ISMINGNI HECH KIMGA AYTKIZMAYMAN, GUL!
Senga lablarimni tegizmayman, Oy,
Senga ziyonimni etkizmayman, Gul.
Biroq osmonimdan ketkizmayman, Oy,
Ismingni hech kimga aytkizmayman, Gul!
OG'RIQ
Qilich navdalarning shaffof qini bor,
Olov tebranadi ulkan loladay.
O't kabi isyonkor, qordek beg'ubor -
Gulxan atrofida uchta bolakay.
Qo'zilar zamharir maysani toptab,
Og'zining hovurin kavshaydi tinmay.
Ming jumboqni echar, qo'llarin toblab,
Gulxan atrofida uchta bolakay.
Cho'g'lar chirsillaydi, olov yonboshlab,
Qiyiqko'z bolaga tegishar atay.
Zuhroda sayr etar, qo'ylami tashlab,
Gulxan atrofida uchta bolakay.
Bugun ko'kragimda simillar og'riq.
Bugun qo'llarimda parchalangan nay.
Men sizni sog'indim hammadan ortiq,
Gulxan atrofida uchta bolakay.
Manxus davralarda davrlar surdim,
Qasamlar ichdimu ichaverdim may.
Oydin lahzalarni siz bilan ko'rdim,
Gulxan atrofida uchta bolakay.
Siz meni chaqiring, qiynalib ketdim,
Siz meni chaqiring, o'zimga qaytay.
Chaqiring, yurakka harorat yetsin,
Gulxan atrofida uchta bolakay.
1992
UYG'ONISH
Huvillagan dunyo, huvillagan qalb,
Na quvonch, na rayhon, na g'am, na yalpiz...
Qip-qizil qumlarni kechdim yuz yillab,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
O'zim bilan o'zim yashadim yolg'iz.
Bir kuni oy bilan tillasha turib,
His qildim yuragim og'irligini.
Ko'klam sellaridek qonim gupirib,
Angladim yashashim zarurligini!
Osmonni quchoqlab yotganim tunda
Muhabbat, oy kabi kirding yodimga.
Bulutlar oqquvga aylandi zumda,
Yulduzlar to'pillab tushdi yonimga.
Elkamda elkanday qanot barq urdi,
Bir go'zal qush bo'ldim ertakdagiday.
Yovvoyi yoshlikda azot hayqirdim -
Titradi koinot etaklari-da!
Titradi koinot etaklarinda
Kirpidek g'ujanak bo'lgan olamlar,
Quyosh tig'in charxlab elkalarida
Qip-qizil qum kechib yurgan odamlar...
Yumshoq shamollarni qo'zg'atib uchdim,
Kahkashon - shiddatim qoldirgan oq iz.
Sening olamingga boryapman, kutgin,
Osmonni quchoqlab yotgan g'amgin qiz!..
1988
YOLG'IZMAN
Qorako'z turnalar Qo'qonga qaytar,
Giyohlar yugurib kelar olisdan.
Mening turnam qani?
Giyohim qayda?
Yolg'izman...
Uchar likopchada - sirli tayyorada
Do'st izlab kelishar qay bir yulduzdan.
Men esam butun boshli sayyorada -
- Yolg'izman...
Do'stlar eshigimni yuz bora qoqar,
Eshik qoqmay kirar maktub
bir qizdan.
Goho jonga yoqar,
goho jonni yoqar...
Yolg'izman...
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Onam tinmay menga kelin tanlaydi,
men bo'lsam yolg'izman muhabbat qadar.
Kim meni tushunadi?
Kim meni anglaydi?
Yolg'izman-da, nima qilay, birodarlar!..
1990
Do'stlaringiz bilan baham: |