4. Milliy ziyolilarni qatag‘on qilishning yangi to‘lqini
Markaz mutasaddilari, mafkurachilari rahnamoligida o’tgan asrlarning 50-yillari
boshlarida O’zbekistonda boshlanib ketgan ilg’or ziyolilar, ilm-fan, adabiyot, san’at,
ma’rifat namoyadalarini quvg’in va ta’qib qilishlar, ular ijodidan kir izlash, ayb topishga
urinishlar, shubhasiz, respublika ma’naviy hayotiga jiddiy ta’sir ko’rsatmasdan qolmadi.
U ko’plab olimu ijodkorlar, shoiru adiblar, iste’dod sohiblari hayotini tahlikali holatga
duchor etdi.
O’zbekiston Kompartiyasi Markazqo’mining 1949 yil 25 iyundagi «O’zbekiston
Sovet yozuvchilar soyuzining ishi to’g’risida»gi qarorida A.Qahhorning «Qo’shchinor
chiroqlari» romani tanqid qilindi. Yozuvchilardan Oybek, Mirtemir, H.G’ulom,
O’.Rashidov, M. Shayxzoda, M.Boboev, A.Qayumov va boshqalar badnom qilindi.
«Sharq yulduzi», «Zvezda vostoka» jurnallarining tahririyatlariga bir qator «yaramas»
asarlarni chop etishga yo’l qo’ygan, degan jiddiy ayblar qo’yildi.
267
1948-1949 yilarda 20 dan ortiq yirik talantli olimlar, yozuvchi va shoirlar qamoqqa
olinib, yopiq ravishda so’roq qilinib, millatchilikda ayblanib, 15-25 yilga ozodlikdan
mahrum etiladi va surgun qilinadi.
O’zbekiston Kompartiyasi MQning 1950 yil 1 sentyabrda qabul qilgan
«O’zbekiston Fanlar Akademiyasining ishi to’g’risida»gi qarorida bir qator iqtisodiyot, til
va adabiyot sohasidagi olimlar millatchilikda ayblandi.
O’zbekiston Kompartiyasi MQning 1951 yil 8 apreldagi «O’zbekiston SSRda
musika sa’natining ahvoli va uni yanada rivojlantirish tadbirlari to’g’risida»gi qarorida
o’zbek xalqining buyuk shoiri Alisher Navoiyning «Farxod va Shirin», «Layli va
Majnun» dostonlari, «Tohir va Zuhra», «Alpomish» xalq dostonlarining afsonaviy folklor
syujetlariga asoslangan opera, balet va musiqali drama spektakllarini yaratish va
sahnalarda ko’rsatish «zararli» ish deb baholandi. Bunday spektakllarni sahnalashtirgan
ijodiy xodimlar qattiq tanqid ostiga olindi. Shuningdek, ko’pgina kontsert tashkilotlari va
musiqali teatr xodimlari «Eski, arxaik musiqani va juda g’amgin, mungli maqom
namunalari»ni tarqatganligi uchun qoralandi. Qarorda «O’zbekistonning musiqa san’ati
hayotdan orqada qolmoqda, o’zbek xalqini kommunistik ruhda tarbiyalash maqsad va
vazifalariga to’la-to’kis xizmat qilmayotir”, deb ta’kidlandi.
1951 yil 10 avgustda respublika matbuotida “Ba’zi shoirlarning ijodidagi
mafkuraviy buzg’unliklar to’g’risida” degan maqola e’lon qilindi. Unda Turob To’la,
Kamtar Otaboev, Mirtemir, A.Bobojonov, Sobir Abdulla, Habibiylarning asarlari
kommunistik mafkuraga, xalqlar do’stligiga zid g’oyalarni ilgari suruvchi asarlar sifatida
tanqid qilindi, ular millatchilikda ayblandi.
1951 yil 24 avgustda matbuotda e’lon qilingan “O’zbek sovet adabiyoti
vazifalaridan chetda” nomli maqolada Oybek, X.Zaripov, H.Yoqubov, I.Sultonov va
boshqa adiblar mafkuraviy og’ishlarda qoralandi. M.Shayxzoda, Shukrullo Yusupov,
G’ulom Alimov (Shuhrat)lar 1951 yilda “sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati”da
aylanib qamoqqa olindi va keyinchalik 25 yil ozodlikdan mahrum etishga hukm
qilindilar.
1952 yil fevralida bo’lib o’tgan O’zbekiston Kompartiyasi MQning X Plenumi
ilmiy va ijodiy ziyolilarni quvg’in, ta’qib ostiga olishda yana bir turtki bo’ldi. Plenumda
“Respublikada mafkuraviy ishlarning ahvoli va uni yaxshilash choralari to’g’risida”gi
masala muhokama qilindi va tegishli qaror qabul qilindi. Plenumda faylasuf
V.Zohidovning ilmiy ishlariga burjua-millatchilik xatolari yuklandi. Tarixchi
A.Boboxo’jaev va iqtisodchi O.Aminov panturkizmni targ’ib qilishda ayblandi. Ular
“siyosiy va ishchanlik sifatlari jihatidan egallab turgan lavozimlariga to’g’ri kelmaydigan
shaxslardir”, deb hisoblandi va ishdan bo’shatildi. T.To’la va M. Shayhzodalarning she’r
va qo’shiqlari “g’oyasiz va axloqsiz” asarlar, deb baholandi.
O’zbek xalqining ma’naviy merosi, milliy qadiriyatlari yana bir bor oyoq osti
qilindi, bu sohada faoliyat yuritgan ijodkorlar qatag’on qilindi. Tarixiy o’tmish ham,
zamonaviy hayot ham kommunistik mafkura, sinfiylik nuqtai nazardan turib qo’pol
ravishda buzib baholandi. Natijada ma’naviy hayotga, falsafiy va badiiy tafakkurga,
madaniyatga katta zarar etdi.
268
Stalin vafotidan keyin butun SSSRda bo’lganidek, O’zbekistonda ham shaxsga
sig’inish oqibatlarini tugatish tadbirlari ko’rildi. Qatag’on qilinganlar ishini qaytadan
ko’rib chiqishga kirishildi. Ko’pgina jinoiy ishlar to’qib chiqarilgani, minglab odamlar
nohaq qamalib, ozodlikdan mahrum etilgani aniqlandi va ular oqlandi. A.Qodiriy,
Cho’lpon, Fitrat va boshqa ko’plab yozuvchi va shoirlar oqlandi. Minglab partiya, sovet,
komsomol xodimlari nomlari poklandi. 50-yillarning boshlarida shubha ostiga olingan,
har bir qadami nazorat qilinayotgan 60 nafardan ziyod yirik olimlar, adiblardan
«millatchi, sovetlarning dushmani» degan yorliqlar olib tashlandi, to’hmatlardan halos
bo’ldi.
Biroq, afsuski, jamiyat ma’naviy hayotida voqe bo’lgan bu bir qadar iliqlik muhiti
uncha uzoq davom etmadi. Odamlar xohish-erkini bo’g’ib, inon-ixtiyorini o’ziga
bo’ysundirib, hamma narsani hukmron tuzum manfaatlariga xizmat qildirib kelgan
kommunistik mafkura va uning maddohlari ko’p o’tmay o’z zulmkorligini qaytadan
kuchaytirishga kirishdi. Uning tig’i avvalo ijodkorlarga nisbatan qo’llanila boshlandi.
Buning natijasida respublikaning ilm-fani, madaniyatiga salmoqli hissa qo’shgan taniqli
allomalar, iste’dodli ijodkorlar ko’proq aziyat chekkanligi, taqdirning kutilmagan
zarbalariga uchraganligi ayni haqiqatdir. Aftidan, totalitar tuzum mutasaddilari atoqli
ziyoli arboblarni vaqti-vaqti bilan tavbasiga tayantirish, o’zlariga tiz cho’kdirishga
majburlash yo’li bilan qo’llari uzunligini hammaga namoyish etib qo’ymoqchi bo’lgan
bo’lsalar ajab emas. Buning uchun esa ular hech narsadan hazar qilmaganlar. Jumladan,
geologiya-mineralogiya fanida nomi jahonga mashhur, respublikamiz hududida
qanchalab neft-gaz, qimmatbaho ma’dan konlarini, ularning zahiralarini kashf etgan, ko’p
jildli asarlari AQShdek mamlakatlarda nashr etilgan akademik Ґabib Abdullaev g’addor
tuzum qahriga, quruq to’hmatlar kasriga uchrab, boshidan ne azoblarni kechirmadi.
Allomaning sovet totalitar tizim hukmdorlari oldida qilgan yagona «gunohi» bu uning
yurtparvarligi, elsevarligi, milliy ziyoli kadrlar tayyorlashga jonu dili bilan harakat
qilganligidir, xolos. Ayniqsa u respublika Fanlari Akademiyasi prezidenti bo’lib ishlagan
yillarda iste’dodli mahalliy millat yoshlari orasidan ko’plab kishilarni ilm-fan
dargohlariga, aspirantura va doktoranturalarga o’qishga yuborib, ularning kelajakda etuk
olimlar bo’lib etishishlari uchun rahnamolik ko’rsatgan. Shuningdek, alloma o’zbek
xalqining boy milliy ma’naviy merosini o’rganish va tiklash ishlariga ham muttasil bosh-
qosh bo’lgan. Jumladan, A.Navoiy asarlarining 15 jildligi, Beruniy, Ibn Sino asarlarining
arab tilidan o’zbek tiliga o’girilib nashr etilishi singari xayrli ishlarda ham Ґ.Abdullaev
xizmati oz bo’lmagan. Shubhasizki, o’z yurti, uning sog’lom avlodi tashvishi bilan
yashagan, shu asnoda faoliyat olib borgan Ґ.Abdullaev partiya va davlat arboblariga
yoqmagan. Shu bois uni obro’sizlantirish, faoliyatiga qora chiziqlar tortish uchun har xil
ig’vo-fasod yo’llari ishga solingan. Buyuk iste’dod sohibiga qilingan bunday nohaq xuruj
va ta’qiblar uning ijodi ayni barq urib turgan paytida hayotdan bevaqt ko’z yumib
ketishiga bois bo’ldi.
Yana bir zabardast olim, akademik Ibrohim Mo’minov tarixiy haqiqatni ochishga
qo’l urib, ulug’ bobokalonimiz Amir Temur shaxsi va uning qilgan betimsol ulkan ishlari
haqida to’g’ri, xolis fikrlar bildirib risola yaratganligi uchun hukmron tuzum zulmiga
uchradi. Moskvaning nufuzli nashrlari sahifalarida olimga qarshi ig’voyu bo’htonlardan
269
iborat materiallar bosildi, nomi yomon otliq qilindi. Nachora, tarixiy haqiqatni ayta
olishga o’zida iroda, jasorat topa bilgan alloma shunday og’ir ko’yga mubtalo bo’ldi.
Uning tiniq musaffo yuragi ham oxirigacha bardosh bera olmadi.
O’zbek arxeologiya fanining chinakam fidoyisi, akademik Yah’yo G’ulomovning
ham o’lkamiz tarixini ilmiy, xolis va haqqoniy o’rganish, milliy tariximiz to’g’risidagi
xaqiqatni yuzaga chiqarish borasidagi ko’p qirrali faoliyati va barcha ilmiy izlanishlari
ham yuqori sovet mahkamalariyu, ularning konservativ fikrlovchi to’ra rahbarlarining ne-
ne qarshiliklari va to’siqlariga duch kelmagan. Gap shundaki, hukmron tuzum sha’niga
salcha bo’lsin noo’rin ishora yohud harakat yuz berguday bo’lsa, o’sha zahoti uning ko’p
sonli maddohlari nishonni bexato ola bilar edilar.
Bu davrda o’zbek adiblari, shoirlari ijodi ham doimiy suratda sovet mafkurasining
diqqat-e’tiborida bo’lgan. Shu bois ularning har bir asari rasmiy tsenzuraning qat’iy
nazoratiga olinar, yuz chig’iriqdan o’tib, nashrga tavsiya etilardi. Bordiyu haqiqat g’oyasi
bilan sug’orilgan ba’zi asarlar bosilib chiqquday bo’lsa, u holda ularning mualliflariyu
muharrirlari boshi bilan javob berardilar. Masalan, 60-yillarda taniqli shoir Erkin
Vohidovning birgina “O’zbegim” she’ri muallifga qanchalik behalovatlik keltirganligi
bunga misoldir. Yoki atoqli adib Pirimqul Qodirovning milliy tariximizning nomdor
vakili, otashnafas shoir va adib, davlat arbobi, mohir sarkarda Z.M.Bobur hayoti va
faoliyatidan hikoya qiluvchi “Yulduzli tunlar” romani ham feodal o’tmish namoyandasi
timsolini aks ettiruvchi asar sifatida keskin qoralandi. Vaholanki, bu buyuk tarixiy siymo
to’g’risida ko’plab xorijiy mamlakatlarda son-sanoqsiz tarixiy va badiiy asarlar
bitilganligi aniqdir.
Shunday qilib ko’ramizki, mustabid sovet tuzumi o’zining 70 yildan ziyodroq
davom etgan hukmronligi davrida o’ziga qaram va tobe bo’lgan milliy hududlarda,
jumladan, O’zbekistonda o’z bedodligi va qabohatini har qanday yo’llar bilan bo’lmasin,
amalga oshirishga erishib bordi.
Ayniqsa bundan yurtimiz fuqarolarining sara qismi sanalgan ilg’or, taraqqiyparvar
ziyolilar, milliy kadrlar eng ko’p jafo chekdi, ming bir xil azobu uqubatlarga duchor etildi.
Yurtimizning bunday yurtparvar, vatanparvar sog’lom kuchlari har qanday murakkab
vaziyatlarda ham o’z fuqarolik pozitsiyalarida sobit turib, sobiq tuzum zo’ravonlari
zug’umi va xurujiga dosh berib, Vatan istiqboli yo’lida mardonavor harakatda davom
etdilar.
270
Do'stlaringiz bilan baham: |