www.ziyouz.com kutubxonasi
29
bo‘lgan chaqmoqqa o‘xshaydi, so‘ngra yana qaytadi, goho bu holat (ya’ni, qaytishi)
kechikadi. Agar qaytsa, mustahkam joylashib oladi.
Goho birinchi ko‘ringandayoq tutib qolinadi. Shu holatda sobit tursa, uning saboti goho
uzoq vaqtga cho‘ziladi, goho uzoqqa bormaydi, goho esa bunga o‘xshash narsalar asta-
sekin qo‘shilib zohir bo‘ladi, goho qo‘shilmasdan bir xil ko‘rinishda to‘xtaydi.
Yaratilishdagi va axloqlaridagi tafovutni cheklab bo‘lmaganidek, Alloh taolo valiylarining
bu to‘g‘ridagi martabalarini cheklab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu yo‘l tomoningizdan bo‘ladigan
(qalbni) poklash, soflash va jiloga taqaladi. (Alloh taoloning rahmatini) kutib, unga
tayyorgarlik ko‘rish esa keyingi narsadir. Ammo o‘ta zukko va e’tiborli hisoblangan
ulamolarning fikriga qarasak, ular ham bu yo‘lning borligini inkor qilishmadi va buning
mumkinligini, lekin bu maqsadga kamdan-kam holatlardagina yetishishni bilishdi. Chunki
bu ko‘p payg‘ambar va avliyolarning holati edi. Lekin bu yo‘lni notekis, o‘nqir-cho‘nqir,
deb hisobladilar va uning natijasi juda sekin yuzaga chiqishini aytdilar. Hamma
shartlarini jamlay olishni ham uzoq sanadilar. Ularning fikricha, o‘sha chegaragacha
bo‘lgan aloqalarni yo‘q qilish qiyin, agar shular paydo bo‘lsa, bu had yetganda ham
uning sabotli bo‘lishi undan ham qiyin. Zero, eng kichik vasvasa hamda fikr ham qalbni
buzadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: «Mo‘min qalbining o‘zgarishi
qozonning qaynashidagi o‘zgarishdan ham qattiqroqdir» (Imom Ahmad rivoyati).
Yana aytadilar: «Mo‘minning qalbi Rahmon barmoqlaridan ikki barmoq (ya’ni, o‘ziga xos
bo‘lgan, bizniki kabi jismli emas) o‘rtasidadir» (Imom Muslim rivoyati). Bu urinish
asnosida gohida xulq buziladi, aql ham o‘zgaradi, badan kasal bo‘ladi. Agar oldin
nafsning riyozati, ilmning haqiqatlari bilan uni tozalash imkoni bo‘lmasa, qalbga har xil
buzuq xayollar o‘ralib qoladi. Bu buzuq xayollar qalbdan yo‘q bo‘lib ketguncha qalb
ularga ishonib qoladi. Natijada bu ishda zafar topmasdan turib umri tugab qoladi. Bu
yo‘lni tutgan qancha-qancha so‘filar borki, bitta xayolda yigirma yillab qolib ketadilar.
Agar ular oldin mustahkam bir ilmga ega bo‘lishganida ana shu xayollarining chigal
joylari o‘sha zahoti ochilib ketgan bo‘lardi. Bas, ta’lim olish yo‘li bilan shug‘ullanish
maqsadga yetishga yaqinroq va ishonchliroqdir. Yana e’tiborli ulamolar bularning
misolini go‘yo bir inson ilm o‘rganishni tark qilganiga o‘xshatadilar. Shu bilan birga
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham ana shularni ta’lim olib o‘rgangan emaslar. U
zot takrorlashsiz va yozishsiz, balki vahiy va ilhom bilan olim bo‘lganlar. Mening ham
riyozatim shu darajaga yetsa, bunda doimiylik bo‘lsa, ana shu darajaga yetaman,
deyishga o‘xshash gaplarni aytishadi. Qaysi bir inson shu gumonda bo‘lsa, o‘z nafsiga
zulm qilibdi, umrini behuda o‘tkazibdi. U go‘yo biron kon topib olish umidida kasb-hunar
va dehqonchilik yo‘llarini tark qilgan kishiga o‘xshaydi. Albatta bu holat (ya’ni, kon
topilishi) mumkin, lekin juda qiyin ish. Ilm o‘rganishni tark qilib, ilhomni kutib o‘tirish
ham xuddi shu kabidir. Tasavvuf yo‘lini tutganlar avvalo ulamolar o‘rgangan narsalarni
o‘rganib, ular aytgan narsalarni anglamoqlari lozim. Ana shundan keyingina boshqa
ulamolarga ochilmagan narsalarning kashf bo‘lishini kutib turmoqlarining zarari yo‘qdir.
Extimol, ana shundan keyingina ularning tirishqoqligi natijasida kashf etilishi mumkin
bo‘lar.
Do'stlaringiz bilan baham: |