187
Yasay dard o‘qlaridin bir oq uy jon gulshani ichra
Ki, ko‘nglumda toriqsa, anda kirgay mohi xirgohim.
Jon gulshani ichida dard o‘qlaridan oq uy yasayki, oy (kabi) chodirnishin go‘zalim ko‘nglimda
yayrab turolmasa, o‘shanga kir(ib istirohat qil)ar.
Oq uy – oq kigizdan yasalgan hamda Chingiziylar udumi bo‘yicha hukmdorlar va hurmatli zotlar
uchun atalgan maxsus qo‘nalg‘a hisoblanadi. Shoir ma’shuqasi uchun jon gulshani ichida dard o‘qlaridan
shunday hashamatli va e’tiborli maskan tortiq etmoqchi! Toki chodirnishin (ya’ni boshqalardan o‘zini
pinhon tutadigan) go‘zal oshiqning tor ko‘ngilda yayrolmasa, jonidagi o‘sha oq uyda farog‘at topsa.
Baytda so‘z bandani ko‘ngiliga jo bo‘ladigan ma’shuqa xayoli yoki ilohiy ma’shuq yodi haqida
ketmoqda. Unga ko‘nglini tortiq etgan shoir endi jonini ham peshkash qilmoqchi va buni shunday obrazli
tarzda go‘zal ifodalamoqda. Baytda jon gulshani, mohi xirgohim birikmalari asosida istiora san’atiga
murojaat etilgan.
Navbatdagi 424-g‘azaldagi baytga murojaat etamiz. Ushbubayt ham oshiqona, ham orifona mohiyat
kasb etib, zulma’naynlik hodisasini hosil qilmoqda:
May ichkali ul no‘shlab zohir qilur har dam tarab,
Bu nav’ ochilmoq ne ajab, andoq su ichkan gulshanim.
May ichib, u labi shirin mahbubam, har lahza hursandchilik qiladi, axir bu qadar suv ichgan
gulshanimning unday (go‘zallishib) ochilmog‘ligi ajab emas-da!
Husni ta’lil san’atiga murojaat etgan shoir may ichayotgan shirinlab ma’shuqani ochilib borayotgan
gulzorga, mayni esa gulshanni yashnatadigan suvga qiyoslaydi. Baytni orifona ma’noda izohlaydigan
bo‘lsak, komil insonning qalbi ilohiy ma’rifat sharobidan xuddi suv ichgan gulshan kabi yashnab turadi va
bu shu ma’rifatga tashna toliblar talabini yanada kuchaytiradi, obrazli qilib aytganda ularni qalbini
alangalatadi.
Devondagi 11-g‘azal sof oshiqona hisoblanib, uning faqat bir –begona bayti orifona hisoblanadi.
Boda hajridin oqarmish ko‘zlarim, ey piri dayr, Aylagil may shishasidin sindurub aynak manga.
Boda sog‘inchidan ko‘zlarim oqardi, ey mayxona sohibi, menga may shishasini sindirib, undan
ko‘zoynak yasab ber. Navbatdagi bayt orifona mazmunli begona bayt hisoblanadi. Ishq, hijron va visoldan
so‘z yuritgan oshiq o‘z fikrini, endi irfoniy mavzuga qaratadi. Boda – may istelohini ilohiy ishq yoki
ma’rifat, piri dayr – mayxona sohibi istelohini esa piri komil ma’nosida talqin etadigan bo‘lsak, baytning
ma’nosi quyidagicha sharhlanadi. Ya’ni: ilohiyishq va ma’rifatdan biribir qalbim qonmayapti shuning
uchun, ey komil ustoz, bu ma’rifat va ishq asosini qalbimga singdir. Natijada men shu tuyg‘ularga asoslanib
olamga qarab, uning mushkulotlarini mushohida etay.
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy ijodida bunday o‘ziga xosliklar ko‘plab uchraydi. Oshiqona
g‘azallarda orifona baytlarning kiritilishi ham shunday o‘ziga xosliklardan bo‘lib, ulug‘ shoirning bemisil
donishmanona dahosidan darak beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: