www.ziyouz.com kutubxonasi
286
— Siz umuman haqiqatni bilasizmi o‘zi? — so‘radi u. — Siz qari firibgar sifatida nom qozonishdan
boshqaga yaramaysiz. Qaysi biringizni bankir deb bo‘ladi? Jin ursin, sizlar bu ishda nimani
tushunasizlar o‘zi? Siz mamlakatimizda to‘lib yotgan laqma, miyasi yo‘q lo‘ttibozlardan birisiz. Nari
borganda faqat qattiq turtib qo‘yishni bilasiz, xolos. O’zingizdan dono yoki nodon odam bilan turtishib
qolsangiz, tamom, sho‘ringiz quriydi. Jo Lumis sizni sassiq bo‘laklarga ajratib xo‘rak uchun qoldirdi.
Men sizni yopishtirib, yana odam tusiga kiritdim. Mishiqi go‘dakka o‘xshab baqirishdan boshqa narsa
qo‘lingizdan kelmaydi. Agar siz jimgina o‘tirib, ta’mirni tugatishimga imkon bersangiz — yaxshi. Lekin
yana bir marta tilingizga erk bersangiz, sizni pashshalarga yem qilib qoldiraman.
Palmer oyog‘i ostidagi pol go‘yo dahshatli ravishda chayqalayotganini payqadi. U o‘tirdi va o‘zini
bosishga urindi.
Oradan bir muddat o‘tib, ikkisi ham nafratlarini bosib olgach, Berkxardt qutidan yana bitta sigareta
oldi va katta deraza oldiga borib, pastga, Beshinchi avenyuga uzoq tikilib turdi. Keyin o‘girildi.
Yorug‘lik orqasidan tushayotgani uchun uning yuz ifodasini ko‘ra olmadi.
Berkxardt bo‘g‘iq ovozda gapirar edi: — Jamg‘arma banklarini nima qilmoqchisan?
Palmer yelkasini qisdi.
— Ish yurishyapti, — shoshilmay javob berdi u. — Tafsilotlarni kavlashtirishga hojat yo‘q. Bank
qo‘mitasini shunday qo‘rqitamizki, ular qaror chiqarishni kelgusi yilgacha qoldirishadi.
— Bu yordam beradimi?
Palmer ko‘zlarini qisib qariyaga qaradi.
— Yordam beradi. To‘g‘ri, ancha qimmatga tushadi.
— Qanchaga? — savol o‘ta hissiz edi.
— Hozirning o‘zida yetti ming atrofida. Balki tugatishimizdan oldin o‘n ming bo‘lar. Bernsning
xarajatlari bunga kirmaydi.
— Bernsning?
— Birorta e’tirozingiz bormi?
Berkxardt unga yarim o‘girildi. Palmer uning ifodasiz, sovuq yuziga ko‘z tashladi.
— Bilmayman, — javob berdi qariya.
Palmerning shaxsiy telefoni jiringladi. U stol yoniga borib, go‘shakni ko‘tardi.
— Rahmat, Pit, — dedi u va go‘shakni ilib qo‘yib, Berkxardtga qaradi. — Jet-Tex aktsiyalarining
bahosi 29 gacha tushibdi. Oxirgi o‘n ikki yildagi eng past narx.
Berkxardtning lablari shalvirab, qimirladi. U o‘zini uddalay olmayotgan odamga o‘xshab qolgandi.
Nihoyat u:
— Tabriklayman, — dedi.
— Leyn, sizda ularning aktsiyalari bormi?
— Yo‘q.
— Arzon paytida biroz sotib olmoqchi emasmisiz?
— Yo‘q.
— Bunisi yaxshi. Biz YuBTK vakili Jet-Tex aktsiyalarini sotib olayotgan paytda qo‘lga tushishiga yo‘l
qo‘ya olmaymiz.
Berkxardt bosh irg‘adi va go‘yo oxirgi o‘ttiz daqiqa ichida o‘n besh kilogramm vazminlashgandek
og‘irlashib qolgan qadamini arang tashlab eshikka qarab yurdi. U eshik yonida to‘xtadi.
— Yana birorta ko‘rsatma bo‘ladimi?
— Kayfiyatingizni o‘zgartirishga harakat qiling.
— Omadi yo‘q odam deb hisoblayapsanmi?
— Eshiting, — dedi Palmer. — Men sizni bilaman. Siz hech qachon, hech kimga vakolatingizni
bermagansiz. Chunki o‘zingizdan boshqa hech kimga ishonmaysiz. Ana shundan o‘zingizni baxtli
hisoblagansiz. Boshqa holatda ham baxtli bo‘lishga o‘rganing-da. Bu — juda oson.
— Qayta o‘rganish uchun juda qarib qoldim.
Ana shu daqiqalarda Berkxardtning lablari qimirladi-yu, ovozi chiqmadi. Nihoyat, u qiynalib gapirdi:
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |