Annotation. This article is dedicated to the symbols in Ahmad Azam’s novel “Dream
or Journey to the Land of Chains” and aims to shed light on the artistic features of the symbolic
images created based on the dream motif in the work. The study discusses the artistic features
of the symbols in the novel. The meanings of the symbols are given in the example of the
passages in the work.
Keywords: symbol, dream,
chain, country of Chains, mental captivity, the lock of
the heart, self
San’atkor oʻzining asari bilan biz bilgan olamdan boshqa yana bir dunyo
– tasavvurdagi ikkinchi olamni bunyod etadi. Bu olamda oʻz ideallari, orzu-
umidlari, kechirgan voqea-hodisalari, armonlari yoki xayolidagi istaklarini aks
ettiradi. Rus adabiyotshunos olimi Aleksandr Genis aytganidek: “San’atkor
oʻzining asari bilan, Yaratganning dunyosidagi shakl-u shamoyil va nusxasiga
oʻxshatib ikkinchi tabiatni yaratadi” [4]. Bu jarayonda yozuvchi ma’lum bir
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
286
badiiy g‘oyani koʻzda tutar ekan, uni turli shakldagi tasvirlash usullari orqali
kitobxonga ulashadi. Bugungi kunda zamonaviy oʻzbek romanlarida mualliflar
oʻz fikr-mushohadalarini ramzlar vositasida badiiylashtirishga harakat qilishi
uchraydi. Jumladan, Ahmad A’zamning “Roʻyo yoxud G‘ulistonga safar” nomli
romanida yozuvchi oʻzi aytmoqchi boʻlgan bir qancha falsafiy, ijtimoiy, hatto,
siyosiy fikrlarini ham ramzlar vositasida ifodalaydi. Ushbu roman Toshkentdan
yoʻlga chiqqan qahramonning Jizzax yoʻlidan ixtiyorsiz ravishda burilib borib
qolgan mamlakat tasviri va oʻzining tashrifi bilan yuz bergan voqealarga
qurilgan. U borib qolgan mamlakatning nomi G‘uliston boʻlib, “g‘ul” – “zanjir”
soʻzidan olingan. Bu mamlakatda barcha fuqarolarning zanjir taqib yurishi
qahramonimizni hayratga soladi. Odamlarining ismi yoʻq, erkaklar g‘uliy,
ayollari g‘uliya deb atalaveradi. Farzandlari dastlab zanjirsiz tug‘iladilar, soʻng
yura boshlagach, ular ham zanjirband etiladi. Ajablanarli joyi shundaki, hech
bir kishi zanjirband etilganligidan norizo emas, ozor chekmaydi, aksincha, ular
zanjirga shu qadar koʻnikib ketganki, oʻz hayotlarini zanjirsiz tasavvur ham qila
olmaydilar. G‘uliylar hikoyachi qahramon G‘ulistonga nima maqsadda kelib
qolganligini aniqlash uchun uning mashinasidan topib olingan kitobni olib
oʻqib koʻrishadi va zanjirsiz yashash mumkinligi haqida tasavvur paydo boʻlib,
e’tiqodlariga putur yetadi. Asarda g‘uliylar oʻzlarining doimiy koʻnikkan
zanjirbandlik hayotini yoki boshqa yurtdan borib qolgan kishidek (hikoya
qahramonidek) zanjirsiz yashashni tanlash-tanlamasligi ochiq qoldirilgan.
Hikoyachi G‘ulistondan yana oʻzining avvalgi ketayotgan tomoniga – Jizzaxga
ketish yoʻliga tushib olishi bilan roʻyo yakunlanadi. U yana oʻngidagi voqealarda
ishtirok eta boshlaydi.
Ahmad A’zam romanda tush va oʻngda – roʻyo va real hayotda
kechayotgan voqealarni tasvirlar ekan, asar kompozitsiyasidagi tush motivi
ramziy ahamiyatga ega voqea-hodisalarni yoritishga xizmat qilgan. Bundan
murod yozuvchi oʻzining fikr va falsafasi, tanqidiy mushohadalari yoki shaxs va
jamiyat munosabatlarining koʻz ilg‘amas qirralariga kitobxonning nazar
tashlashi uchun imkoniyat yaratishdir. “Roʻyo”da ham muallif oʻz tasavvuridagi
287
olamni tush motivi asosida badiiylashtiradi. Vargas Losa “Yosh romannavisga
xat” essesida yozuvchilarning tasavvurdagi olamni yaratishdan maqsadlari
haqida shunday deydi: “Kimki oʻzi yashab turgan voqelikdan oʻzgacha bir olam
yaratishga berilib ketgan boʻlsa, demak, u atrofini oʻrab turgan real dunyoni
qabul qila olmayapti... Bu odamlarning real hayotda erisha olmagan talab-
ehtiyojlarini, xohish-istaklarini qondirish yoʻlini tasavvurida paydo
qilishdir”[4]. Ahmad A’zamning roman kompozitsiyasini tush motivi bilan
bog‘liq ramziy obrazlarga qurishi yozuvchining ichki olamida yashiringan
atrof-olam, insoniyat, butun jamiyat, ruhan ozodlik haqidagi tanqidiy
mulohazalariga borib taqaladi. Demak, ramziy obrazlardan foydalanishda tush
motivining olinishidan maqsad oʻzi yashab turgan dunyoni G‘ulistonga
aylantirish istagi emas, aksincha, qayerdadir, qachondir mavjud boʻlgan
zanjirbandlikka(balki tarixiy tuzumdagi ijtimoiy holat, balki qalbning
zanjirbandligi, balki inson ruhiyatining majozan kishanbandligiga) qarshi ichki
bir isyondir, mana shu kishanbandlikdan ozod boʻlish istagining roʻyoviy
qondirilishidir. Roman shu sababli ham “Roʻyo yoxud G‘ulistonga safar” deb
nomlanadi.
Mahorat bilan bitilgan asarlarda chiqish yoʻllari bir nechta boʻlgan ma’no
labirintlari mavjud boʻladi. Undan toʻg‘ri yoʻlni topib chiqib keta olish
kitobxonning oʻziga havola etiladi. “Manzil”ga eltadigandek tuyuladigan yoʻllar
ham koʻp. Ularda adashmaslik, chalg‘imaslik oʻquvchidan oʻziga yarasha estetik
tafakkurni, badiiy didni talab qiladi. Ahmad A’zam ham ushbu asari bilan
oʻzining badiiy g‘oyasini amalga oshirishga xizmat qiluvchi ramziy labirintlarni
taqdim etadiki, bu ramzlarning mohiyatini birma-bir oʻrganib chiqish
maqsadga muvofiqdir:
Hikoyachi qahramon borib qolgan G‘uliston mamlakati ramziy olingan
joy nomidir. Muallif erksizlikni tasvirlash uchun “zanjir”, “kishan” soʻzlarining
tarixiy varianti boʻlgan “g‘ul” soʻzidan foydalanishi ushbu voqealarning
oʻtmishda boʻlib oʻtganligiga ishora qiladi. Ammo kompozitsion jihatdan
roʻyoviy mamlakatga beixtiyor borib qolish shu qadar jonli tasvirlanadiki, asar
288
syujeti kitobxonda zanjirga bandi insonlar yashaydigan hudud hozirda ham
bordek tasavvur uyg‘otadi. Bu esa erksizlikning nafaqat real tarixiy
voqeligidan, balki bugungi kun nuqtayi nazaridan olinganda, ba’zi insonlardagi
qalbning kishanbandligidan, qulflanganligidan dalolat beradi. Muallif nega
yaratilgani-yu, nega yashayotganligini anglamaydigan, yuragi qulf insonlarni
ongida bir joyga toʻplab, tasavvuriy bir mamalakat yaratadi va unga “G‘uliston”
deya nom beradi. Shuning uchun ham bu mamalakatni hikoyachidan boshqa
hech kim koʻrmaganligi ta’kidlanadi: “Shu bugungi kungacha G‘ulistonga bitta
men borib qaytganman…Alalxusus, g‘uliylarni bu dunyoyimizga oshkor etish
bitta mening chekimga tushib turibdi…”[1,7].
“Lekin men koʻrgan G‘uliston shunday mamlakat ediki, uning oʻzi xayol,
u yerda yozuvchi odamning og‘zini ochib tomosha qilishdan boshqa hech ish
qoʻlidan kelmaydi”[1,8], degan jumlaga e’tibor qaratsak, romanda tasvirlangan
G‘ulistondagi hayot inson erkining, ruhining doʻzaxiy makoni, hatto u xayol
boʻlsa ham, hatto u tush boʻlsa ham, na uni, na u yerdagi odamlarni oʻzgartirib
boʻlmaydi. Yozuvchining, ya’ni bu dunyoni qabul qilolmayotgan, g‘ayriinsoniy
ekanligini koʻrib turgan, “hayotning asli” nima ekanligini ularga
uqtirolmayotgan, fikrlayotgan insonning “tomosha qilishdan boshqa hech ish
qoʻlidan kelmas”ligi orqali muallif inson tiynatidagi ahvolga ham ishora qiladi.
Demak, G‘uliston mamlakati ramzida quyidagi ma’no qatlamlari mavjud:
G‘uliston – ijtimoiy xususiyatga ega boʻlib, tarixiy tuzum vaqtida oʻzini qiynagan
erksizlik muammosini hech kim bilan ochiq soʻzlasha olmagan odamlarning
yashash hududi, yakka inson unga qarshi chiqishi mahol; G‘uliston – insonning
botinidagi, ruhidagi qullikni, nafsni yengishga ojiz insonlarning muallif
tasavvurida yaratilgan xayoliy mamlakati; G‘uliston – yolg‘on havaslar zanjiriga
bandi boʻlgan, dunyoga va bandasiga hukmron boʻlaman degan, nafsdan qutula
olmagan, qutulishni-da istamagan qalbdir.
Zanjir ramzi. Ushbu asar syujetini harakatlantiruvchi, qahramonlar
psixologiyasini ochib beruvchi, roviyning fikr va mulohazalari oqimini
yoʻnaltirib boruvchi asosiy ramz bu – zanjir. Hikoyachining roʻyosida kechgan
289
barcha voqealar zanjir bilan bog‘lanadi. Shuning uchun g‘ul, ya’ni zanjirni
romanning yadroviy ramzi deb atash mumkin. Chunki qolgan barcha ramzlar –
G‘uliston, g‘uliya qiz, g‘uliylik, olma yetishtirish, halqali naqshlar, zanjirli
haykal, tozalash sabog‘i kabilarning barchasi shu g‘ul (zanjir) ramzidan oʻsib
chiqqan. Qahramon qayerga bormasin, g‘ul bilan bog‘liq narsalarga duch
kelishi bu mamlakatda zanjirga tobelikdan dalolat beradi: “Yoʻlning oʻrtasidagi
bahaybat toʻsiq – bahaybat zanjir shaklida, to ufqqacha tortilgan”[1,43],
“Chiroyli zanjirgulchin darvoza yonboshga surildi. Ikki tomoni olmazor keng
xiyobonga kirdik.”[1,48], “Bir oʻymakor, ya’ni zanjir naqshi kesib solingan
eshikni ochdilarki, sizni charchatmaslik uchun qayerda zanjir rasmi yo shaklini
koʻrsam hammasini aytavermay, bari bir sanog‘iga yetolmayman, xullas,
G‘ulistonning nomiga yarasha hamma yoqda g‘ul asari bor”[1,49],
“Odamlarning nafaqat har bir qadami, hatto nigohlari ham zanjir manfaati
uchun xufiyalar va eng zamonaviy koʻruv-eshituv uskunalari bilan nazorat
qilinadi. Bu qullik saltanatini boshqarib turuvchi koʻrinmaydi, ammo unga va
zanjirga Xudoga topinganday topinadilar”[1]. Bu kabi lavhalardan biz
mamlakat hayoti qat’iy tartib-intizomga qurilganlini anglaymiz. Majozan
olganda, nafsga mukkasidan ketgan insonning qalbi nafs zanjiri bilan shu qadar
bandi etilganki, ularning har bir harakati faqat nafsning manfaati uchun
tartiblashtirilgan, zanjir (nafs)dan bir lahza, hatto xayolda ham voz kechishni
oʻylash jinoyat deb qaraladi: “Yoʻq, – dedi qiz, – zanjirsiz qolishdan zanjirning
oʻzi asrasin! Men hatto tushimda ham…voy, uzr, hech kimga aytmang, iltimos
qilaman! “Nima, tushingizni ham tekshiradilarmi?”, deb soʻradim. Tushda
zanjirsiz yurish ham g‘uliyning asli ichida g‘uliylikka sodiq emasligiga dalolat
deb qaraladi. Men unaqa tush koʻrmayman. Misol uchun deb, og‘zimdan chiqib
ketdi. Siz eshitmadingiz, men aytmadim, oʻtinib soʻrayman, dedi qiz.”[1,93]
Ushbu tafsilot G‘ulistondagi zanjirga boʻlgan munosabatni yanada ochib berish
uchun romanga kiritilganligi shubhasiz. Demak, zanjir ramzidagi ma’no
qatlamlarini quyidagicha izohlash mumkin: zanjir – ma’lum bir tuzumning
tobelikka koʻnikishni insonlar qon-qoniga singdirish uchun qilgan usul
290
vositasi; zanjir – insondagi ruhiy erkinlikka erishish istagini kishanlab turuvchi
mayl; zanjir – nafs timsoliki, u qalbdagi barcha ezguliklarga intilish xohishini
kishanlab turadi;
Asarda G‘uliston fuqarolari olma mevasini yetishtirishlari, ayniqsa, ular
olmani juda koʻp yeyishlari haqidagi parchalar bu mevadagi temir moddasi
bilan toʻyingan organizmdan zanjirli farzand tug‘ilishi bilan bog‘liq boʻlib,
ramziy ahamiyatga ega. Chunki g‘uliylar tadqiqotida izlanishlarning bosh
yoʻnalishi – inson tanasiga temir moddasini singdirish boʻlib, buning yoʻli g‘uliy
tanasida olma yeyish orqali ferrum (temir moddasi) miqdorini oshirish.
Bundan maqsad koʻp temir moddasi toʻplagan ota-onadan boʻladigan
homiladayoq temir moddasi nozik zanjirga aylanib, tug‘ilajak farzand zanjir
bilan tug‘ilishiga erishish! Bu ilmiy izlanish hali natija bermagan boʻlsa-da,
g‘uliylar qachondir chaqaloq tanasida zanjir bilan dunyoga kelishiga qattiq
ishonishadi: “Hali biron g‘uliy bolasini boʻynida zanjiri bilan birga tug‘dirishga
erishmagan ekanlar-u, lekin, ana-mana, baribir dunyoga keladi deb, butun
G‘uliston intiq”[1,223]. Zanjirli farzand – ijtimoiy jihatdan olib qaralganda, tagi
puch mafkuraning ramzi. Inchunun, organizmda temir moddasi koʻp boʻlsa
ham, u inson tanasida hech qachon zanjirga aylanmasligi oddiygina ilmiy
haqiqat va butun jamiyatning bunga koʻr-koʻrona ishonishi esa amalga oshmas
utopik g‘oyalarga ishonishiga, hatto, e’tiqod qilishiga ishoradek, nazarimda.
Majoziy jihatdan qaralganda, zanjirli farzand – mutaassiblik ramzi. Qalban koʻr
insongina yolg‘onga qurilgan nafsiy istaklarning bardavom amalga oshishiga,
mana shu botin bilan oliy maqomda turishiga ishonadi va bu holat
G‘ulistondagi zanjirli farzand tug‘ilishini kutgan g‘uliylarning ahvoli bilan
aynan bir xil.
Muxtasar qilib aytganda, “Roʻyo yoxud G‘ulistonga safar” romani
yozuvchining fikr-mulohazalarini ramzlar vositasida aks ettiradi va uning asl
mohiyatida qalbni G‘ulistonga aylantirmaslikka, uni nafs zanjiriga bandi
etmaslikka da’vat etish yotadi, G‘uliston mamlakati va g‘uliylar hayoti ramzi
291
orqali ruhiy erkinlikdan mahrum yuraklarga koʻzgu tutgandek boʻladi hamda
undan qutulish uchun intilishga ishora qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |