www.ziyouz.com kutubxonasi
149
Ozod bo‘lishga ishonchi komil bo‘lgan yigitning ahvoli shu bo‘lganidan keyin
Samandarning ahvoliga maymunlar yig‘lamasmikin? Samandar shu fikrda ezilib
yotganida yana eshik ochildi, ammo soqchi emas notanish bir yigit kirib salom berdi-da:
— O‘rtoq Ochilov, yuring, anglashilmovchilik bo‘libdi, — dedi.
Shu anglashilmovchilik tufayli, Samandar kutganidek uning holiga maymunlar
yig‘lamaydigan bo‘lishdi.
Samandar hibsxonada ezilib o‘tirganida Omonullo Nafisa bilan Sanjar ishlagan
kooperativga yana bordi. Bu korxona moliyaviy ahvolining tekshiriluvi Omonulloga zarar
yetkazdi: xodimlar u bilan yanada cho‘chibroq gaplashishdi. Oqibatda Nafisa bilan Sanjar
munosabatlarini oydinlashtira olmadi. Nima uchun uyga borganlari u uchun mavhum
bo‘lib qolave-radi.
Ertalabdan beri quyosh bilan berkinmachoq o‘ynayotgan o‘rkach-o‘rkach bulutlar
osmonu zaminga hukmronlik o‘tkazish qasdida birlashmoqqa kirishgan edilar. Oftob
nuridan bebahra yer yuzi momaqaldiroqlarni kutib dim bo‘lib oldi. Azaldan dim havoga
toqatsiz Omonulloni ter bosdi, nafas olishi esa og‘irlashdi. Qo‘nalg‘adagi joyidan
jilayotgan avtobusni ko‘rib hushtak chalgan edi, haydovchi insof qilib to‘xtadi. Omonullo
oldingi qatordagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirishdan oldin oynani yon tomonga surib, ochdi.
Shabada iliq bo‘lsa ham ko‘kragiga rohat berdi. Bo‘yniga oq chit ro‘mol tashlab olgan
haydovchi radio ovozini balandlatib, ashulaga mast bo‘ldi. To‘ylarni gullatayotgan bu
qo‘shiq Omonulloga ham ma’qul kelib, xufton dili jindek yorishdi. Ashuladan so‘ng bir
shoir bosiq, dardli ovozda she’r o‘qiy boshladi:
— Qaytayapman, o‘zimni ko‘mib...
She’rning birinchi satriyoq Omonulloning diqqatini o‘ziga jalb qildi:
Tog‘lar — g‘arib, bog‘lar — tashlandiq.
Men ko‘milgan tuproq it bo‘lib
Yuzlarimni yalay boshladi.
Bu satrlarni eshitib Omonulloning eti seskandi. Haydovchi radio ovozini pastlagan edi,
«Og‘ayni, eshitaylik!» deb iltimos qildi.
Ey so‘qir zot, ko‘zlaringni och!
Ko‘zlarimda qonim qaynaydi.
Qaro kiygan qaro qayrag‘och
Bu kun mendan tona olmaydi.
... Siynalari pajmurda, zahil
Daraxtlarga termular ayol...
Tiriklik holida ko‘rinmagan Nafisa nechundir Omonulloning nigohi oldida gavdalandi:
o‘lik ayol emas, ko‘zlari ochiq juvon ko‘rindi. Dardli nigohi, savolli nazari bilan qaradi:
Nafisaning ko‘zlari «Meni kim o‘ldirdi? Nima uchun o‘ldirdi?» deb so‘rar, radioda esa
shoir bo‘g‘ilib she’r o‘qirdi;
Odam — hissiz buyuk haqiqat,
Odam — go‘rda tirilgan armon...
Odam — qatra zardobrang hasrat...
Odam — beun, besukun xayol...
Odam — boshi kesilgan bulut...
Odam — og‘ir oyoqli Ayol...
Odam — armon va...
Odam — umid...
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |