Ilmiy bilish metodlarini o’rganadigan maxsus soha —
metodologiya deb ataladi. Ilmiy bilish metodlari o’z
xarakteriga ko’ra: 1) eng umumiy ilmiy metodlar; 2) umumiy ilmiy metodlar; 3) xususiy ilmiy metodlarga bo’linadi.
Eng umumiy ilmiy bilish metodlari barcha fanlar uchun xos bo’lgan metodlardir. Bunga analiz va sintez,
umumlashtirish va mavhumlashtirish, induktsiya va deduktsiya, qiyoslash va modellashtirish kabilarni ko’rsatish
mumkin. Masalan, tabiatshunoslik fanlarida kuzatish, eksperiment, taqqoslash umumilmiy metodlar bo’lsa, ijtimoiy
fanlarda tarixiylik va mantiqiylik umumilmiy metodlar hisoblanadi.
Xususiy ilmiy metodlar har bir fanning o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqadi. Masalan, suhbatlashish, anketa
so’rovi, hujjatlarni o’rganish sotsiologiya faniga xos bo’lgan xususiy ilmiy metodlardir. Bir fanda yaxshi samara
beradigan ilmiy bilish metodi boshqa fanda shunday samara bermasligi mumkin. Ilmiy bilishda to’g’ri metodni tanlash
bilishda muvaffaqiyat garovi hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, ilmiy tadqiqotda nimani o’rganish kerak, degan
masala fan predmetini aniqlashga imkon bersa, qanday o’rganish kerak, degan masala esa ilmiy bilish metodini to’g’ri
belgilashga yordam beradi.
Ilmiy bilish metodlari va ilmiy nazariya bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Ilg’or ilmiy nazariya fanning butun taraqqiyoti
davomida erishilgan muhim yutuq bo’lib, u ilgarigi ilmiy qarashlarni ijodiy rivojlantirish, o’sha yutuqlarga tanqidiy nuqtai
nazardan qarash orqali vujudga keladi. Fan mohiyatan o’zi erishgan yutuqlarga shubha bilan qarashni taqozo qiladi.
Fan, falsafa sohasida erishilgan yutuqlarni mutlaqlashtirish, ularga ko’r-ko’rona sig’inish muqarrar ravishda
dogmatizmni keltirib chiqaradi. Fan erishgan yutuqlar hamisha nisbiydir. Lekin bunday nisbiylikni mutlaqlashtirish
relyativizmni, fan yutuqlariga ishonchsizlik bilan qarash esa, skeptitsizmni vujudga keltiradi. Fan taraqqiyoti uchun
dogmatizm, relyativizm va skeptitsizm jiddiy xalaqit beradi.
Ilg’or ilmiy nazariyalar ma’lum bir davrda ilmiy va falsafiy qarashlar yo’nalishini o’zgartirishi, ilmiylikning o’ziga
xos mezoni bo’lishi ham mumkin. Masalan, Charlz Darvinning evolyutsion nazariyasi, A. Eynshteynning nisbiylik
nazariyasi falsafiy va ilmiy dunyoqarashlarda muhim o’zgarishlarni vujudga keltirdi.
Gnoseologiyada haqiqat tushunchasi muhim o’rin tutadi.
Haqiqat inson bilimlarining voqelikka muvofiq kelishidir.
Haqiqatni ochish yoki ilmiy haqiqatga erishish har qanday ilmiy bilishning asosiy vazifasi hisoblanadi. Haqiqat o’zining
mazmuniga ko’ra mutlaq va nisbiy bo’lishi mumkin. Fan haqiqati hamisha nisbiy xarakterga ega bo’lib, ularning
majmuasidan mutlaq haqiqat vujudga keladi.
Haqiqat o’z mazmuniga ko’ra hamisha ob’ektivdir. Ya’ni uning mavjudligi ayrim kishilarning xohish-irodasiga
bog’liq emasdir. Masalan, O’zbekistonning milliy mustaqilligi ob’ektiv haqiqatdir. Ayrim kishilarning bu mustaqillikni tan
olish yoki olmasligidan qat’i nazar, bu haqiqat o’z mazmunini saqlab qolaveradi. Haqiqatni atayin buzish yoki
soxtalashtirish oxir-oqibatda fosh bo’ladi va o’z qadrini yo’qotadi. Shuningdek, haqiqat hech qachon mavhum emasdir. U
hamisha konkretdir. Hegel so’zlari bilan aytganda, nimaiki voqe bo’lsa, u haqiqatdir, haqiqat — voqelikdir. Haqiqat
mazmunining konkret xarakteri joy, vaqt va sharoitni e’tiborga olishni talab etadi.
Gnoseologiyada tabiiy-ilmiy va ijtimoiy bilishning o’ziga xos xususiyatlarini anglash muhim ahamiyatga egadir. Uzoq yillar
davomida tabiatshunoslik fanlariga xos bo’lgan ob’ektivlik, xolislik ilmiylikning muhim mezoni deb hisoblab kelindi. Biroq XX
asr o’rtalarida fan-texnika inqilobi insoniyat oldida paydo bo’lgan muammolar tabiatshunoslik fanlari oldiga qadriyatli
yondashuv vazifasini qo’ya boshladi. Aqlli mavjudot bo’lgan inson har qachon tabiatni o’rganishda hamisha o’z manfaatlarini
ko’zlaydi. Tabiat resurslari cheksiz va bitmas-tuganmasdir, degan bir yoqlama qarash oxir-oqibatda inson tomonidan tabiatga
nisbatan shafqatsiz munosabatni vujudga keltirdi. XX asr oxirlariga kelib tabiatga nisbatan insonlarcha, qadriyatli munosabatda
bo’lish zaruriyati chuqurroq anglana boshladi.
Ijtimoiy fanlar hamisha mavjud siyosiy tuzum, davrning talab va ehtiyojlari bilan uzviy bog’liq ravishda
rivojlanadi. Ijtimoiy bilishda jamiyat ham bilish ob’ekti, ham bilish sub’ekti sifatida namoyon bo’ladi: insoniyat o’z
tarixini yaratuvchi va o’z-o’zini biluvchidir.
Tabiatshunoslikda nisbatan barqaror sistemalar bilish ob’ekti hisoblanadi. Tabiatdagi narsa va hodisalar
tadqiqotchiga hech qanday qarshilik ko’rsatmaydilar. Ijtimoiy bilishda esa, nisbatan tez o’zgaruvchi sistemalar bilish
ob’ekti hisoblanadi. Ijtimoiy bilishga xos bo’lgan muhim xususiyat shundaki, u moddiy ishlab chiqarish sohalarinigina
emas, balki jamiyatning ancha murakkab ma’naviy hayotini, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni, qarashlar va g’oyalarni
ham o’rganadi. Ijtimoiy fanlar milliy g’oya va milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda muhim rol o’ynaydi.
Gnoseologiyaning maqsad va vazifalari, bilishning mohiyati va mazmuni to’g’risida zarur bilimlarga ega bo’lish
mamlakatimizda bilimdon, har jihatdan etuk barkamol inson shaxsini shakllantirishda alohida o’rin tutadi. Bilish
nazariyasi bo’lajak mutaxassis-kadrlarda muayyan ilmiy layoqat va qobiliyatlarni shakllantirishga ko’maklashadi.
Milliy mustaqillik yillarida gnoseologiya oldiga qo’yilayotgan eng muhim vazifalardan biri, ilmiy bilimlarning
jamiyatimiz taraqqiyoti, tinchligi va farovonligi uchun xizmat qilishini ta’minlaydigan omil va mexanizmlarni
o’rganish, ulug’ ajdodlarimizning ilmiy bilimlarni rivojlantirish borasida orttirgan tajribalarini keng ommalashtirishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: