www.ziyouz.com kutubxonasi
23
«Endi uni quyosh yaxshilab qizdiradi,— deb o‘yladi chol.— Agar kechasi juda ham sovuq
bo‘lmasa, bundan keyin jo‘rttaga, menga achchiq qilib uvushib o‘tirgani jur’at qilmaydi. Qani,
ko‘raylik-chi, bu tun bizga nimalarni ravo ko‘rarkin?»
Uning tepasidan Mayamiga uchgan samolyot o‘tib ketdi, chol samolyotning soyasi -hurkitib
uchirgan uchar baliqlarning to‘dasini ko‘rdi.
— Bu yerda uchar baliq shunchalik ko‘p ekan, demak, shu yaqin o‘rtada makrel ham bo‘lishi
kerak,— dedi u va baliqni salgina bo‘lsa-da, yaqinroq siljitishning iloji yo‘qmikin deb ,elkasi bilan
chilvirga qattiqroq tirkaldi. Ammo buning mumkin emasligi tezda anglashildi, chunki chilvir xuddi tor
kabi uyilib ketay deb, yana zirillab qaltilladi, undan suv zarralari sakrab otila boshladi. Qayiq oldinga
ohista suzib borardi. Chol to samolyot ko‘zdan yo‘qolguncha, uni kuzatib turdi. «Samolyotdan hamma
narsa juda g‘alati bo‘lib ko‘rinsa kerak,—deb o‘yladi u.—Qiziq, shuncha balandlikdan dengiz qanday
ko‘rinarkin? Agar ular bunchalik yuqorida uchmaganlarida o‘sha yerdan mening balig‘imni ap-aniq
ko‘rgan bo‘lishardi. O’z balig‘imga yuqoridan bir nazar tashlash uchun ikki yuz sarjin balandlikda se-
kin-sekin uchib o‘tishni xohlardim. Bir paytlar toshbaqa oviga chiqqan kezlarim, machta uchiga chiqib,
o‘sha yerdan ham juda ko‘p narsalarni bir-biridan ajrata olardim! Makrel yuqoridan ko‘kimtirroq
bo‘lib ko‘rinadi va hatto uning binafsha rang yo‘l-yo‘l chiziqlari-yu, dog‘larini ajratib olish, butun
to‘da qay yo‘sinda suzayotganligini ham ko‘rish mumkin. Qorong‘i chuqurliklarda suzuvchi barcha
uchqur baliqlarning usti, ko‘pincha, yo‘l-yo‘l tasmalari ola-bula dog‘lari ham nima sababdandir,
binafsha rangida bo‘ladi. Nega endi shunaqa bo‘larkin? Makrel ko‘rinishdan ko‘kimtir bo‘lsa ham,
aslida rangi tillaga o‘xshaydi. Ammo u rosa ham
ochiqib biron narsaning ketidan quvganda, biqinlari-da xuddi marlinniki singari binafsha rang yo‘l-yo‘l
chiziqlar paydo bo‘ladi. Nahotki bu qahrdan bo‘lsa? Balki, odatdagidan tez harakat qilganidandir?»
Qorong‘i tushmasdan sal oldin, yengil to‘lqinlar qo‘ynida go‘yo sariq odeyal ostida okean kim
bilandir quchoqlashayotgandek chayqalgan va to‘lg‘ongan sargass suv o‘simliklarining kattagina oroli
yonidan o‘tib ketayotganlarida, kichik qarmoqqa makrel ilindi. Baliq quyoshning so‘nggi nurlarida
musaffo oltin jilolar bilan turlanib, qo‘rquvdan yarim bukilgan holda, qanotlarini havoda jonholatda
silkita-silkita yuqoriga sapchiganda, chol uni ko‘rib qoldi. Makrel shovvoz akrobatdek qayta-qayta
sapchib ko‘tarilardi. Chol bo‘lsa quyruqqa o‘tib oldi, cho‘nqaydi, yirik chilvirni o‘ng qo‘li va tirsagi
bilan tutganicha, baliq tushgan dastani yalang so‘l oyog‘ida bosib turib, makrelni chap qo‘li bilan
chiqarib oldi. Makrel qayiqning shundoq yonginasiga kelib, jon achchiq talvasa ichida o‘zini har
tomonga urganda, chol quyruq osha engashdi va qayiqqa misli oltindek lov-lov yongan, binafsha rang
tasmali baliqni ko‘tarib oldi. Makrel iztirob ichida og‘zini ochib yopar, jonholatda qarmoqni tishlardi,
Uning uzunchoq yassi tanasi, boshi ham dumi to chol tilla rang tusda tovlanib turgan kallasiga urib
tinchitmaguncha, qayiq tubiga urilib turdi, keyin bir oz titrab-qaqshadi-da, qimir etmay qoldi.
Chol baliqni qarmoqdan chiqarib oldi, unga yana qaytadan xo‘rak ildi-da, dengizga tashladi. Qeyin
u ohista quyruqqa o‘tib oldi. Chap qo‘lini chayib, ishto-niga surtdi, chilvirni o‘ng yelkasidan chap
yelkasiga o‘tkazdi va quyoshning okeanga botib borishi bilan chilvirning suvga qanday qiyalikda
ketayotganini kuzatgan holda, o‘ng qo‘lini yuvdi.
— Hammasi boyagi-boyagicha,— dedi u.
Ammo, suvga qo‘l tiqib, chol qayiqning harakati ancha susayib qolganini sezdi.
— Kechasi harakatni picha susaytirish uchun har ikkala eshkakni bir-biriga bog‘lab, qayiqqa
ko‘ndalang qilib mahkamlayman,— dedi u.— Bu baliqning kuchi hali butun kechaga yetib ortadi. Men
ham undan qolishmayman, albatta.
«Makrelni yana bir oz turib, keyin tozalasam, ma’qul bo‘ladiganga o‘xshab qoldi,— deb o‘yladi
u,— shunda hamma qoni oqib ketmaydi, men buni saldan keyin qilaman va birvarakay eshkaklarni
ham bog‘lab qo‘yaman. Ungacha, yana ayniqsa kun botar chog‘ida baliqni bezovta qilmaganim durust.
Quyoshning botishi har qanday baliqqa ham yomon ta’sir qiladi».
U qo‘lini shamolda quritib oldi, keyin chilvirni tutdi-da, baliqqa birmuncha erk berdi. Baliq uni
Ernest Xeminguey. Chol va dengiz (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |