www.ziyouz.com kutubxonasi
16
qo‘ydi. Zero, aql boshliqlikka, g‘oliblikka va ega bo‘lmoqlikka haqli edi. Lekin uni mana
bu uch narsaga xizmat qilish bo‘ysundirib qo‘ydi.
Endi shubha qilmasa ham bo‘ladiki, bu uch narsaga toat qilish ta’siridan qalbga sig‘may
qoladigan darajada xunuk sifatlar tarqaladi. Bu xunuk sifatlar hatto muhrga va qalbni
halok qiluvchi, o‘ldiruvchi tamg‘aga aylanib qoladi. Shahvat to‘ng‘iziga itoat qilishdan
behayolik, ifloslik, isrofgarchilik, ziqnalik, riyokorlik, nomussizlik, masxarabozlik,
pastkashlik, harislik, o‘ta ochko‘zlik, laganbardorlik, hasadgo‘ylik, ginachilik, so‘kishish
va boshqa narsalar sodir bo‘ladi. Ammo g‘azab itiga itoat qilishdan qalbga tarqaladigan
narsalar - o‘zini tutolmaslik, yomon ishlardan saqlanmaslik, mutakabbirlik, o‘ziga katta
baho berish, qattiq g‘azablanmoq, manmansirashlik, mazax qilmoq, yengil sanamoq,
xalqni taxqirlamoq, yomonlikni istamoq, zulmkorlik va boshqa narsalar sodir bo‘ladi.
Shahvat va g‘azabga itoat qilishdan shaytonga bo‘ysunish kelib chiqadi. Shaytonga itoat
etishdan esa makr, aldoqchilik, hiyla, ayyorlik, surbetlik, fisq-fujur, fitnagarlik, xiyonat
qilish, firibgarlik, behayo so‘zlarni gapirish va shunga o‘xshash narsalar hosil bo‘ladi.
Agar bularning aksicha - robboniy sifatlarni hammasiga g‘olib qilsa, qalbida robboniy
sifatlardan bo‘lgan ilm, hikmat, ishonch, narsalarning haqiqatini ihota qilish, ya’ni
qamrab olish, ishlar qay tarzda bo‘lsa, ularni shunday bilish, bularning hammasiga esa
ilm quvvati va qalb ko‘zining nuri bilan ega bo‘lish, ilmning yetukligi va ulug‘ligi bilan
butun xalq oldida yurishga haqli bo‘lmog‘i qalbida qaror topar edi hamda shahvat va
g‘azabga itoat qilishga muhtoj bo‘lmasdi.
Shahvat to‘ng‘izini ushlab turishdan, uni to‘g‘rilik chegarasiga qaytarishdan qalbga pok
vujud, qanoat, bosiqlik, zohidlik, parhez, taqvo, ochiq yuzlilik, chiroyli holat, hayo,
qalbning ziyrakligi, bir-biriga yordam berish va shunga o‘xshash narsalar tarqaladi.
G’azab quvvatini ushlab turishdan, uni o‘ziga bo‘ysundirishdan, turishi vojib bo‘lgan
chegaraga uni qaytarishdan qalbda jo‘mardlik, saxiylik, baquvvatlik, nafsni tiyib tura
olish, sabr qilish, halimlik, qiyinchilikni ko‘tarish, kechirimlilik, qat’iyatlilik, istalgan
maqomga yetishish, oliyjanoblik, viqorli bo‘lish va boshqa sifatlar hosil bo‘ladi.
Qalb yuqorida zikr qilinganiday, unga ta’sirini o‘tkazuvchi yomon sifatlar o‘rab olgan,
ya’ni xiralashtirgan bir oyna hukmidadir. Bu yomon sifatlar qalbga paydar-pay bog‘liqdir,
ammo biz zikr qilib o‘tgan yaxshi sifatlar esa qalb oynasining jilosini, yoruqligini, nurini
va ziyosini ziyoda qiladi, hatto unda haqiqat jilosi shu’lalanadi, dindagi matlub ishning
haqiqati qalbda kashf bo‘ladi. Shunday qalblarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi
vasallamning so‘zlarida ishora bordir: «Agar Alloh bir bandaga yaxshilikni xohlasa,
qalbida o‘zi uchun nasihatgo‘y paydo qilib qo‘yadi» (Daylamiy rivoyati); «Kimning
qalbida bir nasihatgo‘y bo‘lsa, uning uchun Alloh tomonidan bir saqlaguvchi bo‘ladi» (asli
yo‘q hadis).
Allohning zikri qaror topgan qalb haqida mana bu oyatda ham ochiq ishora bor:
Do'stlaringiz bilan baham: |