Umumiy tilshunoslik esa umuman tillarning kelib chiqishi, ijtimoiy mohiyati,
jamiyatdagi o`rni va vazifalari, taraqqiyot yo`llari, til va tafakkurning o`zaro
bog`liqligi, tillararo munosabatlarni umumlashtiruvchi, ilmiy xulosalar
chiqaruvchi hamda shu asosda til qonuniyatlarini aniqlab beruvchi fandir.
Mazkur kurs, ya‟ni “Tilshunoslikka kirish” kursi talabalarni tilning eng zarur,
boshlang`ich tushunchalari bilan tanishtiradi. Tilning boshqa hodisalar ichida
tutgan o`rni, turli til hodisalari, til va nutq oppozitsiyasi, tilshunoslikning turli
sathlari xususida umumiy ma‟lumotlar beradi. Dunyo tillarining turli tasniflari
borasidagi alohida qarashlarni qiyoslab o`rganadi, shuningdek, murakkab til
hodisalarini to`g`ri tushunish uchun zaruriy lingvistik atamalar bilan tanishtiradi.
Ushbu qo`llanmada “Tilshunoslikka kirish ” va “Umumiy tilshunoslik”
kurslarining bir-biri bilan chambarchas bog`liqligini hisobga olib, til hodisalarini
jahon standartlari asosida izohlashga baholi qudrat harakat qildik. O`zbek
tilshunosligiga bog`liq o`rinlarda esa shakl-vazifaviy yo`nalish asosida
yondashilgan ilmiy xulosalarga tayanildi.
“Tilshunoslikka kirish” kursining vazifasi bakalavriat tizimidagi filolog
talabalarni til haqidagi fanning asoslari bilan tanishtirish, ularning lisoniy
bilimlarini kengaytirish va mustahkamlash, ularga zaruriy lingvistik atamalr haqida
ma‟lumot berish, ba‟zi tillar orasida uchrovchi ayrim til hodisalaridagi umumiylik
va xususiyliklarni qiyoslab berishdan iboratdir.
Ushbu kurs to`rt asosiy qismdan iborat bo`lib, kirish qismida til – ijtimoiy
hodisa sifatida, ikkinchi va uchinchi bo`limlarda lison va nutq farqlanishi hamda
shu asosda lisonshunoslik bo`limlari, nihoyat dunyo tillari tasnifi o`rganiladi.
Til ijtimoiy mohiyatga ega bo`lgan hodisadir. Avvalo, “til”, “ijtimoiy”
tushunchalari to`g`risida batafsilroq to`xtalib o`taylik. Til bevosita kuzatishda
berilmagan. U jamiyat a‟zolarining ongida mavjud bo`lib, ularning barchasi uchun
tayyor, umumiy, majburiy bo`lgan, fikrni shakllantirish va uni ifodalashga xizmat
qiladigan birliklar va ularning o`zaro munosabatlari haqidagi tasavvurlar
yig`indisidir. Til mohiyat, umumiylik, zaruriyat va yashirin imkoniyatdir.
“Ijtimoiy” so`zi arab tilidan olingan bo`lib, kishilik jamiyatiga, uning hayoti va
qonuniyatlariga oid degan ma‟noni ifodalaydi. Kishilik jamiyati til bilan
chambarchas bog`liq bo`lib, til yordamida kishilar o`zaro fikr almashish
imkoniyatiga ega bo`ladilar. Demak, til kishilik jamiyatining eng muhim aloqa
vositasi bo`lib, jamiyatga xizmat qiladi. Til ko`p qirrali va murakkab hodisa
bo`lganligi uchun ham kishilik jamiyatining tarixiy taraqqiyoti davomida til hamda
uning muhim xususiyatlari haqidagi turli tushunchalar, fikr-mulohazalar-u
nazariyalar vujudga kelgan. Jumladan, XIX asrning o`rtalariga kelib tabiiy fanlar
sezilarli darajada rivojlandi; Charlz Darvinning jonivor va o`simliklarning turlari
haqidagi ta‟limotining yuzaga kelishi natijasida ba‟zi tilshunos olimlar tilni tirik
organizm deb tushuna boshladilar. Mashhur nemis olimi Avgust Shleyxer (1821-
1868) nomi bilan bog`liq bo`lgan “naturalistik oqim” vakillari tilni tirik organizm
ekanligini isbotlashga uringanlar. A.Shleyxer o`zining “Darvin nazariyasi va
tilshunoslik”(1863 y.) asarida Darvinning ta‟limotini tilga ham tatbiq etish kerak,
deb da‟vo qiladi. A. Shleyxer va uning tarafdori bo`lgan M.Myullerlarning
yozishlaricha, tilning paydo bo`lishi, rivojlanishi va o`lishi tabiat qonunlariga