82
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, dunyo va umumbashariy qadriyatlar
mohiyatan bir-biri bilan bog‘liq va biri ikkinchisini talab etuvchi tushunchalar
hisoblanadi. Zero, umuminsoniy qadriyatlar butun dunyo aholisining asrlar osha
sayqallanib, o‘z ahamiyatliligini yo‘qotmay kelayotgan boyliklar jamlanmasidir.
Ularning bashariyat hayotida tutgan o‘rni esa, hech shubhasiz, beqiyosdir.
Insoniyat yaralibdiki, Yer kurrasidagi boshqa jonzotlardan farqli o‘laroq ong-
u shuur ham nomoddiy ko‘rinishga ega shunday qadriyatlar shakllandiki, ular Yer
yuzining har bir kishisi uchun birday tushunarli va ahamiyatli bo‘lib keldi. Ushbu
esse aynan bugungi kun kishilariga ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan
umuminsoniy qadriyatlarning hayotimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritadi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, umumbashariy qadriyatlar jahon
sivilizatsiyasining yaxlitligi hamda uning barcha bosqichlari o‘zaro uzviy tarzda
bog‘langanligining natijasidir. Boshqacha aytganda, dunyodagi hech bir xalq yoki
millat umumiy jahon sivilizatsiyasidan ayri holda yaxlit bir tarixga ega emas va
millatlarning hech biri boshqalarining yutuqlaridan foydalanmagan holda
rivojlangan emas. Shu jihatdan mazmunan va mohiyatan ancha keng qamrovli
hisoblanuvchi umuminsoniy qadriyatlarning har bir xalq va millat uchun birdek
ahamiyatli bo‘lib kelishiga yuqoridagi omillar ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi va bu
turdagi qadriyatlarning butun bashariyat mulki ekanini isbotlab beradi. Zotan, ilm-
fan, falsafiy tafakkur yutuqlari, intellektual va aqliy mulklar, adabiyot,
me’morchilik, san’at asarlari, kashfiyot, ixtirolar, madaniyat durdonalari xalqalaro
aloqalarning yorqin ifodasidir.
Qadriyatlar odamzotni hamisha o‘zaro hamjihatlikka, birdamlikka va mehr-
muruvvatga chorlovchi hamda asrlar silsilasidan insoniyat turmush tarzining
ajralmas qismi sifatida o‘tib kelayotgan moddiy va ma’naviy jarayon ekani
barchamizga ma’lum. Umuminsoniy qadriyatlar esa faqatgina bir millat yoki
mamlakat uchungina emas, balki butun bashariyat uchun birday ahamiyat kasb
etuvchi qadriyatlar silsilasidir. Shubhasiz, bu kabi qadriyatlar qatoriga tabiatni
muhofaza qilish, inson qadr-qimmatini e’zozlash, Yer yuzida tinchlikni saqlash,
adolatsizlikka qarshi kurash, hayvonot va nabodot olamiga mehr ko‘rsatish,
moddiy hamda ma’naviy boyliklarni kelajak avlodlarga yetkazish, global
muammolar yechimiga o‘z hissasini qo‘shish kabi olijanob maqsadlarni kiritish
mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: