II.I. Ulug‘bek Hamdamning “So‘z”, “Pillapoya” hikoyalarida inson
ma’naviyati tasviri
Ulug‘bek Hamdamning hikoyalarida ham oddiy xalq hayoti birinchi o‘ringa
chiqadi. Abdulla Qahhorning hikoyalaridan Ulug‘bek Hamdamning hikoyalari
keskin farq qiladi. Abdulla Qahhor hikoyalarida xalqning yashash sharoiti, moddiy
qiyinchilik kabi masalalar aks etsa, Ulug‘bek Hamdam hikoyalarida insonning
ruhiy evrilishlari, ko‘ngil jumboqlari ifodalanadi.
Ulug‘bek Hamdamning “So‘z” hikoyasi uslubi jihatidan boshqa hikoyalaridan
farq qiladi. Hikoyaning boshlanishi oddiy xuddi er-xotinning munosabati
yoritilganga o‘xshaydi. Er-xotinning munosabatini aks etishidagi voqea-hodisalar
“So‘z” sarlavhasi bilan ifodalanadi. Sarlavhaning o‘zi ham o‘quvchini o‘ziga
tortadi.
“Er-xotin mashinaga o‘tirishdiyu dala hovliga yo‘l olishdi. Yo‘l uzog‘i undan-
bundan gaplashib borishdi. Ayniqsa, erning zavqu shavq bilan aytgan
askiyalaridan xotinning ichaklari naq uzilgudek bo‘ldi. “Bas, bas qiling, deyman,
iltimos!” deya qiyqirgancha erning yelkasiga urib ham turdi xotin. Xullas,
mashinaning ichida mashinani boshiga ko‘tarib kelishdi. Aytgancha, bozor-o‘char
uchun yo‘l-yo‘lakay allaqaysi bir guzarda to‘xtashib oldi. Shoshmasdan, bir-bir
bosib, sotuvchilar bilan hazil-mutoyibalashib qilishdi xaridlarini. “Xudo xohlasa,
bundan keyingi hayotimiz yanayam go‘zal bo‘ladi!” — deya ayoliga mehr bilan
boqdi er mashinaga kelib o‘tirishganda. Zavja javob o‘rniga kulib qo‘ydi. “Axir,
bola-chaqadan tinchib, o‘zimiz uchun yashaydigan vaqtga kirib kepqoldik,
asalim!” — erkak ayolning qo‘lini ushlab siqdi. — Endi har kunimiz bayramdek
o‘tadi, eshityapsanmi, bayramdek! Yura-yura manzilga kelindi. Dala hovlining
temir darvozasini lang ochib ichkarilashdi. Ostonada ularga yangilangan fasl
peshvoz chiqdi. “Iya, xotinjon, qara, kuz ham kelib qolibdiyu, o‘zimiz bilan bo‘lib
payqamabmiz ham” — dedi er dov-daraxtlarning oltin ranglariga qarab-qarab. —
“Yo‘lda ham e’tibor qilmaganimizni-chi…” So‘ng mashinadan yuklarni
tushirishga unnadi. Ayol esa bu vaqtda to‘ridagi hovuzning oldiga borib
32
cho‘nqayib o‘tirib oldi-da, yuzadagi yaproqlarni nari-beri surgan ko‘yi negadir
suvdagi o‘z aksiga qaramoqchi bo‘lardi.— Shuncha ko‘zgular kamlik qildi-a,
sizga… Undan ko‘ra kelib, ko‘zim oynasiga qarang, bu yerda siz o‘sha-o‘shasiz,
sira o‘zgarmagansiz…–saslandi erkak negadir xotinini “siz”lab. Ayol adoqsiz
minnatdorchilik bilan jilmaydi”
11
.
Asarning boshlanishidagi har bir so‘zning o‘z vazifasi bor. Har biri er-xotin
munosabatini yanada to‘laroq namoyon qilishga xizmat qiladi. Erning ayoliga
bo‘lgan muhabbati cheksiz, uni hech bir so‘
z
bilan, harakat bilan tasvirlab
bo‘lmaydi. Tabiat tasviri, suv, kuz, sarg‘aygan barg kabi detallar er-xotin
munosabati, umrning o‘tib borayotgani kabilarni yoritib beradi.
“Er va xotin — qo‘sh xo‘kiz, hademay baravar ishga tushib ketishdi: ayol
anchadan beri qarovsiz qolgan imorat ichiniyu tashini supurib-sidirdi, erkak bo‘lsa,
o‘choq osib, o‘tin yordi. Bir pasda dala hovli sarishtali-farishtali makonga aylandi.
– Vah’da qilgan oshingiz qachon pishadi?—ichkaridan ayolning nozli ovozi keldi.
-Sizni kuttirmaymiz, xonim! — qichqirdi erkak sabzini maydalab to‘g‘rarkan. –
Bir soatda dasturxonga qo‘ymasam, har balo bo‘lay. -Tavba, deng, farishtalar
hamma gapga omin deydi-ya. Uzoqroq qaynatavering, shirinroq bo‘ladi. -Siz nima
desangiz — shu, jonim. Aytdim-ku, endi faqat o‘zimiz uchun, siz uchun
yashayman, deb! Hozir, zirvagini tayyorlab, tuzini ko‘rib olay, sizni pastga,
daryoga olib tushaman! -Oqib ketmaylik, tag‘in…-Qo‘rqmang, sizni shu
choqqacha oqizmadik, bundan buyon ham ehtiyot qilamiz…Bir pasdan so‘ng er
xotinining qo‘lidan tutib, pastga — suvning bo‘yiga boshladi. Suv deganimiz
Chirchiq daryosining bir qo‘li bo‘lib, u katta shaharga kirayotganda Bo‘zsuv, kirib
olgach esa Anhor deb ataladi. Bu yerda uni Zaxariqdaryo deyishadi. Chindanam
kattakon, naq daryo deysan. Lekin daryodan nimasidir kamga o‘xshaydi, shu
uchun bo‘lsa kerak, nomining ichida arig‘i bor. Qiziq-a, bir qarasang, daryo, bir
qarasang, ariq! Ustiga ustak, zaxi ham mavjud. Suv oqqan joyda zax bo‘ladi-da!
Ha, nima, Zaxariqdaryoga qarab, birov zax suvni, birov ariqni va yana boshqa
birov daryoni ko‘rsa ko‘raversin. Hamma ham bu dunyoda niyatiga yarasha
11
Улуғбек Hамдам. Ватан ҳақида қўшиқ. Тошкент: Академнашр. 2014 йил 491-бет.
33
nasibasini olaverar ekan-da. Boshqa tomondan, o‘sha uchta “birov”ning bitta
odamga aylanib, Zaxariqdaryoni hayotining uch pallasida uch xil ko‘rdim desa,
nima deysiz? Masalan, yoshligida daryo, o‘rta yoshida ariq va keksayganda zax
suvni ko‘ryapman, deb qolsa-chi?.. Bundan chiqdi, faylasuflar aytganlaridek, olam
bu bizning tasavvurimizmi? Odamzod nimani ko‘rishni xohlasa, shunga ro‘baro‘
keladimi?.. Eh, bularning siriga kim yetibdiki, biz yetsak… Anglab yetganimiz
birgina narsa shuki, dunyoda hamma narsa tashqaridan ko‘ringanidek emas,
yo‘q!..Xullas, Zaxariqdaryo buralib-buralib oqib yotardi. U ham faslga mos
kiyingan: tiniq, muloyim mavjli matodan tikilgan ko‘ylagini ustiga yengilgina
tashlab olgan. Shunday yengilki, xuddi hademay uni ham chiqarib otadigandek
avzoyi bor. Suv bo‘yiga kelishgach, er sarg‘ayibroq qolgan o‘t-o‘lanni qayirib,
uydan olvolgan to‘shakchani to‘shadi-da, “marhamat qilsinlar!” deya iltifot
ko‘rsatdi. Xotin avaylanib o‘tirib bo‘lgach esa, er uning qo‘lini tutgancha yoniga
cho‘kdi
12
.
Parchadan ko‘
r
inadiki, er-xotin munosabati o‘ziga xos takrorlanmas
munosabat. Xuddi yosh kelin-kuyovlardek, bir-biriga mehribon, bir-birini endi
ko‘rayotgandek. Ularning munosabati Zaxariqdaryoga o‘xshaydi. Shuning uchun
ham adib asarga Zaxariqdaryo obrazini olib kirgan. Er-xotin suv bo‘yidan
qaytishgach, oshni damlashga urinishadi, shunda ko‘chadan kimdir chaqiradi. Er
ko‘cha tomon yurib ketadi. Xotin esa oshni o‘zi damlaydi, tuzini ko‘radi, tuzi pas
ekan deb, tuz soladi. Er ko‘chadan qaytib kelgach, xotinning telefoni jiringlaydi.
Xotin dugonasi bilan gaplashish uchun uyga kirib ketadi. Oshni damlab,
o‘choqdagi cho‘g‘ni tortgan er xotinning orqasidan uyga kiradi. Xotinining
telefondagi gapini eshitib lol qoladi.
“— Asti so‘rama, dugonajon, shunaqangi bema’ni kun bo‘ldiki,
zerikkanimdan naq yorilib o‘lay deyapman. Bir nimalarni bahona qilib vahliroq
qaytsam kerak…Chiqqin-a oldimga kechqurun, hasratlashamiz…Er eshik dastasini
tutgan ko‘yi haykaldek qotdi. Allabir zamondan keyingina uni qo‘yvorib, ortga
chekindi. Garangsirab qozonning boshiga bordi. Nima qilarini bilmay,
12
Улуғбек Ҳамдам, Ватан ҳақида қўшик, Тошкент, Академнашр. 2014 йил, 493-бет.
34
g‘ayriixtiyoriy ravishda atrofida aylana boshladi. Xuddi xayolida aylanayotgan
o‘sha bir juft so‘z kabi. Bu so‘zlar esa xonaga kirib qolgan bir juft xira pashshani
eslatardi: miyaning ichida tinimsiz g‘ing‘illardi: BEMA’NI KUN! BEMA’NI
KUN! BEMA’NI KUN!.. G‘IIING, G‘IIING, G‘IIING…Er beixtiyor hovli
tomondagi eshikdan pastga, daryoga qarab enib bordi. Suvning bo‘yiga cho‘kdiyu
nigohini oqimga berdi…”
13
Shu parchada “So‘z”ning barcha vazifasi namoyon bo‘ladi. Er xotin uchun
kuyib pishdi, kunning yaxshi o‘tishi uchun tinimsiz izlandi, mehnat qildi. Xotin esa
dugonasiga shunday kunni “bema’ni kun” deb atadi. Ana endi erning ongidagi
evrilishlar yuzaga chiqadi. Dilidagini tiliga chiqarmaydi, lekin ich-ichidan eziladi.
Erga bo‘lgan xotinning munosabati. Xotin hech qachon eridan nolimaydi, unga
ko‘nglidagini aytmaydi. Shu o‘rinda ayolning holati ma’naviy qashshoq insonni
bizga namoyon qiladi. Ayol ma’naviy qashshoq, chunki erining unga bergan
shuncha mehri va munosabatini birgina so‘z bilan yo‘qqa chiqaradi. Ayol uchun
hamma narsani muhayyo qilgan er ko‘ngli o‘ksib, dili vayron bo‘lib, xotinini hech
qachon tushunmagan ekanligini his qilib, yuragi ezilib, savollarga javob topa
olmaydi. Agar xotin ham er kabi ma’naviy boy bo‘lganida telefonda dugonasiga
bunday gap aytmas edi. Hikoyada ma’naviy qashshoq bo‘lgan ayol obrazi
ifodalanadi.
Adibning “Pillapoya” hikoyasi ham o‘ziga xos tarzda ifodalangan.
Hikoyaning
boshida
ikkita
epigraf
berilgan.
Hikoyada
“ustozlarimga
bag‘ishlayman” degan fikrdan keyin epigraf beriladi. “Agar haqiqat mening
yuzimga oyoq bosib o‘tishni taqozo etsa-yu, sen buni qilmasang, aslo rozi
emasman” – Bahouddin Naqshband.
“Pillapoya bo‘ldim senga, azizim,
Sen ham gal kelganda pillapoya bo‘l” – Erkin Vohidov.
Adibning bu hikoyasi boshqa asarlaridan farq qiladi. “Yo‘l” romanini
yozishdan oldin yozilgan yoki romanni yozishga turtki bo‘lgan hikoya desak
mubolag‘a bo‘lmaydi. Hikoyani birinchi bor o‘qiganizda hech narsa tushunmaysiz,
13
Улуғбек Ҳамдам, Ватан ҳақида қўшиқ, Тошкент, Академнашр. 2014 йил, 495-бет
35
go‘yo uning mohiyati yo‘qdek. Asar qahramoni va bir qancha odamlar zinaga
oshiqishadi, tinimsiz pillapoyalardan yurib, tepalikka chiqishadi. Asar qahramoni
esa hammani kuzatadi, biroq o‘zi ham shu tepalikka intiladi va pillapoyalardan
o‘tib yuqoriga chiqadi.
“Odamlarning oqimi xuddi pishqirib oqayotgan daryoni eslatardi. Kimdir
qaddini tik tutgan holda o‘rtada gerdayib borar, kimdir egilib, chetda pillapoya
tutqichiga suyangan ko‘yi arang harakatlanardi. Hamma o‘z kuchi yetgancha
ko‘tarilib borardi-da, uzun yo‘lakdan boshlangan qavatlarga kirib ko‘zdan g‘oyib
bo‘lishardi. Ammo ko‘pchilik, baribir, imkon qadar yuqoriroq chiqishga orzumand
edi. Atiga bir qavat bo‘lsa ham teparoqqa ilashgisi kelardi ularning. Shuning-chun
ham vujudini kuch-quvvat butunlay tark etgunga qadar ko‘tarilib kelib, nihoyat,
holi o‘ziga ayon bo‘lgachgina qarshisidan chiqqan qavatga chor-nochor o‘zini
topshirardi. “Chekimizga tushgani shu ekan, nimayam qilardik, peshona…”, deya
o‘zaro g‘udranishadi odamlar qavatlariga kirib ketisharkan. Ammo yana
shundaylar bor ediki, ular o‘z hollarini bilmasdilar: charchab, hansillab, tili bir
qarich bo‘lib osilib qolganiga qaramay, ko‘zlari yuqorida olma terar, yonidan o‘tib
ketayotgan har qanday bir yo‘lovchining qo‘ltig‘iga bezbetlarcha kirib, tag‘in bir
necha zina teparoqqa chiqib olishardi. Lekin “o‘zingda yo‘q, olamda yo‘q”
deyishganidek, hatto miskanadek yopishqoq va sur mana shular ham birovning
ko‘magida uzoqqa borisholmay, zinada yoki biron qavatning kirishida yiqilib,
yerlarda xor bo‘lishardi. Ularga qarab tursang, nigohlaring bulg‘anib ketadi.
Yaxshisi, ko‘zni pok tutmoq kerak, deysan o‘zingga o‘zing ulug‘larga ergashib.
Zinalar bo‘ylab ko‘tarilish, bir qarashda, sport musobaqasini yodga solardi: hamma
birinchilikni olishni, g‘olib bo‘lishni istab, go‘yo jon olib, jon berardi. Kuzatib
qarasam, izdihomning bunday kayfiyati menga yoqmadi. (O‘zi shunaqaman:
ko‘pchilik istagan narsalardan qochib yuraman. Musobaqa ruhini yoqtirmayman.).
inchunun, oqimning ichidan ayrilib chiqdimu pastga, kelgan joyimga qaytib tusha
boshladim…
Tushish yomon bo‘larkan. Chiqayotganda hansirab, toliqib, o‘pkam shishgan
ediyu, baribir, ko‘pchilik hosil qilgan katta oqim ko‘magida uncha malollik
36
sezmagan ekanman. Enishda esa nafasim ravon, yengil bo‘lib qolganiga qaramay,
oqimga qarshi borayotganim uchun bo‘larim bo‘ldi: hali u, hali bu yelkalaru
o‘mganlarga urinib chirpiragim chiqadi. Ayniqsa, odamlarning savolchan
nigohlari, “jinnimi bu?”, degandek jirkanib qarashlari serandisha tabiatimni
nayzalab tashladi. Lekin nima qilay, tushishdan boshqa ilojim yo‘q, tepadagi
talashib-tortishish menga manzur kelmadi. Yana deng, umuman, pillapoyaga duch
kelganimdan buyon ixtiyorim o‘zimdadek tuyulgani bilan juda unaqa emasdi.
Mening menligim shu bilan, pillapoya bilan tirik edi. Shu ma’noda men unga
bog‘liq edim…Shunday qilib, men zinaning eng quyi qismigacha inishga qaror
qildim. Qani, u yerda nima bor ekan?.. Tepadan pastga qarab kelayotganda yakka
o‘zim edim. Menga shunday tuyulgandi. Bir necha zina pastga tushganimdan keyin
ortimga boqib, menga o‘xshaganlar anchagina ekanligini ko‘rdim. Yana biroz
o‘tgach esa “men” “biz”ga, “biz” esa “oqim”ga aylanganini bildim. Demak,
oqimga qarshi oqim. Biri tepaga, boshqasi esa pastga qarab oqadi…
Men pastdagi yalanglikka qadar enib bordim va negadir ilkis to‘xtadim. Chunki…
chunki yerga tushgandan keyin ortga, tepaga qaytgim kepqoldi. Buning sirini sizga
tushuntirib berolmayman. Tepada ekan, birdaniga pastga tushgim kelganidek
bo‘ldi hozir ham. Nima qilay, aytdim-ku, hech bir narsa mening ixtiyorimda emas
edi deb, shunga. Qolaversa, u yer zerikarli tuyuldi menga. Qiladigan ish ham yo‘q,
boradigan joy ham. Ammo men bilan tushganlarning asosiy qismi yalanglikda
qolib ketishdi. To‘g‘rirog‘i, bepoyonlikka o‘zlarini topshirishib, ko‘zdan
yo‘qolishdi. Demak, qismat bo‘lsa, kiradigan teshik hamisha topilaqolarkan-da…
Sarsor solsam, ularning orasida qariyalaru betoblar ko‘pchilikni tashkil qilar
ekan… Men va yana bir necha kishilargina ortga qaytib, yana o‘zimizni boyagi
pillapoyaga urdik…”
14
.
Pillapoya asarda–detal, pillapoya –peyzaj, pillapoya –obraz vazifalarini
bajaradi. Biroq asarda pillapoya ramziylikka yo‘g‘rilgan. Asardagi pillapoya –
hayot ramzi. Insonning yashashdan maqsadi nima, hayotning ma’nisichi – bosh
qahramon shu kabi savollarga javob topmoqchi bo‘ladi. Asar qahramoni hayotni
14
Улуғбек Ҳамдам, Ватан ҳақида қўшик, Тошкент, Академнашр. 2014 йил, 485-бет
37
shu zinalarga-pillapoyaga qiyoslaydi. Har bir inson o‘z kuchiga qarab, holi
yetkanicha zinaga ko‘tariladi.
Insonlarning yashash tarzi ham xuddi shu pillapoyadan ko‘tarilayotgan
insonlarga o‘xshaydi. Kimdir yashashning mohiyati moddiy boylikda deb bilsa,
yana kimdir yashash tarzini ma’naviy boylikda deb biladi. Hikoyadagi qahramon
moddiy boylik haqida fikr yuritmaydi. Uning fikri, umuman, boshqacha,
boshqalarga o‘xshamaydi. U yashashning mohiyatini qidiradi. Shu zinalarga chiqib
tushishdan maqsad nima, insonlar qayga shoshadi. Har bir ishning o‘z mohiyati
bo‘lishi kerakku, lekin bunda mohiyat ko‘rinmaydigandek edi.
Asar qahramoni zinadan tushayotganda bir kampirni ko‘radi. Kampir qush
bo‘lib, uchib ketishni orzu qiladi va shu yerda joni uziladi. Bosh qahramonning
xayolidan ketmaydi bu hodisa, ammo vaqt o‘tishi bilan esidan chiqadi. Bosh
qahramon yo‘lida davom etadi. Endi uning nigohi judayam unga tanish bo‘lgan bir
chehra bilan ko‘rishadi. Uning nigohidan o‘tmishini uqib oladi. U mo‘ysafid
nigohida ham shunday hol yuz beradi. Bosh qahramon hayoti va kelajagini,
o‘tmishini o‘qib oladi.
Asardagi bosh qahramon mo‘ysafidning nigohidan ko‘p narsani uqadi, biroq
unga e’tibor bermaslikka harakat qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xuddi haligi kampir
singari buni ham unutaman deb o‘ylaydi, biroq unuta olmaydi. Asarning oxirida
esa bosh qahramon bu pillapoyaning mohiyatini topgandek bo‘ladi.
“
Meni o‘sha yoqqa boshlayotgan kuch ustozim aytganidek, faqat va faqat
ko‘nglimning shu ondagi holati, xolos. Bor-yo‘g‘i — shu! Olamning mazmuni
bizning o‘z ko‘nglimizdagi mazmun bilan qoimdir! Axir men hozir yosh va
g‘ayratliman, umid va orzu ichimda bolalab yotibdi. Ular-chi, ular — o‘sha ayol,
ustoz? Ularning tanalari qaridi. Ichlaridagi orzu-umidlar esa qush misol birin-sirin
uchib ketdilar. Shuning uchun ham ko‘zlarida tiklab bo‘lmas horg‘inlik aks etgan.
Axir, ularning qiyofalaridagi surunkali charchoq, aslida, ko‘ngillarining ifodasi
emasmi? Ustozning “yuqorida hech narsa yo‘q”, degani aslida, shu tobdagi bo‘m-
bo‘sh ko‘nglidan chiqayotgan sado edi-da!.. Ammo… ammo bilasizmi, ustoz endi
pastdan — pillapoya ibtidosidan nimadir kutayotgan edi. Nazarimda, bu uning
38
yuragini tark etmagan yakkayu yagona ilinji edi… Axir, men kuni kecha o‘sha
quyiga tushib borganim bilan ko‘pchilik kirib ko‘zdan yo‘qolgan joyga, pardaning
ortiga o‘tmadim-da! Ustozning umidi o‘sha pardaning orqasidagi dunyo bilan
bog‘liq edi endi… Har holda uning ko‘zlarida shu ma’no ham bor edi…
Lekin, men davom etardim. Aytim-u boya, men hech kimning soyasida namoz
o‘qimayman, deb. Yana mingta erkagu ayol yo‘limdan chiqib, nigohlari orqali
menga o‘sha birgina haqiqatni uqtirishga urinishsa ham, men, baribir, o‘z
yo‘limdan qolmasligimni bilardim. Chunki mening ichim, muborak zotning
huvillab qolgan botinidan farqli o‘laroq, orzu-umid bilan to‘la edi. Nazarimda, ular
allaqanday, o‘zim ham tuzukroq anglamaydigan g‘aroyib bir mo‘jizaga qaratilgan
edi. Bu mo‘jiza o‘zimgacha mavjud bo‘lgan har qanday haqiqatdan yuksakroq va
kuchliroq tuyulardi men uchun. Mo‘jizani esa o‘zgalar bosib o‘tgan yo‘l emas
(hatto ular ustoz bo‘lsa ham), balki oldimda qaddini g‘ozdek kerib turgan mana
shu pillapoyagina hadya qilishi mumkin edi. Garchand u hamma yuradigan,
hamma bir-bir bosib o‘tadigan bitta, yagona pillapoya bo‘lsa ham. Kim biladi
deysiz, ehtimol, men ustozim chiqib ulgurgan zinalarning yarmini ham
bosolmasman, balki undan ikki hissa balandroq ko‘tarilarman. Bunisi noma’lum va
bilasizmi, xuddi mana shu noma’lumlik meni o‘ziga ohanrabodek tortardi. Shu
sabab men ustozim o‘gitini bag‘rimga mahkam bosib, Xudo degancha pillapoya
bo‘ylab oldinga — yuqoriga talpindim…”
15
.
Asar qahramoni asarning oxirida ko‘ngilning ishini, hayotning mashaqqatini,
yo‘lning oxiri yo‘qligini tushunadi. Inson hech qachon ko‘nglini to‘ldira olmaydi.
Agar inson ma’naviy jihatdan boy va bekamu ko‘st bo‘lsa ham hayot mohiyatini
qidirib, tushunishga harakat qilib yashaydi. Hikoyadagi qahramon pillapoyadan-
hayotdan ana shu ma’noni qidiradi. Ustozini o‘gitiga amal qiladi.
Insonning ongi, ma’naviy boyligi, dunyoqarashi juda ko‘p narsani belgilab
beradi. Hikoya qahramoni o‘z dunyoqarashiga ega shaxs.
15
Улуғбек Ҳамдам, Ватан ҳақида қўшиқ, Тошкент, Академнашр. 2014 йил, 490-бет
39
Do'stlaringiz bilan baham: |