www.ziyouz.com kutubxonasi
167
— Ishdan keyin borolmayman. Agar «xo‘p» desangiz hozir borib tuzatib kela qolay...
Taklif ma’qul bo‘lib yo‘lga tushdilar...
Ularning birga kelayotganlarini Abduqayum ko‘rdi...
Ko‘rdi-yu, ko‘ngliga shubha oralamadi, yomon fikrga bormadi...
Uch kundan keyin Nafisani qarg‘adilar:
— O‘ynashi bilan yotgan ekan, sharmanda!
... Sharmanda... Sharmanda...
Uch kundan keyin Sanjarni la’natladilar:
— Suyuqoyoqqa ilakishgan ekan, yigit o‘lgur!
... Yigit o‘lgur... Yigit o‘lgur...
Hamxona ayol ham bu gaplarga ishondi va aytdiki:
— Ilgaritdan ko‘z suzishib yurardi-da...
KOSHAK
Koshak necha marta «etap»ga qo‘yilgan bo‘lsa ham bunchalik quvonmagan edi. Hali
toj kiyish darajasiga yetmagan, ammo «Ot!» desa otishdan, «Os!» desa osishdan,
«Bo‘g‘ib tashla!» desa bo‘g‘ib tashlashdan qaytmaydigan ikki yigitning ikki qanotiga
kirishi unga baxt va omad darvozalarini lang ochib beradiganday bo‘ldi. U yo‘l-yo‘lakay
«Parijda yashaganim yaxshimi yo Floridadami?» degan masalada ham bosh qotirishga
ulgurdi. U o‘zi yoqqan zulm o‘tida o‘zining qovrilajagini bilmay xom xayollariga bandi
bo‘lib maza qildi.
Ularni shahar chetidagi to‘rt qavatli uyning uchinchi qavatidagi besh xonali uyga
joylashtirdilar. Derazalariga o‘rnatilgan yangi panjaralarga qaraganda uy bularning
tashrifi uchun maxsus «jihozlangan» edi. Ertasiga yana yetti kishi kelib, uy to‘lib qoldi.
Ko‘ngil istagan barcha narsalar: aroq deyilsa — aroq, nasha deyilsa — nasha, qora dori
deyilsa — qora dori muhayyo etib turildi. Koshak hatto «Boquv shunaqa bo‘lsa, chet elga
jo‘nashning hojati ham yo‘q», degan xayolga bordi. Bo‘lajak ish rejasi bilan
tanishtirishga shoshilishmadi. Shunda Koshak ularni kuzatib turgan boshliqdan «bir
uydagi omonatini olib kelish» uchun ruxsat so‘radi. Boshliq kattalari bilan maslahatlashib
unga ikki kunga ijozat berdi. Koshak o‘zi bilan kelgan yigitlarning birini yoniga olib
Samandarning uyini topdi. Kuzatdi. Ertasiga slesar qiyofasida kirdi. Kichik xona polining
taxtalarini ko‘chirdi. Ko‘chirdi-yu, laqqa tushganiga amin bo‘lib, g‘azab bilan mushtumini
qisdi. Qo‘lida uchli burama mixni ushlab turganini ham unutdi. Mix barmog‘i uchiga
sanchilgandan keyingina o‘ziga keldi...
Jahl otiga minganicha chiqib ketmoqchi edi, ammo boshliqning «birorta iz qolsa,
o‘zingdan ko‘r, u yer sen o‘ylagan onangning uyi emas», degan topshirig‘ini eslab,
taxtachalarni joyiga qo‘ydi. Javonni o‘rniga surishga esa ulgurmadi. Eshikdan tashqarida
ovozlar kelgach, o‘zini hammomga urdi...
Tugmali buklama pichoq bilan erkakni bir hamlada o‘ldirdi.
Ayol dod solib oshxona tomonga qochdi. Chap qo‘li bilan og‘zini yumib, o‘ng qo‘lidagi
pichoqni qovurg‘asi ostiga sanchdi. Ayol yiqilib tipirchilay boshladi. Uning qulog‘idagi
zirak ko‘zi yaltillab ketdi — ikkala zirakni shart quloqdan uzib ola qoldi. So‘ng
barmoqdagi uzuklarni oldi — har holda quruq ketmayotganidan quvondi. Ayolning jon
berishi og‘ir bo‘ldi. Unga rahmi keldi — stol ustidagi pichoqni olib, yuragiga sanchib, bu
dunyo azoblaridan qutqardi. Pichoq sopini ro‘molchasi bilan artib qo‘yishni unutmadi.
Boshliqning iz qoldirmaslik haqidagi topshirig‘ini eslab, buning ham chorasini topdi —
gaz yo‘llarini ochdi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |