FARISHTA
Men erga bog'langan bir bandi edim,
Sahar borib, oqshom qaytardim ishdan.
Sen kelding...
Sen, axir, qaylardan kelding?
Ko'klardan tushdingmi, ma'sum farishtam?
Bir xushbo'y sabolar taraldi birdan -
Yurakni siypalab, erkalaguvchi.
Odamlar odamdan zerikkan yerdan
Insonlar tarafga etaklaguvchi.
Esladim,
Olovlar gurlar qo'ynimda -
Bir buyuk vulqonlar portlaganini.
Keyin sukunatda
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Tunda
Bo'ynimda
Kiprik kapalakday potraganini.
Shu munis turishda
Bu ko'hna olam
Sevgiga zorligin eslatib turding.
Chaqnoq ko'zlaringga ko'zim tushgan dam
Yuragim borligin eslatib turding.
Men senga bog'langan bir bandi, asir,
Sen uchsang, uzilib tushar jon rishtam.
Menga rahming kelsin,
Shafqat qil, axir -
Dunyoning holiga achin, farishtam!
2004
SIZ...
Mudom yorug' bo'lsin darchalaringiz!
Menga ko'chib o'tsin barcha dardingiz!
Men sizni avaylab charchamadim hech,
Siz ko'nglim og'ritib charchamadingiz.
Goho yomon qarab, goh qaramasdan,
Goho yolg'on kulib, goh kulib rostdan,
Goho erkalanmay, erkalamasdan,
Siz ko'nglim og'ritib charchamadingiz.
Kimning qo'lini sal uzoq tutdingiz,
Qaygadir ketdingiz, shoshib ketdingiz.
Yonimdan ko'rmagan bo'lib o'tdingiz,
Siz ko'nglim og'ritib charchamadingiz.
Yosh bola emasdim, ko'pni ko'rgandim,
Hammaning ustidan kulib yurgandim.
Lek sizga boladek qattiq o'rgandim...
Siz ko'nglim og'ritib charchamadingiz.
Xohlasang olasan, agar shoh bersa,
Qayoqqa borasan, tangri - haq bersa.
Nima ham der edim, sizga zavq bersa...
Siz ko'nglim og'ritib charchamadingiz.
2004
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
KUZDA
Kuzda uchib ketar baxt qushlari ham,
Omad ham betayin qushga aylandi.
Kecha tuyg'ularni ko'klatgan ko'klam
Bugun jon so'ragan qishga aylandi.
Sharob ichmay turib, yurardim sarxush,
Boshimdan yulduzni elardi gardish.
Kunlarim kechardi ko'rgan kabi tush,
Endi o'sha kunlar tushga aylandi.
Men ham ishonmasdim, avval aytsalar,
Tovonim silagan mayin maysalar
Yotsam, yuragimga urar nayzalar...
Qosh kabi maysalar nishga aylandi.
Sen neni bilasan, osmondagi qiz?
Bahorday bildirmay qariydi bu his.
Esiz, yoshligimiz, sevgilarimiz...
Bugun sevgi oddiy ishga aylandi.
2005
AYLANAY
Ko'zmunchog'ing qo'yma asta, dildorim,
Ay, aylanay, noziknihol qaddingdan.
Kuzagimni xushbo'y etgan bahorim,
Ay, aylanay, atirgulim, atringdan.
Ikki ko'zim manim, ikki dagarim,
So'zi navvot, qiliqlari shakarim,
Mirzo Ulug'begim, Mirzo Anvarim,
Ay, aylanay, sabza urgan xattingdan.
Mayiz bo'lib saratonda kuygan el,
Bolasidan dalasini suygan el,
Yaxshi kunni faqat to'yga qo'ygan el,
Ay, aylanay, kiprikdagi gardingdan.
Ba'zan ko'ngil uchun ko'ngil so'ralar,
Kim termular, kimdir sekin mo'ralar,
Ay, do'stlarim, ulfatlaru jo'ralar,
Ay, aylanay, nomardingu mardingdan.
Omon edi orzu, tilagim kecha,
Tangrim, boqding chuqur yuragimgacha,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Bedavo dard berding suyagimgacha,
Ay, aylanay, tanlab bergan dardingdan.
2002
OVORA
Yaqin ham kelolmay, uzoq ketolmay,
Yerning atrofida yo'ldosh ovora.
Zaminni bir tekis chaman etolmay,
Milliard yil nur sochib quyosh ovora.
Bahor sizga bermish guldan zeb, sarpo,
Menday o'tkinchiga endi ne parvo.
O'yin bilan bandsiz sho'x va beparvo,
Xinoli barmoqqa to'ptosh ovora.
Qizbola bosh bilan dunyoni anglab,
Aql bilan chertib, olasiz tanlab.
O'zlarin dardlarin o'zlari tinglab,
Menday necha telba, bebosh ovora.
Qachonki, o'zandan uziladi suv -
Uch kun to'xtab qolsa, buziladi suv.
Yuragim ostida eziladi suv,
Ko'zimga chiqolmay ko'zyosh ovora.
2003
Do'stlaringiz bilan baham: |