www.ziyouz.com kutubxonasi
56
Bu xabar Ali (r.a.) yo‘lidan rivoyat qilingan va Ibn Jarir ham mana shu qavlni
tanlagan».
Bizningcha, Dobba quyosh g‘arbdan chiqqanidan so‘ng paydo bo‘ladi. Chunki aynan
mana shu kavniy o‘zgarish, ya’ni quyoshning g‘arbdan chiqishidan keyin tavba eshigi
berkitilardi.
Dobba chiqadi, mo‘min kim, kofir kim aniq bo‘lib qoladi. So‘ng Shom yoki Yaman
tarafdan xushbo‘y shamol esib, mo‘minlarning jonini oladi. Yer yuzida faqat Luka’ ibn
Luka’(lar)gina qoladi va Qiyomat ana shu kimsalar ustida bo‘ladi.
Allohning O‘zi asrasin!
Quyoshning g‘arbdan chiqishi Dobba chiqishidan oldin bo‘lishiga Ibn Hajar keltirgan
rivoyatlar ham dalolat qiladi.
Ibn Hajar «Fathul Boriy»da yozadi: «Nuaym ibn Hammod Abdulloh ibn Amrdan
rivoyat qiladi:
– Odamlar Ya’juj va Ma’jujlardan so‘ng ozgina muhlat turadilar. Hatto quyosh
kunbotishdan bosh ko‘taradi. Shunda ularga bir jarchi nido qiladi: «Ey iymon
keltirganlar! Darhaqiqat, sizlardan qabul qilindi. Ey kofirlar! Endi sizlardan tavba eshigi
berkitildi. Qalamlar (siyohi) quridi, sahifalar yopildi».
Yazid ibn Shurayh yo‘lidan rivoyat qilinadi: «Quyosh mag‘ribdan chiqqach, qalblarga
(ayni holatdagi) narsalari muhrlanib qoladi. Hafaza (kotib, saqlovchi) farishtalar
ko‘tariladi. Ularga hech qanday amalni yozmaslik buyuriladi».
Abd ibn Hamid va Tabariy sahih sanad bilan Oishadan (r.a.) rivoyat qiladilar:
«(Qiyomatning) eng dastlabki oyat-alomatlari ko‘rinishi bilan qalamlar tashlanadi,
sahifalar yopiladi, hafazalar ozod qilinadi, tanalar (qilingan) amallarga guvohlik beradi».
Mazkur rivoyat garchi Oisha onamiz tilidan aytilayotgan bo‘lsa-da, uning
Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) olingani shubhasizdir. Yuqoridagi rivoyatlar
bir-birlarini quvvatlab, quyidagi ma’noga dalolat qiladi. Quyoshning g‘arbdan chiqishi
tavba eshigini yopadi va bu eshik qaytib ochilmaydi. Bu faqat quyosh g‘arbdan chiqqan
kungagina xos emas. Balki to Qiyomat kuniga qadar cho‘ziladi. Demak, quyoshning
g‘arbdan chiqishi Qiyomat kuni yaqin qolganini bildiruvchi eng birinchi alomat» (Ibn
Hajar so‘zi tugadi).
Demak, Dobba quyosh mag‘ribdan chiqqanidan so‘ng, choshgoh mahalida zohir
bo‘ladi. Qiyomat ana shundan so‘ng juda-juda yaqin qoladi. Hatto o‘sha vaqtda endi
tug‘ilgan go‘dak gunoh yoziladigan yoshga yetmay turib Qiyomat boshlanadi. Tavba
eshigi Qiyomat kunigacha berk bo‘ladi. Ilohiy adolat otaning gunohiga bolani javobgar
qilmaydi. Tavba eshigi balki faqat quyoshning g‘arbdan chiqishini ko‘rganlargagina
tegishli bo‘lar. Vallohu a’lam!
Do'stlaringiz bilan baham: |