Moniy ta’limoti yurtimizda buddaviylikdan keyin keng tarqalgan edi. u zardo’shtiylik va xristianlikning
sintezlashuvi natijasida vujudga kelgan. Moniy fors va arab tillarida bir necha risolalar yozgan. Lekin ular bizgacha etib
kelmagan. Moniy hatto «Moniylik yozuvi» nomli alifbo ham tuzgan. uning ta’limoticha, hayotda dastavval nur dunyosi
– yaxshilik va zulmat dunyosi- yovuzlik bo’lgan. Ular o’rtasida abadiy kurash boradi, inson ikki unsurdan (ruh — nur
farzandi, jism — zulmat mahsuli) iborat. Moniylik xalq ommasi manfaatlarini himoya qiluvchi ta’limot bo’lgani sababli
hukmron mafkura qarshiligiga duch kelgan.
Moniylik ta’limoti asosida Mazdak ta’limoti yuzaga kelgan. U eramizning V-VI asrlarida keng tarqalgan edi.
Uning asoschisi Mazdak (470-529 yillar) bo’lgan. Mazdak va uning maslakdoshlari o’z qarashlarida halq ommasiga
suyangan. Xalqning ozodlik, erkinlik, hurlik yo’lida olib borgan harakatlariga rahnamolik qilgani uchun tez fursatda
ularning maslakdoshlari, izdoshlari ko’payib ketgan. Mazdakiylik ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish yo’lida kurashga
da’vat etuvchi mafkura sifatida xizmat qilgan. Unda asosiy yovuzlik-boylikka hirs qo’yish va o’ta kambag’allik
qoralanadi. Bu insonparvar harakatdan cho’chigan shoh Mazdakni turli hiylalar bilan o’limga mahkum etadi.
Mazdakiylar harakati, eramizning VI asrida bostirilganiga qaramay, turli mamlakatlarda muayyan darajada davom
etgan. O’rta Osiyoda Muqanna, Ozarbayjonda Bobak boshliq dehqonlar va shahar kambag’allarining zulmga qarshi
kurashlari bunga misol bo’ladi.
Markaziy Osiyoda vujudga kelgan qadimgi falsafiy ta’limotlar, ular ilgari surgan g’oyalar bugungi kunda ham
muhim ahamiyatiga ega. Sanab o’tilgan qadimgi diniy-falsafiy ta’limotlar, ya’ni zardo’shtiylik, uning bosh kitobi —
«Avesto», Moniy ta’limoti, «Moniy yozuvi», mazdakiylik harakati jamiyatda adolat, erkinlik, teng huquqlilik
tamoyillarini qaror toptirishiga da’vat etgan. Vatan ozodligi yo’lida jon fido etgan Muqanna boshchiligidagi harakat
nafaqat O’rta Osiyoda, balki jahonning boshqa o’lkalarida ham aks-sado bergan. Vatanimizning o’sha davrda
shakllangan va rivojlangan boy madaniyati, milliy ma’naviyatimiz, falsafamiz jahon tsivilizatsiyasiga katta ta’sir
ko’rsatgan.
Sirasini aytganda, mamlakatimiz tarixi islom dini yurtimizga kirib kelgan davrdan boshlanmaydi. U islomga qadar
ham ming yillar mobaynida rivojlanib kelgan shonli tarixiga ega. Lekin, afsuski, Vatanimizning ana shu davr tarixi
nihoyatda kam o’rganilgan. Bu davrga oid manbalarning aksariyati esa yo’q qilib yuborilgan. Bu vayronkorlikning
boshida miloddan avval makedoniyalik Aleksandr turgan bo’lsa, mamlakatimizni zabt etgan keyingi bosqinchilar ham
ana shu yo’ldan borgan. Ular xalq ongidan mustaqillik va erkin hayot to’g’risidagi maqsad-muddaolarni butunlay
yo’qotib yuborishga urinishgan. Buning natijasida ma’naviy qashshoq va tarixiy xotirasiz kishilar tarbiyalanishi lozim
edi. Bosqinchilar Movarounnahrda nihoyatda boy madaniyat shakllanganini e’tirof etgan. Ammo uning bosqinchilik
g’oyalariga mos kelmaydigan juda ko’p namunalarini ayovsiz yo’q qilishgan. Ayniqsa, ma’naviy qadriyat va madaniy
boyliklarni shafqatsizlarcha g’orat qilish asosiy o’rinda turgan. Yurtimizda arablar istilosiga qadar ustuvor bo’lgan
ma’naviy va madaniy durdonalar qadrini yaxshi anglaydigan va ularning ahamiyatini to’g’ri tushunadigan kishilar
birinchi navbatda yo’q qilib yuborilgan. Bu to’g’rida Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»
asarida quyidagilarni yozgan: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o’rgangan va
bilimini boshqalarga o’rgatadigan kishilarni halok etib va butkul yo’q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va
rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib bo’lmaydigan darajada yashirin qoldi»
11
. Ushbu asarning boshqa
sahifasida ulug’ vatanparvar olim yuqoridagiga o’xshash yana bir fikrni quyidagicha ifoda etgan: «Qutayba
xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini o’ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz
bo’lib, o’z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga suyanadigan bo’ldilar»
12
.
Beruniy zamonida islom yagona hukmron diniy mafkura bo’lib turganini e’tiborga olsak, zikr etilgan asar va
undagi teran fikrlarni bunday o’ktamlik bilan aytish g’oyat ulkan jasoratni talab etgani ayon bo’ladi. Istilochilarning
bunday vayronkor siyosati keyin ham davom etgan. Xususan, mustabid sho’rolar mafkurasi hukmronlik qilgan davrda
ham ana shunday hol ro’y bergan. Nihoyatda boy qadriyatlarimiz, falsafiy ta’limotlarimiz, umuman o’z merosimizdan
bebahra bo’lib qoldik.
Istiqlol tufayli ajdodlarimiz yaratgan boy va o’lmas madaniy merosni o’rganish imkoni tug’ildi. Tarixiy xotirani
tiklash, xalqimiz qalbida milliy qadriyatlarga sodiqlik, vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish hozirgi kunda
ma’naviy hayotning ustuvor yo’nalishiga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |