SENI DEB
Zulm qilsam har qachon o'zimga zulm etdim,
Qaramadim sen tomon, ko'zimga zulm etdim.
Imlasang bormadim ham, siltasang ketmadim ham,
Yerdan uzmadim tovon, izimga zulm etdim.
Zulmning lazzatini faqat mazlum biladi,
Baxtiyor kimsalarni ko'rsam rahmim keladi.
Hovuzda xudoyimning aksini ko'rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko'rgandayman.
Yashil quyosh, moviy tosh, safsar ko'z yosh oralab,
Odamning va Havvoning nafsini ko'rgandayman.
Yuzimga suvlar urdim, yuzimga zulm etdim,
O'zimga zulm etdim, ko'zimga zulm etdim.
Ko'rlar hamda karlarning o'zgacha baxti bordir,
Baxtsizligin bilmagan kimsalar baxtiyordir,
Ko'rib, tinglab turibman, o'zim anglab turibman,
Ixtiyorimdan xorij tilaklar ixtiyordir.
Bosh bergali dor qayda, ketgali mozor qayda,
Dil yorgali yor qayda, inon-ixtiyor qayda.
Gulzoringga kirmadim, gulimni asrayin deb,
Nigohimni bermadim, dilimni asrayin deb.
Adolat, shafqat, qadr, muruvvat, insof nadir,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Ko'zlarimdan ketmading qulimni asrayin deb,
Zulmning lazzatini faqat qullar biladi,
Baxtiyor kimsalarni ko'rsam rahmim keladi.
Dag'al, o'jar o'smirni mayin etgan savdolar,
Bozorda baholarni tayin etgan savdolar,
Qorako'z gavharidan shoda munchoqlar tizib,
Yurakni pufak qilib o'yin etgan savdolar,
Nog'ora qoq, nog'ora, lunjing to'la zog'ora,
Eshon, xo'ja va qora o'yin bilan ovora.
Chumoli xirmon yoysa, siz dasturxon yozgaysiz,
Rizq axtarib kalamush inlarini buzgaysiz.
Oyni etagingizga kulchadek o'rab olib,
Atirgulga qaldirg'och jasadini osgaysiz.
Ko'zning oqu qorasin oqu qora tosh qiling,
Go'daklar sut tishidan guruch damlab osh qiling.
Baliqlarga rang bergan musavvirga qaranglar,
Bo'yog'i qurimagan barmoqlarin yalanglar.
Dilingiz rangin bo'lsin, kapalak, qo'ng'iz qo'nsin,
Tomoshaga kelsinlar juvonlar, yosh-yalanglar.
Hovuzda xudoyimning aksini ko'rgandayman,
Bulutlar va baliqlar raqsini ko'rgandayman.
Har nafasda bir nafas umrim qisqarib borar,
Cho'pchaklarga ishonib cho'pon qiz qarib borar.
Chigal, xilvat yo'limda pisib yotibdi ajal,
Lahza sayin pichog'i ko'ksimni yorib borar.
Shayton chalg'itdi, asli senga munosib edim,
Ko'rgin deb yuragimni loylarga bosib edim.
Ko'klamni tinglab yotsang bug'doy ungan tomlarda,
Bobo Mashrab nafasi kelar salqin shomlarda.
Sababsizdek tuyular bo'g'zingdan toshgan o'kinch,
Simobdek ko'char nedir yuraging tomonlarda.
Ko'rlar hamda karlarning o'zgacha baxti bordir,
Baxtsizligin bilmagan kimsalar baxtiyordir.
Chin aytsam, eshigingga suyanib, o'lgim kelar,
Faryod chekib, o'zimni shu joyga ko'mgim kelar.
Sochlarim chim otsayu tomirlarim taralsa,
Boshimga oyoq qo'yib o'tganing ko'rgim kelar.
Bundayin imkon qani, jon so'ragan jon qani,
Jonimga xumor bo'lgan ul ofatijon qani.
Otamga begonaman, onamga begonaman,
Rafiqamga raqibman, bolamga begonaman.
Do'stlarimga dushmanman, xeshlarimga etti yot,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Senga mahliyo bo'lgan olamga begonaman.
Qaramasdan sen tomon ko'zimga zulm etdim,
Zulm qilsam, har qachon o'zimga zulm etdim...
www.ziyouz.com -2007
Do'stlaringiz bilan baham: |