www.ziyouz.com kutubxonasi
204
472. Abdulloh ibn Mas’ud Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar:
"Alloh taolo kunlardan to‘rttasini, oylardan to‘rttasini, ayollardan to‘rttasini, jannatga
oldin kiruvchilardan to‘rttasini va jannat mushtoq bo‘lganlardan to‘rttasini tanladi.
Tanlangan kunlar:
1. Jum’a kuni. U kunda bir soat borki, banda Alloh taolodan dunyo va oxirat ishlaridan
nimani so‘rasa, beradi.
2. Arafa kuni. U kunda Alloh taolo maloikalarga faxrlanib aytadi: "Ey maloikalarim,
bandalarimga qaranglar, ular sochlari to‘zg‘igan, chang holatda kelyapti. Ular mollarini
infoq qildilar, badanlari charchadi, shohid bo‘linglar, Men ularning gunohlarini
kechirdim".
3. Qurbonlik kuni. Bu kun kelib, banda so‘ymoqchi bo‘lgan qurbonlig‘iga yaqinlashsa,
birinchi oqqan qatra qon bandaning o‘tgan gunohlariga kafforat bo‘ladi.
4. Iyd kuni. Ramazon oyida ro‘za tutganlaridan keyin ular bayramlarga chiqishadi. Alloh
taolo maloikalarga aytadi: "Ey farishtalarim, har bir amal qiluvchi ajrini talab etadi.
Bandalarim ro‘za tutdi va bayramlariga chiqdi, ajrlarini Mendan so‘radi. Guvoh bo‘linglar,
Men ularni kechirdim". Keyin nido qiluvchi nido qiladi: "Ey Muhammad sollallohu alayhi
vasallamning ummati, qaytinglar, yomonliklaringizni yaxshilikka aylantirdim".
Tanlangan oylar: Allohning oyi – rajab va uchta ketma-ket keluvchi – zulqa’da, zulhijja,
muharram oylari.
Tanlangan ayollar: Maryam binti Imron, Allohga va payg‘ambariga imon keltirgan
birinchi ayol Xadicha binti Xuvaylid, Fir’avnning xotini Osiyo binti Muzohim va jannat
ayollarining sayyidasi Fotima binti Muhammad.
Tanlangan jannatga birinchi kiruvchilar: Har bir qavmning jannatga birinchi kiradigan
kishisi bordir. Arablardan Muhammad sollallohu alayhi vasallam, forslardan Salmon,
Rumdan Suhayb va habashlardan Bilol.
Jannat mushtoq bo‘lgan kishilar: Amirul-mo‘minin Ali ibn Abu Tolib (r.a.), Salmon,
Ammor ibn Yosir va Miqdod ibn Asvad (r.a.)".
473. Solim ibn Abu Ja’ddan rivoyat. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Fotimaga:
"Qurbonlik qilayotgan narsang oldida unga qarab tur. Albatta, Alloh taolo gunohlaringni
birinchi qon tomchisi tomishi bilan ko‘taradi", dedilar. Imron ibn Husayn: "Bu sizga va
ahlingizga xosmi, ey Rasululloh, yoki hamma musulmonlargami?" deb so‘radi. "Hamma
musulmonlarga", dedilar sollallohu alayhi vasallam.
474. Oyisha onamiz (r.a.) aytadilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Qurbonlik
qilinglar va u bilan xursand bo‘linglar. Kim qurbonligini qurbonlik qiladigan joyga olib
borsa, uni qiblaga qaratsa, qiyomat kuni shoxi, qorin ichidagilari, qon va junlari,
tezaklari keltiriladi. Qon agar tuproqqa tushsa, go‘yo Allohning oldiga tushgandekdir.
Yengilgina infoq qilib ko‘p mukofot olinglar", dedilar".
________________
Do'stlaringiz bilan baham: |