorligi va ta’sirchanligini ta’minlab turgan samimiylik,
musiqiylik va tasvir o‘ynoqiligi haqida vizual yondashuv asosida fikr yuritiladi.
O‘qituvchi darsni Muhammad Yusufning “Vatanim” she’ri asosida
xonanda Sevara Nazarxon tomonidan ijro etilgan qo‘shiqni eshittirish bilan
boshlaydi. Qo‘shiqning ma’lum bir qismi o‘quvchilarga eshittirilib, ulardan
she’r muallifi, uning mazmuni haqida nimalar bilishi so‘raladi. O‘quvchilar
javoblaridan keyin bugungi mavzu Muhammad Yusuf she’rlarini o‘rganishga
bag‘ishlangani aytiladi va shoir hayotiga oid qanday ma’lumotlarni bilishlari
so‘rab o‘tiladi. Doskaga M.Yusuf portreti ilib qo‘yiladi. Rasmda aks etgan shoir
siymosiga ta’riflar beriladi. Shu orqali o‘quvchilar fikrlashga, shoir shaxsi va
asarlarini chuqurroq anglashga yo‘naltiriladi.
Ushbu darsga o‘qituvchi tomonidan oldindan slayd taqdimotlari
tayyorlangan bo‘lib, shu asosda mashg‘ulot olib boriladi. O‘qituvchi tomonidan
vizual vositalar o‘rni bilan taqdim etilib, o‘quvchilarni fikrlashga, o‘ylashga
yo‘naltirib boriladi.