O‘N OLTINCHI BOB
2005 yilning yo bahori. Durdona otasini qo‘lga olgan va har kuni televizordan
qo‘shiq aytar edi.
-Ovozingizga mahliyo bo‘ldim,-dedi unga qo‘ng‘iroq qilgan Rus maxfiy
xizmatining boshlig‘i.
-Rahmat! Andijon bo‘yichami?
-Bunaqa gaplarni telefonda gaplashmang, jonim!
-Qo‘rqadigan joyimiz yo‘q. Eshitganlar eshitaversin, zamon zamon bizning zamon!
Durdona shunday deb telefon go‘shagini joyiga qo‘yib, deraza tomonga yurdi.
Urusga katta gapirgan bo‘lsa-da negadir ko‘ngli xira tortdi. Otasi keksayib qoldi.
Hokimiyat qo‘liga qo‘nishi mumkin. Ammo uddalay olmasligi aniq. Menimcha,
oldimda ikki yo‘l bo‘ladi. Yo hokimiyatni qo‘lga olishim kerak, yoki o‘z
odamlarimdan biriga olib berishim lozim. Lekin ikki holda ham oxiri yaxshilikka
bormaydi. Ey, Xudo otamga uzoq umr ber!
U hali yaqindagina otasining o‘limini tilar edi. Birdan unga umr so‘ray boshladi.
Otam boshqa bittasiga topshirsa-chi? Qayoqqa ketaman? Ruslarni ishga solishdan
oldin ana shu savolarga javob topishim kerak.
Shu payt qizchasi yugurib keldi. Unga qarab Durdona ׃
-Bor bobongni erkalat, o‘lib qolmasin tag‘in!-dedi.
U o‘zi otaliqqa olgan gazetaning yubileyiga borishi kerakligini esladi.
Yubileyni bog‘da tashkil qilishgan ekan. Yubileyga borishdan oldin bozorga borib,
odamlarning o‘ziga munosabati qanday bo‘lishini aniqlashni ko‘ngliga tuydi.
-Oloy bozoriga hayda,-dedi u qo‘riqchisiga mashina kalitini uzatar ekan.
-Boradigan joyimiz Beshyog‘ochda-ku..
-Bozordan gul olamiz…
-Hadyalar tayyor. Ularga oddiy gul kerak emas, mana sizning o‘zingiz ular uchun
haqiqiy gul, sizni ko‘rsalar boshlari osmonga yetadi…
Xullas, u bozorga keldi. Qo‘riqchilar uning harakatlaridan shoshib qolishdi.
Durdona mashinadan tushib, bozorga qarab bir odim otishi bilan atrofini odamlar
o‘rab olishdi.
“Durdona opa, har kun eshitayapmiz, juda zo‘r! Yangilarini ham kutayapmiz!”
“Qoyilman, poshshoning qizi bo‘lsangiz ham xalqning orasidasiz!”
“Ruxsat bering. Qo‘lingizni bir marta o‘pay!”
“Aylanib ketay qoqindik, bo‘ylaringdan aylanay, Xudoyimga shukurlar, seni ko‘rish
nasib etdi…”
Odamlar shunaqa gaplarni topib aytishardi-ki, chetdan qaragan odam bu olomon bir
necha oy tayyorgarlikdan o‘tgan deb o‘ylardi.
Durdona bozorni bir aylanib chiqqanicha ikki soat vaqt ketdi. Odamlar xuddi oy
yerga tushgan kabi sevinar edilar. U qayoqqa yursa, o‘sha tomonga borishardi.
Butun bozorda savdo to‘xtab qoldi va hamma Durdonani ko‘rishga, unga nimadir
deb gapirishga, uning tabassumiga mahliyo bo‘lishga oshiqardi.
“Bizni tanqid qilayotganlar mana kelib ko‘rishsin, xalq kim tomonida?” deb o‘yladi
Durdona va gazetachilarning yubileyiga keldi. U butun hayoti davomida eshitmagan
iliq gaplarni ana shu yerda eshitdi. Hatto unga bag‘ishlab sheʼrlar ham yozib
kelishibdi. Jurnalistlardan bittasi ׃
-Qizimga sizning ismingizni qo‘ydim. Qani og‘ziga bir tupurib bering, u ham sizga
o‘xshagan dunyo malikasi bo‘lsin!-dedi.
Durdona nima qilarini bilmay qoldi. Shunda Bosh muharrir uning yoniga
yaqinlashib
-Bu shunchaki odat, tupurish kerak emas, “tup” desangiz bas,-dedi.
Durdona bu odamlar dunyoning eng baxtiyor odamlari va ularni mana shunday
baxtiyor qilgan bizmiz, degan his bilan uyiga qaytdi. Ammo uyiga yaqinlashar ekan,
bolasiga otasining ismini qo‘yganlardan qanchasi hozir unga qarshi ekanligini
esladi. Buning ustiga uyiga kirsa, qizi Internet tugmasini bosgan va gumburlab
eshitilayotgan qo‘shiqni tinglab, raqsga tushardi….
“Butun kuchni xalq ichidan olaylik!…
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik…
Xalq dengizdur…..
Xalq-isyon…”
“Boramiz! Boramiz! Xalqning ichiga, Andijonda ko‘rasan buni! Otangni himoya
qilgan vatani - Amerikaning Xonoboddagi bazasini Andijondan turib uchirtiraman!”
U xuddi xayolini kimdir uqib turganini sezgandek atrofga alangladi. Hech kimni
ko‘rmadi. Ammo burchakdan Hamidxon chiqib keldi. U seskanib ketdi. Keyin “jim”
degandek, qizini ko‘rsatib, barmog‘ini labiga bosdi. Qo‘shni xonaga o‘tdilar. U
yerda Karimov va Moskvadan kelgan mehmon o‘tirishgandi.
Salomlashar ekan:
-Telefonda gaplashib bo‘lmaydigan gaplarni mana yuzma-yuz gaplashayapmiz,-
dedi mehmon.
-Andijonni Almatov bilan Hamidixonga topshirdik, ikkalasi eplaydi, Hamidxonni
kechirdim. Xatni esa, Rasulbek yozdirgan ekan... Qolaversa, mehmonning iltimosini
yerda qoldirmadik... Sen aralashib yurmasang ham bo‘ladi,-dedi Karimov.
-Xat, qanaqa xat?-dedi Durdona.
-Ha, sen bilasan debman, bilmasmiding? Volodya senga aytgan bo‘lsa kerak, deb
o‘ylabman,-dedi Karimov ayyorona qarash bilan.
Durdona qizarib ketdi va Volodyaga razm soldi. U shunchaki bosh irg‘ab qo‘ydi.
-Bor, qizingga ayt, tuzukroq narsa eshitsin,-dedi Karimov va Hamidxonga qaradi.
Hamidxon darhol konyakdan quydi...
Vashington, 2006.
Do'stlaringiz bilan baham: |