www.ziyouz.com kutubxonasi
15
bo‘lib, unga o‘n ikkita tilla gardishli g‘azna darchalari ishlangandi. Darchalar ortida g‘aznachilar
daftarlari ustiga engashib, o‘zlarini ishga jiddiy banddek ko‘rsatishardi.
Palmerning oyoqlari ostida oq marmar to‘shalgan pol yaltirab turardi. Uch qavatli uy balandligidagi
shiftdan yog‘ilib turgan zarhal shafaq zalni yoritib yuborgandi. Palmer qoramtir-yashil rangga
bo‘yalgan shiftga ko‘z yugurtirdi. Billur taqinchoqlar osilib, tilla suvi yugurtirilgan qadimiy qandillar
go‘yo yarim tun osmonida yulduzlardek porlab turardi. Markaziy darvozaning har ikki tomonida yashil
charm divanlar qo‘yilgan, ular orasidagi nafis tagliklarda tilloyi kuldonlar yaltirardi. Zalning to‘rida
ikkita lift yonida kichkinagina, sochlari oppoq, ozg‘in odamcha turardi. Uning kasbiy kiyimi va yoniga
osgan politsiyachi to‘pponchasining g‘ilofi bo‘lmaganida uni rutbali xizmatchi yoki darbon deyish
mumkin edi.
Shiftning balandligi uch qavat uy bo‘yi keladigan hashamatli zalda sukunat hukm surar, elektron
jihozning mayin chiqillagani eshitilardi. Aftidan, xizmat xonalarida hujjatlarni saralayotgan uskunaning
ovoziga o‘xshaydi. Palmer bir zum darchalardan kelayotgan tovushga quloq tutdi: zayomlar bo‘yicha
qarzdorlikni hisoblayotgan bo‘lsa kerak.
Uning kelganiga hech kim e’tibor bermagandek ko‘rindi: bankka kiraverishda o‘tirgan xizmatchilar,
darbon va hatto lift yonidagi qorovul ham u tomonga bir bor qayrilib qarashmadi. Tillasi yaltirab
turgan marmar to‘shama bo‘ylab odimlab borarkan, u poshnalaridan taralayotgan bo‘g‘iq tovushni his
qilardi, xolos.
Palmer yaqinlashib kelishi bilan qorovul unga bosh egib sassiz salomlashdi va tugmani bosdi,
liftning qopqalari ikki yonga surildi.
— Siz o‘n sakkizinchi qavatga chiqasiz, mister Palmer, — dedi qorovul.
Palmer bu yerda ko‘rsatilayotgan «tomosha» uchun o‘zicha istehzoli jilmaydi-da, keskin orqaga
burildi. Uni diqqat bilan kuzatib turgan bank xizmatchilari — ma’murlardan tortib g‘aznachilargacha —
qotib qolishdi. Ularning noqulay ahvolga tushib qolishganini ko‘rmaslik uchun Palmer shu zahoti yana
orqaga burildi-da, liftga kirdi va tugmani bosdi. Eshiklar yopildi. U soatiga qarab qo‘ydi. Bir daqiqasi
kam o‘n bir. Juda soz.
Lift yuqoriga mayin ko‘tarilib borarkan, Palmer yana bank binosining birinchi qavatidagi tarhini kim
ishlab chiqqanini o‘yladi. Binoning birinchi qavatidagi zalning g‘oyasi umrini yashab bo‘lgan
konservatizm qonunlari asosida paydo bo‘lganligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Axir, bu cheklangan,
qari, mijg‘ov, sharobxo‘r sarmoyadorlar o‘z niyatlarida teatr bezaklari naqqoshlari ham amalga
oshirolmagan narsalarni ko‘ra bilgan va bunyod etgandilar.
Ana shu keksa yapaloqqushlar erishgan yutuqlar o‘zining kutilmaganligi va takomilligi bilan
hayratga solardi. Birgina zalning ichki ko‘rinishdagi tilloyi va yashil ranglar uyg‘unligi ham shuni
tasdiqlab turibdiki, ular rivojlangan dunyoning ko‘pchilik malakatlarida ana shu ikki rang pulni
bildirishini ham hisobga olganlar.
Klerklarning1 an’anaviy ehtirossizligi-chi? Palmer hech bir tomoshada aktyorlarning o‘z ro‘llarini
bunaqa zo‘r o‘ynaganini hali ko‘rmagan edi. Holbuki, ularga hech kim va hech qachon o‘zlarini mana
shunday tutishlari kerakligini aytgani yo‘q. Ularning o‘zlarini shu tarzda tutishlari asta-sekin an’anaga
aylandi va avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
Palmer shu yerda ishlashi kerakligini sezganidan birdaniga quvonch his etdi. Ammo bu tuyg‘u shu
lavozimga tayinlanganida his etgan tantana zavqiga sira o‘xshamasdi. Palmer jilmayib qo‘ydi. Lift
eshigi ochilib, u binoning oxirgi qavatidan tashqari chiqqanida ham uning chehrasidan tabassum
arimagandi.
Yo‘lakdagi kattakon stol yonida o‘tirgan qiz paypog‘ini to‘g‘rilash uchun engashdi. Palmer nigohi
bilan uning oyoqlari bo‘ylab bir suzib o‘tdi-da, ko‘zini chetga oldi. Biroq atrofida diqqatga sazovor
biror narsa uchratmagach, orqasidagi lift eshigi yopilishi bilan yana qizga qaradi.
Savol alomati bilan unga qaragan qiz so‘radi:
— Mister Palmermi?
U tasdiqlab bosh irg‘adi. Qiz shoshilib o‘rnidan turdi-da, yo‘lak bo‘ylab yurarkan, orqasidan yurishini
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |