311
kiritilgan «nazariy» ma’lumotlardan xalos bo‘lish, badiiy asarlarni tushunish va tushuntirishda,
asosan, go‘zallik qonuniyatlariga amal qilish kabi hodisalarga duch kelindi va ularni imkon
qadar zamonaviy talablar bilan yoritishga harakat qilindi.
Mazkur majmuani tayyorlashda universitet ta’limi uchun an’anaviy hisoblangan faqatgina
ma’ruza matnlariga emas, balki amaliy hamda seminar mashg‘ulotlari, mustaqil ta’limga alohida
ahamiyat berildi. Yangi pedagogik texnologiyani joriy etishda badiiy matnni o‘rganishning
zamonaviy usullaridan foydalanish (kseroks xizmati, fotonusxalar, vazn xususiyatlarini
o‘rganishda kompyuter imkoniyatlarini hisobga olish) ham nazarda tutiladiki, busiz boy adabiy
merosimizni bugungi kunda o‘rganishning imkoniyati nihoyatda cheklangandir. Nihoyat, mazkur
majmuani yaratishda O‘zbekiston Respublikasi universitet ta’limi uchun bugunga qadar
yaratilgan tajribalar ham ijodiy o‘rganildi va yangilandi.
«Islomga qadar yaratilgan adabiy yodgorliklar» bobi ostida Markaziy Osiyoda islomga
qadar yaratilgan yozma adabiy manbalar, ularning saqlanish shakllaridan qat’iy nazar izchil
davriy tartibda o‘rganilishiga e’tibor qaratildi. «IX-XII asrlar adabiyoti» deyilganda Markaziy
Osiyoda musulmonlik qabul etilgandan keyin vujudga kelgan ilk turk-islom davlatlari
somoniylar, xorazmshohiylar, g‘aznaviylar va qoraxoniylar davrida yaratilgan adabiy
yodgorliklar nazarda tutiladi. Tarixiy davrlashtirish tamoyillariga ko‘ra, bu davrdan so‘ng
mo‘g‘ul istilosi davri voqealari o‘rganilishini nazarda tutgan holda Chingizxon davrida
yaratilgan yagona yirik adabiy manba «Kisasu-l-anbiyo»ni ham mana shu davrning ma’naviy
ne’mati tarzida berildi. Keyingi adabiy davr o‘zbek milliy ma’naviyati taraqqiyotida avvalgi
tarixiy davrlardan sifat jihatidan keskin farq qiladigan adabiy hodisa bo‘lgani uchun ham uni
«Temuriylar davri adabiyoti» unvoni bilan taqdim qilindi. «XVI-XIX asrlar (I yarmi) adabiyoti»
nisbatan keng va adabiy manbalarga boy davr bo‘lganiga qaramasdan, Markaziy Osiyodagi
xonlik tuzumining tarqoqlashgan davriga to‘g‘ri kelgani uchun va bu adabiy davr tarix sahnasiga
Shayboniyxon sulolasining chiqishi va so‘nggi temuriy hukmdorlardan Boburshohning
Afg‘oniston va Hindistonga chekilishi ham ayni mana shu davr voqealariga aloqador bo‘lgani
uchun avvalgi dasturlarda «XIV-XV asrlar adabiyoti» namunasi sifatida tavsiya etilgan
Zahiriddin Muhammad Boburshoh, Shayboniyxon, Muhammad Solih v.b. ijodkorlar ham,
asosan, «XVI-XIX asrlar (I yarmi) adabiyoti» mavzusi ostida berilishi maqsadga muvofiq deb
topildi.
Do'stlaringiz bilan baham: