Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonuni.Bu qonunga ko‘ra har bir narsa bir-biri bilan
uzviy aloqada bo‘lgan va biri ikkinchisini istisno etuvchi qarama-qarshi tomonlarga, kuchlarga
ega. Bu qarama-qarshi tomon va kuchlar o‘rtasidagi kurash taraqqiyotning manbaini ifodalab,
eskining yo‘qolishi va yangining paydo bo‘lishiga olib keladi.
Borliqdagi har bir narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarning birligidan iborat
bo‘ladi. Har bir narsa va hodisa bir-birini taqozo qiluvchi va bir-birini o‘zaro inkor etuvchi
tomonlar, xususiyatlar va tamoyillarga ega. Masalan, elektr manfiy va musbat, tabiatda esa
o‘zaro tortilish va itarilish, tirik organizmda assimilyasiya va dissimilyasiya kabilar. Ana shu bir-
birini taqozo etuvchi va o‘zaro bir-birini inkor qiluvchi tomonlar o‘rtasidagi munosabat ziddiyat
deb ataladi. Xuddi shu ziddiyat qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi kurash va rivojlanishning
sababi, manbai bo‘lib hisoblanadi. Rivojlanishning har bir bosqichi o‘ziga xos ziddiyatlar va turli
qarama-qarshiliklarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va hal bo‘lishidan iborat.
Qarama-qarshiliklar va ularning o‘zaro munosabati, ziddiyat va ularning birligi
jamiyatga, ijtimoiy hodisalarga, insonga, inson faoliyatiga, hatto uning bilish jarayoniga ham
xosdir.
Taraqqiyot ziddiyatlarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va bartaraf etilishi jarayonidan
iborat ekanligini tushunib olish uchun ayniyat, tafovut, ziddiyat, qarama-qarshilik kabi
tushunchalarning o‘zaro munosabatlarini bilib olish lozim. Narsa va hodisalardagi o‘zaro
o‘xshash tomonlar birligi ayniyat deyiladi. Ayniylik narsa va hodisalarning tomonlari va
xususiyatlarining birga mavjudligini ifodalaydi. Har bir narsa yoki hodisada ayniylik bilan birga,
tafovut ham mavjud bo‘ladi. Tafovut narsa va hodisalar tomonlarining har birining farq qiluvchi
jihatlarining ifodalanishidir. Borliqda o‘z qarama-qarshi tomonlariga ega bo‘lmaydigan narsa va
hodisa bo‘lmaydi. Binobarin, ularda ayniyat ham, tafovut ham bo‘ladi.
Dialektikada qarama-qarshilik deb, borliqdagi narsa, hodisa va jarayonlarning o‘zaro
bir-birini istisno qiladigan, shu bilan birga, bir-birini taqozo etuvchi tomonlari, tamoyillari va
kuchlarining o‘zaro munosabatlari tushuniladi. Umuman, qarama-qarshiliklarni, ular orasidagi
ayniyat, tafovut, ziddiyatlarni o‘rganish qarama-qarshiliklar birligi va kurashi haqidagi
ta’limotning mohiyatini bilishga yordam beradi.
Qarama-qarshiliklar birligi va kurashi hamma sohada amal qiladi. Tabiat, jamiyat va
inson tafakkuri taraqqiyoti ayni shu sababga binoan sodir bo‘ladi. Ziddiyatlarning mohiyatini
bilmay taraqqiyotning sabablarini tushunib bo‘lmaydi.
Lekin har bir sohadagi ziddiyatlarni konkret o‘rganmoq va ularni alohida o‘ziga xos hal
bo‘lish yo‘llarini to‘g‘ri bilmoq katta ahamiyatga ega. Buning uchun ziddiyatlarning xillari,
ularning narsa va hodisalar rivojlanishi jarayonidagi rolini to‘g‘ri va aniq bilib olish lozim.
Ziddiyatlar juda xilma-xildir. Ular narsa va hodisalarning harakati va rivojlanishida
turlicha rol o‘ynaydi hamda har xil vazifani bajaradi. Ular, odatda, ichki va tashqi, asosiy va
asosiy bo‘lmagan, antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarga bo‘lib o‘rganiladi.
Ichki ziddiyat — bu narsa va hodisalarning o‘z ichidagi qarama-qarshi tomonlar, kuchlar
o‘rtasidagi ziddiyatlardir.
Tashqi ziddiyat esa narsalar va hodisalar o‘rtasidagi ziddiyatlardir.
Ziddiyatlarni o‘z xarakteriga, ularning narsa va hodisalarning rivojlanishidagi
ahamiyatiga qarab asosiy va asosiy bo‘lmagan ziddiyatlarga ham bo‘lish mumkin. Narsa va
hodisalarning mohiyatini, ularning kelib chiqish va rivojlanish qonuniyatlarini belgilab
beradigan ziddiyat asosiy ziddiyat deyiladi. Asosiy ziddiyat taraqqiyotda hal qiluvchi rol
o‘ynaydi va boshqa barcha ziddiyatlarga ta’sir ko‘rsatadi. Asosiy bo‘lmagan ziddiyatlar esa
narsa va hodisalarning ma’lum bir taraqqiyot bosqichida ular mohiyatini belgilamaydigan,
rivojlanishini o‘zgartirish kuchiga ega bo‘lmagan ziddiyatlar bo‘lib, ularning rivojlanishga ta’siri
konkret vaqtga va sharoitga bog‘liqdir.
Jamiyat hayotiga xos ziddiyatlarni tahlil qilganda, yana antagonistik va noantagonistik
ziddiyatlarni ham farq qilish zarur. Antagonistik ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari bir-biriga
tubdan zid bo‘lgan kuchlar, ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o‘rtasidagi ziddiyatlardir.
Noantagonistik ziddiyatlar jamiyatdagi manfaatlari bir-biriga mos keladigan yoki manfaatlarini
o‘zaro kelishtirish mumkin bo‘lgan ijtimoiy guruhlar va tabaqalar o‘rtasidagi ziddiyatlardir.
Keyingi vaqtda jamiyatdagi ziddiyatlarni hal qilishda qo‘llanilayotgan samarali
usullardan biri konsensus (o‘zaro kelishuv)dir.
Ziddiyatlarni o‘rganayotganda konkret sharoitni hisobga olish kerak. Davr va sharoitning
o‘zgarishi bilan antagonistik va noantagonistik ziddiyatlarni echish shakllari ham o‘zgarishi
mumkin. CHunki ziddiyatlar ham o‘zgarib, bir-biriga o‘tib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |