O'G'LIMGA
Umr bersin xudoyim,
G'urur bersin, iloyim.
Dagarim, erkatoyim
Botir yigit bo'ladi.
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Hali qarab turasiz,
Siz bir taraf turasiz,
Bu dunyoga bergusiz
Nodir yigit bo'ladi.
Bo'y bermaydi tashvishga,
G'iybatlarga, mish-mishga.
Men qilolmagan ishga
Qodir yigit bo'ladi.
Ko'zim tegmasin, tuf-tuf!
So'zim tegmasin, tuf-tuf!
Xudo xohlasa, o'sib,
Og'ir yigit bo'ladi.
Agar taqdir tashlab to'r,
Bo'shang bo'lsa, epsiz g'o'r,
O'shanda ham mendan zo'r
Shoir yigit bo'ladi.
1994
MEN
Men na qilay, harna qilsa, qildi taqdir,
Ikki nuqta aro jismim muallaqdir.
Ikki yoqqa boqar bo'ldim lolu hayron:
Birisining ismi - zamin, biri - osmon.
Qay bir kecha hilolga may quyib ichdim,
Ko'zim yumib, ikki qizdan birin quchdim.
Endi, kimni tanladim, deb jonim halak:
Birisining ismi - shayton, biri - malak.
Qaldirg'ochdek ikki joyda manzilim bor,
Yo'l qaragan otam, onam va singlim bor.
Bu kuzdayam qaytolmadim, qandoq qushman?..
Birisining ismi - Bag'dod, biri - Toshkan.
Garchi umrim chizgilari oddiy emas,
Lekin do'stu dushmanlarim jiddiy emas.
Bir do'stu bir dushmanim bor - o'zim tengi:
Birisining ismi she'rdir, biri - sevgi.
Ne qilaylik, harna qilsa qilar taqdir,
Bu dayr aro sayrimiz ham muvaqqatdir.
Ikki qayiq boshin tutgan bo'lar nobud:
Birisining ismi - beshik, biri - tobut.
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
1994
KUZ
Uch kunda kuz keldi.
Dunyo qaridi.
Teraklar bosh chayqab qoldilar ma'yus.
Toshlar o'rmalaydi anhor qa'rida,
Anhor qaylargadir shoshadi hanuz.
Ko'pirib boradi qo'ng'ir bulutlar,
Hademay yomg'irzor bo'ladi paydo.
Yerga quloq bosib yotadi o'tlar,
Yerdanmi keladi bu mungli navo?
Mana, ustunlarga o'ralar shamol,
Mana, suv yuziga toshadi sepkil.
Zerikkan, asabiy qariqiz misol
Ko'ylaklarin yirtib tashlar atirgul.
Peshayvonda namli patlarin tarab,
Zag'chalar o'ziga beradi oro.
Bulut kelayotgan tomonga qarab
Dunyo suzib borar ohista, dunyo...
1994
OQSHOM
Oqshom yulduzlarni hilol uyg'otar,
Daryo to'lqinlarin shamol uyg'otar.
Qaydasan, ey shamol olib ketgan gul?
Meni shu alamli savol uyg'otar.
Oqshom yulduzlarga boqib yig'ladim,
Daryo to'lqinida oqib yig'ladim.
Menam daryo bo'ldim, sel-selob bo'ldim,
Yuragim olmaday qalqib yig'ladim.
Taqdirga tan berdim, shukrona aytdim,
Tuproqqa aylanib, tuproqqa qaytdim.
Ammo oqaverdi asov yuragim
Oqshom yulduzlari chaqnagan payti!
Oqshom yulduzlarni hilol uyg'otar,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Daryo to'lqinlarin shamol uyg'otar.
Seni tushlarimda ko'rib, chaqirsam,
Meni bir begona ayol uyg'otar.
1994
Do'stlaringiz bilan baham: |