Go’zallik. «Go’zallik»ning tugal ilmiy ta’rifi haqida biror-bir qat’iy fikr mavjud emas.
Biroq, go’zallikning idrok etilishi, tabiatda namoyon bo’lishi, san’atda aks etishi hamda uning
jamiyat rivojiga ta’siri haqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan g’oyalar, yaratilgan ta’limotlar
o’zining salmog’i bilan ahamiyatlidir. Inson va uning ruhiy-jismoniy, axloqiy-estetik faoliyati,
tabiat va undagi hodisalar, jamiyat va unda ro’y berayotgan ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-iqtisodiy
jarayonlar go’zallikka yondoshuvning tarixan tarkib topgan asosiy obyektlaridir.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, go’zallik haqidagi qarashlar va nazariyalar markaziga
«Go’zallik nima?» degan savol qo’yiladi-yu, ammo ularning aksariyatida «Nima go’zal?» degan
savolga javobni ko’ramiz. Jumladan, «Huvarnosi Ahura Mazda ko’p go’zaldir, go’zaldir juda»
(Zardusht), «Go’zallik bu g’oyalardan iborat g’oyaning g’oyasi» (Aflotun), «Go’zallik-bu turli
musiqalar, yaxshi xulq-atvorga to’g’ri keladigan, odamlar erishishga havas qiladigan narsalardir»
(Abu Nasr Forobiy), «Har qanday go’zallik, go’zallikni anglay olgan muhabbat obyektidir»
(Imom G’azzoliy), «Go’zallik bu hayotdir» (N.G.Chernishevskiy), «Go’zallik-hodisaga aylangan
erkinlik» (F. Shiller), «To bizga taalluqli emas ekan, hamma narsa go’zal» (A. Shopenhauer),
«Go’zallik Xudo-san’atkor tomonidan yaratilgan illyuziya-xayolotdir» (F. Nisshe) kabi fikrlar
go’zallikka turlicha yondoshuv natijasida yuzaga kelgan.
Odatda, go’zallik ikki omil asosida yuzaga keladi. Bu: 1. Inson tafakkuri va mehnatining
mahsuli natijasida yaratiladigan go’zallik. 2. Inson tafakkuridan tashqarida, insonga bog’liq
bo’lmagan xolda yuzaga keladigan go’zallik. Birinchisida aql, ruh va xissiyot ustuvor bo’lsa,
ikkinchisida makon va zamonning o’rni salmoqlidir.
Ta’kidlash lozimki, ko’zga ko’rinadigan, idrok etiladigan biror narsa o’z-o’zicha paydo
bo’lmaydi, ularning asosini tashkil etuvchi muayyan unsur (element)lar mavjud. Go’zallikning
shakllanishi va namoyon bo’lishida uning unsurlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu unsurlar
qo’yidagilardan iborat: maqsadga muvofiqlik, mutanosiblik, tartiblilik, uyg’unlik, me’yor,
hamoxanglik, moslik, yaxlitlik, birlik, simmetriklik, tenglik tushunchalari go’zallikning eng
muhim unsurlaridir. Go’zallik voqyelikdgi u yoki bu xolatga ko’ra aynan shu unsurlar asosida
shakllanadi. Zero, shakli uyg’un, mazmuni mutanosib bo’lmagan narsalar hyech qachon go’zal
bo’lmagan.
Shu bilan birga manfaatdorlik, tug’yoniylik, qulaylik, maftunkorlik, foydalilik kabi
tushunchalar go’zallikning sifatlaridir. Qachonki unsurlar bilan sifatlar uyg’un va hamohang
bo’lgan narsalarda go’zallik aks etishi mumkin. Masalan, chiroyli narsaning sifati bizning
manfaatimiz uchun hamoxang bo’lmasa yoki bizning maqsadlarimizga mos kelmasa u har
qancha maftunkor bo’lmasin go’zallik sifatida baxolanmaydi.
Shu o’rinda go’zallik tushunchasi «chiroyli», «ko’rkam», «nafis», «jozibador»,
«maftunkor», «latofatli» kabi tushunchalarga nisbatan kengqamrovli va ustuvor ekanligini
alohida ta’kidlash joiz. Ayniqsa, go’zallik bilan kundalik turmushimizda tez-tez tilga olinadigan
«chiroylilik» tushunchasi orasida muayyan tafovutlar mavjud. Chiroylilik - narsalarning tashqi
ko’rinishini, holatini, bajarilgan ish yoki qilingan harakatdagi o’zaro hamohanglikni ifodalovchi
tushuncha. Chiroylilik insonlarda yoqimli taassurot qoldiradi, ammo ayni bir paytda o’sha
chiroyli bo’lgan narsa-hodisa yoqimsiz holatlarni ham vujudga keltiradi. Masalan,
«Bangidevona» o’simligining guli oppoq, chiroyli bo’ladi. Ammo, gulining hidi yoqimsiz,
tanasidan sassiq xid chiqadi. Shunga ko’ra, chiroylilik narsa-hodisaning yoki shakl yoki
mazmunidagi xususiyatni aks ettirishi bilan kishida yoqimli taassurot qoldiradi. Shuning uchun
ham narsa-hodisalarning faqat shakl (tashqi) yoki faqat mazmun (ichki) mohiyatiga qarab unga
go’zallik iborasini ishlatish o’rinli emas. Zero, go’zallik narsa-hodisalarning faqat bir
tomoninigina aks ettirmaydi, aksincha u mazmun bilan shaklning uyg’unligi, mosligi,
hamoxangligi, maqsadga muvofiqligi asosida shakllanadi. Shu ma’noda go’zallik ham obyektiv
ham subyektiv xususiyatga ega.
Ma’naviy qadriyatlar tizimida go’zallik eng avvalo san’atda o’z aksini topadi. Ma’lumki,
san’at borliqni to’g’ridan-to’g’ri ko’chirib olib tasvirlamaydi, aksincha uni badiiy qiyofalar
vositasida ifodalaydi. Shunga ko’ra, san’at asari insonni faqat voqyelikdagi go’zalliklar bilan
cheklanmaslikka, ayni paytda mavjud go’zalliklarni ongli tarzda mushohada qilishga, baholashga
undaydi. Rassomlik san’ati go’zallikni bizga shu tariqa namoyon etadi. Ro’zi Choriyevning
«Bolalik xotiralari», «Zamondoshlarim» portretlar turkumi, «Farg’ona vodiysi» kabi rangtasvir
asarlari fikrimizning yorqin ifodasidir. Shu bois ularning asarlaridagi go’zallik ruxi insonlarni
rangtasvirni sevishga da’vat etadi, tasviriy san’atni xis qilish va uni idrok etishga chaqiradi.
Go’zallikni yaratishda rassomning zimmasiga yuklanadigan mas’uliyat yuksakligi va
muqaddasligi ham ana shunda. Bu xususda estetik olim Tilab Mahmudov shunday deydi:
«Qachonki san’at asarlari muhim hayotiy muammolarni aks ettirsa yoki xalq kayfiyati va
g’oyalarini ifodalasa, ular millionlab mehnatkashlarning ezgu hamrohiga aylanadi. Bunday
asarlar hyech qachon xalqdan, amaliyotdan ajralgan emas. Rassomning millat hayoti bilan
aloqasigina yangi va asl san’at asarlarining paydo bo’lishida muhim manba bo’lib xizmat
qiladi».
1
Moddiy qadriyatlar tizimida esa go’zallik nazariya va amaliyotning uyg’unligiga asoslanadi.
Zero, estetik faoliyatning qator turlari amaliyot bilan chambarchas bog’liq xolda rivojlanadi. Bu
borada me’morlik sohasini misol qilib keltirish o’rinlidir. U o’zida ham moddiy ham ma’naviy
qadriyatlarni aks ettiradi. Chinakam me’moriy obidaning go’zalligi faqat tashqi ko’rinishi
bilangina emas, balki mexanika qonunlarining yangi materiallar bilan boyitilganligi,
me’morlikning qadimiy an’analarini yangi ko’rinishlar orqali namoyon qilish natijasida yuzaga
keladi.
Go’zallikning inson kamolotida tutgan o’rni insonning xulqiy go’zalligi bilan izohlanadi.
Hozirgacha inson va borliq, inson va jamiyat, inson va texnika o’rtasidagi munosabat masalasi
ko’plab ilmiy sohalarning tadqiqot obyekti bo’lib kelmoqda. Shunga ko’ra, go’zallik falsafasi hi-
soblangan estetika ayni paytda, inson go’zalligining mohiyatiga doir muammolarni tadqiq etishni
o’zining muhim vazifasi qilib belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |