161
Buxoro amirligining xalq xo‘jaligida dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik,
savdo-sotiq sohalari katta ahamiyat kasb etgan. Aholidan xiroj, zakot, boj, to‘la, yaksara,
nimsara kabi soliqlar undirib olingan.
XVIII asrning ikkinchi yarmida Rossiya-Buxoro savdo va diplomatik aloqalari ancha
rivojlandi. Bunda 1774-1776, 1779-80 yillarda Ernazar Maqsudov boshchiligida va 1797-
yildagi Polvonquli qo‘rchi elchiliklari katta ahamiyat kasb etdi. XIX asr boshlarida Rossiya-
Buxoro aloqalari ancha faollashdi. Bu XIX asrning 20-yillarida O‘rta Osiyoga siqilib
kirishga harakat qilayotgan inglizlar bilan ruslar o‘rtasidagi raqobatning keskinlashuviga olib
keldi. Amirlik qo‘shni xonliklar Afg‘oniston, Hindiston, Eron davlatlari bilan ham savdo
aloqalari olib bordi. Yirik savdo-sotiq markazi bo‘lgan Buxoroda 1848 yilda 38 ta
karvonsaroy, 9 ta tim va ko‘plab bozorlar mavjud bo‘lgan.
Buxoro shahri amirlik davrida ham islom dinining markazi hisoblangan. Bu davrda
boshlang‘ich ta’lim maktabi va oliy ta’lim beruvchi madrasalar faoliyati ham ancha
yuksaldi. Bu yerda faqat O‘rta Osiyodangina emas, balki Volga bo‘ylari, Shimoliy-G‘arbiy
Hindiston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan ham bilim olish uchun talabalar kelishar
edi. Bu paytda Buxoro amirligining har bitta shaharida madrasalar bo‘lib, Buxoro shahrining
o‘zidagi 103 ta madrasadan 60 tasi asosiy ta’lim maskani sifatida mashhur bo‘lgan.
Madrasada o‘qitish 3 bosqichda amalga oshirilgan bo‘lib, uning barcha xarajatlari,
mudarrislar va boshqa xizmatchilarning maoshi, talabalar nafaqasi, kutubxona xarajatlari va
boshqalar madrasaga biriktirilgan vaqf yerlaridan keladigan daromad hisobiga qoplangan.
Madrasada fiqh, shariat asoslari, adabiyot, til, tarix, falakiyot, mantiq, falsafa, matematika
fanlari o‘qitilgan bo‘lsa ham dunyoviy ta’limga nisbatan diniy ahloqiy ta’lim berishga asosiy
e’tibor qaratilgan. Bu davr madaniy hayoti haqida adabiyot, tarix, hattotlik, musiqa san’ati
yodgorliklari, me’morchilik obidalari muhim ma’lumotlar beradi.
XIX asr adabiy hayotining ko‘zga ko‘ringan namoyondalari Mirzo Sodiq Munshiy,
shoir Hoziq, shoir Mujrim, Muhammad Sharif Shavqiy, Mulla Qurbon Xiromiy, Ahmad
Donish (1827-1897), Ochildi Murod, Meri Kattaqo‘rg‘oniy (1830-1899) va boshqalar o‘z
asarlari bilan adabiyot rivojiga katta hissa qo‘shganlar. “Mang‘it hukmdorlari tarixi” she’riy
usulda bitilgan asarlar, “Chor darvesh”, “To‘tinoma”, Poraxo‘r qozilar”, “Murid ovlovchi”
kabi asarlar bu davr adabiyotining ajoyib namunalaridir.
Mang‘itlar hukmronligi davrida ham o‘rta asr tarixnavisligining yetakchi an’analari
saqlanib qolganligini quyidagi asarlarda ko‘ramiz: Mullo Ibodullo va Muhammad
Shariflarning “Tarixi amir Haydar” va “Dastoni amironi mang‘it”, Mirolim Buxoriyning
“Fathnomayi-sultoniy”, Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi salotini mang‘itiya”,
“Dahmayi shohon” kabi asarlari, Muhammad Sharif ibn Muhammad Naqining “Toju
tavorix” asarini, Ahmad Donishning “Mang‘itlar xonadoni hukmdorlari tarixidan qisqacha
risola” asarini va Mirzo Sodiq Munshiyning “Tarixi silsiloti mang‘itiya” (“Mang‘it
hukmdorlari tarixi”) asarlari mang‘it amirlari tarixi haqidagi birlamchi manbalardir.
XVIII asr ikkinchi yarmi-XIX asr birinchi yarmi Buxoro amirligi me’morchiligi
o‘ziga xos uslubda rivojlandi. Bu davrda amirlikning bir qancha shaharlarida masjid va
madrasalar bunyod etildi. Buxoro shahrida qurilgan Domullo Tursunjon (1796-1797)
madrasasi, Xudoydod me’moriy majmuasi (1777-1855), Ernazar elchi madrasasi (1795),
1807 yilda qurilgan Chorminor majmuasi, Qarshida qurilgan Mir Muhammad madrasasi
kabi me’moriy yodgorliklar o‘zbek xalqining noyob madaniy merosidir.
Do'stlaringiz bilan baham: