www.ziyouz.com kutubxonasi
23
beriladigan azobni ko‘paytiramiz, uning mol-mulki, bola-chaqasi bizning izmimizda
qoladi, oldimizga yolg‘iz o‘zi keladi".
Zuhra jamoasidan Asvad ibn Abduyag‘us rasulullohga qarindosh bo‘la turib, har
qadamda u kishiga ozor yetkazardi. Agar u payg‘ambar alayhis-salomning sahobalar
bilan kelayotganlarini ko‘rsa: "Qaranglar, podsholar kelishyapti!" deb mazax qilardi.
Sahobalar turli tomondan tazyiqqa uchragani uchun tirikchiligini zo‘rg‘a o‘tkazishar,
engil-boshlari yupun edi. "Ha, bugun osmondan gapirmaysanmi?" deya rasulullohni
mayna qilardi Asvad. Xadichaning amakivachchasi Asvad ibn Muttolib Asadi ham
masxaralovchilardan biri edi. U musulmonlarni ko‘rsa, sheriklariga ko‘z qisib, piching
qilardi, ularni izzat-nafsiga tegib, janjal chiqarishga urinardi. Olloh Qur'oni karimda ular
haqida shunday deydi: "Mushriklar imon keltirgan kishilarni doim masxara qilib,
ustilaridan kulishadi. (Imon keltirganlar) yonidan o‘tganda ko‘z qisishadi, uylariga
maqtanib qaytishadi, musulmonlarni adashganlar deb hisoblashadi".
Abu Jahlning amakisi Valid ibn Mug‘ira quraysh oqsoqollaridan biri edi. O’ziga to‘q,
obro‘-e’tiborli bu kimsa ham payg‘ambarni masxara qiluvchilardan biri edi. Kunlarning
birida u Qur’on oyatlarini eshitib qattiq ta’sirlandi. O'z qavmi bani mag‘zum jamoasiga
kelib: "Muhammadning og‘zidan shunday so‘zlarni eshitdimki, xudo haqqi, bu insu
jinsning kalomiga o‘xshamaydi. Bu shu qadar shirin, chiroyli, boshdan-oxirigacha lutfdan
iborat so‘zlarki, har qanday baytu g‘azalni bosib tushadi. Dunyoda bundan o‘tadigan so‘z
bo‘lmasa kerak". Quraysh mushriklarining yuragiga g‘uluv tushdi: "Agar Validdek odam
dinini o‘zgartirsa bas, qolganlarni to‘xtatib bo‘lmaydi". Abu Jahl ularni xotirjam qilib:
"Amakim bilan o‘zim gaplashaman, u Muhammadning orqasidan ergashadigan jinni
emas", dedi va Validning oldiga borib, ahvolni yotig‘i bilan tushuntirdi, ota-boboning
yo‘lidan qaytish gumrohlik ekanini, hamma e’tiqod qilayotgan din qolib, ko‘zga
ko‘rinmaydigan Xudoga sig‘inish aqldan emasligini aytdi. Valid jiyaniga o‘ychan ko‘z
tashlab: "Sizlar Muhammadni jinni deysizlar, lekin uning poyintor-soyintor gapirganini
eshitganmisizlar? Uni folbin deysizlar, biroq qachon fol ochib, karomatgo‘ylik qilgan? Uni
shoir deysizlar, ammo uning she’r yozganini kim ko‘rgan. Uni yolg‘onchi deysizlar, lekin
shu paytgacha u biron kimsani aldaganmi?" deb so‘radi. Abu Jahl va unga ergashib
kelganlar bu gaplarning hammasini rad etishdi, lekin uning qanday odamligini
tushuntirib berishni o‘tinishdi. Valid bir oz sukutga cho‘mgach: "U sehrgar! — dedi. —
Agar sehrgar bo‘lmasa erni ayoldan, otani bolasidan, xo‘jani qulidan ajrata olarmidi".
Yig‘ilganlar quvonganidan qiyqirib yuborishdi. Valid ayni ularning ko‘nglidagi gapni topib
aytgan edi. Olloh Muddasir surasining 11-26-oyatlarida bu kimsa haqida shunday deydi:
"Men tanho yaratgan kishini (yani Validni) o‘zimga qo‘yib ber. Unga juda ko‘p mol-
dunyo, amriga tayyor turadigan o‘g‘illar berdim, martabasini baland qildim. U yana
ko‘proq berishimni tama qiladi. Aslo, aslo! U bizning oyatlarimizga qarshi chiqdi. Unga
qattiq azob beraman, chunki u o‘ylab rejalar tuzdi. La’natlar bo‘lsinki, qanday rejalar
tuzdi? Yana la’natlar bo‘lsinki, qanday rejalar tuzdi, a? Undan keyin qovog‘ini uyub, aftini
burishtirib, razm soldi. Takabburlik bilan orqasiga o‘girildi. Bu o‘rganilgan sehr va
insonning so‘zi, dedi. Men uni do‘zaxga solaman".
Valid haqida Qalam surasining 10-16-oyatlarida yana bunday deyiladi: "Qasamxo‘r,
past, tuhmatchi, g‘iybatchi, baxil, haddidan oshgan, gumroh, qo‘pol, ustiga-ustak otasi
noma’lum odamga itoat etma. U boy-badavlat va serfarzand bo‘lgani uchun bizning
oyatlarimiz o‘qib berilsa, qadimgilarning cho‘pchaklari deydi. Dimog‘ini kuydiradi".
Dimog‘ kuyishi xorlikning nishonasi. Yuz-et qadrli a’zo bo‘lib, yuzga joylashgan burun
g‘urur nishonasidir. Xudo qadrli qilgan. Yuzdagi qimmatli a’zoning kuyishi takabbur
insonning xor bo‘lajagiga ishoradir.
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |