www.ziyouz.com kutubxonasi
94
— ...va kuch emas, faqat haqiqatgina adolat tantanasiga olib kelishini bilib, bizlar xotirjammiz, —
yakun yasadi Kalxeyn. — E’tiboringiz uchun rahmat.
Ulkan tanobiy gulduros qarsaklardan larzaga keldi. Kalxeyn yuzlari yal-yal yonib olqish ma’nosida
qo‘lini ko‘tardi, so‘ng joyiga borib o‘tirdi-da, yana qo‘shnisi Karmin de Sapio tomon o‘girilib, u bilan
uzoq gaplashib qoldi. Raislik qiluvchi Grork o‘rnidan turdi va garchi qarsaklar hali tinmagan bo‘lsa-da,
qo‘l ishorasi bilan tinchlik o‘rnatishga harakat qildi, biroq shu bilan birga, Palmerning nazarida, bu
ishora bir vaqtning o‘zida yig‘ilganlarning yangi kuch bilan yana gulduros qarsaklar chalishiga umidni
ham ifoda etar edi.
Biroz o‘zini orqaga olib, Palmer o‘rindiqda o‘rnashibroq o‘tirdi. Shu holatda u Virjiniya Klerining
jingalak qora sochlari qoplagan ensasini, bo‘ynini va ikkala kurak oralig‘idan ko‘ylagi ichiga kirib
yashiringan nafis yelkasinigina ko‘ra olar edi.
U o‘rindiqda o‘tirarkan, ahyon-ahyondagina notiqlarning so‘zlari uzuq-yuluq shuuriga yetib kelardi.
Notiqlarning ro‘yxati oxirlab qolgandi va nihoyat duo kalimalari yangradi. Palmer minbardagi
sodirliklarni shu qadar oz kuzatar ediki, avvaliga unga duoni anglikan1 cherkovi ruhoniysi qiroat
qilayotgandek bo‘lib ko‘rindi, g‘ira-shirada uning ridosini ilg‘ab bo‘lmadi. Faqat lotincha katolik
duolaridan xotima oyatlari quloqqa chalingandagina Palmer xato qilganini angladi. U yelka qisib
qo‘ydi-da, qadahidan mayda-mayda ho‘play ketdi.
Yig‘ilish dasturi bir marta tugal ishlab chiqilgan reja bo‘yicha o‘tkazilardi. Estrada tomoshasini ochib
bergan kulgi aktyori o‘zining bor mahoratini tomoshabinlarga namoyish etishga harakat qilardi. Har
bir kosa tagida nimkosa hazildan keyin u jimib qolar, yasama qo‘rquv ichida og‘zini kafti bilan berkitar
va diniy nazorat vakillariga xavotir bilan ko‘z yugurtirib qo‘yardi.
— ... Shunday qilib, vaqtni zoe ketkazmasdan, xonimlar va janoblar, men suyukli zarrinsochimni
sizlarning ixtiyoringizga havola qilaman, garchi mish-mishlarga qaraganda, agar tagigacha kavlab
yetilsa, u hecham zarrinsoch bo‘lmasa-da. U ajoyib xonanda, xonimlar va janoblar, hozir uning
qo‘shiqlarini tinglaysiz, — bu “Pijamadagi oqshom” operettasidagi chinakam oqshom yulduzi.
Shunday qiling, xonimlar va janoblar, tinglang, tomosha qiling: e’tiboringizga maftunkor Kittini havola
etaman. Kitti Keyn! Qani, uni bir yaxshi qarsaklar bilan kutib olaylik!
Lablarida ko‘zidagi ayanchli ifodaga aslo mos kelmaydigan tabassum qotib qolgan yo‘g‘ondan-
yo‘g‘on xunuk zarrinsoch xonanda qiz butun oqshom davomida orkestr chalgan ko‘hna ohanglardek
ulug‘ yoshdagi bir qancha romanslarni ijro etdi.
Shundan keyin balet juftligi “Vasvasa”ning biri bosiq bolero maromidagi, ikkinchisi esa sho‘x
stakkato maromidagi ikki versiyasini ijro etdi. Juftlikdagi erkak o‘ziga sherik ayoldan juda
bo‘lmaganda o‘n yosh kichik bo‘lsa-da, mungli nigohiyu botirona gavda holatlari bilan yoshdagi farqni
aslo bildirmayotgandi. Orkestrning bir necha maqomidan ilgariroq ular raqsni nihoyasiga yetkazdilar,
mashshoqlar esa cho‘zib chalishlariga qaramay baribir oxirigacha yetmasdan kuyni uzib qo‘yishdi.
Faqat akkordionchigina bir o‘zi qolganini his etgunga qadar yana bir necha soniya chalib turaverdi.
Baland bo‘yli va xushqomat tenor “Roz-Mari”dan birinchi bandni tugatmasidanoq mashhur qiziqchi
uni bo‘lib qo‘ydi. Tenor bilan birgalikda u qandaydir chalkash intermediyani o‘ynay boshladi, kuy
davomida qo‘shiqchining mardona shavkati xira tortib qoldi va uning siyqa tendentsiyalari rang-
barangligiga ishora qilinganiga qaramay qiziqchi tenorni o‘z holatiga qaytarishga behuda urinardi.
Palmer avvaliga raqsning qanday davom etishini kuzatishga harakat qildi, biroq baribir oxirigacha
toqat qilolmadi va zo‘raki tabassum bilan Virjiniya tomon o‘girildi.
— Yevropa bo‘ylab qilingan tantanavor sayohatdan yaqinda qaytib kelgan! — e’lon qildi u.
— Shohona zotlar huzurida tomosha ko‘rsatgandir-da, shundaymi?
— Shirakayf zotlar huzurida, — g‘udrandi Palmer. — Darvoqe, o‘n birgacha hali uzoqmi? Ie, hali
ham o‘n bir bo‘lmadimi?
— Endi o‘n yarim bo‘ldi.
— Men esa o‘n birda ketishim kerak.
— Ketishingiz kerakmi yo ketsangiz bo‘laveradimi? — surishtirdi juvon.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |