Estetik did tushunchasining o’ziga xosligi shundaki, u bir tomondan, idrok, fahm, farosat kabi ildizi
aqlga borib taqalsa, ikkinchidan, o’zining ehtiros, his—hayajon, subyektiv baxolash xususiyati bilan
ulardan ajralib turadi. Shu sababli biz did haqida gapirganimizda odatda, estetik didni - insondagi
go’zallik, ulug’vorlik, fojiaviylik singari estetik xususiyatlarni, umuman, nafosatni idrok etish qobiliyatini
nazarda tutamiz. Masalan, osmonni qora bulut to’liq qoplab olganini ko’ra-bila turib, yomg’irpushsiz va
soyabonsiz yulga chiqqan odamni fahmsiz, chang, loy poyafzalini yechmay, gilamni bosib, ichkariga
kirgan odamni farosatsiz deb ataymiz, qalampirnusxa rangli ko’ylak, jinsi shim va ayni paytda kirza etik
kiyib, salla o’rab olgan odamni ko’rsak, uni didsiz deymiz. Birinchi hodisada biz tabiiy sharoitga
moslashmay, o’ziga jabr qilayotgan kishini, ikkinchisida ham gigiyenik, ham axloqiy qonun-qoidalarga
amal qilmay tarbiyasizligi tufayli uy egasini ranjitgan odamni, uchinchi hodisada kiyinishdagi
uyg’unlikni tushunmagan, go’zallik bilan bachkana yaltiroqlilikning farqiga bormagan kimsani ko’ramiz.
Yoki, boshqacha qilib aytganda, biz ongning, birinchi hodisada-haqiqatga, keyingisida-ezgulikka,
uchinchisida-go’zallikka munosabatini uchratamiz. Har uchala hodisaning asosida ham qobiliyat yotadi.
Fahm-aqliy, farosat-axloqiy, did-estetik qobiliyatni yuzaga chiqaradi. Estetik did bilan estetik baxoni
aynanlashtirish yoki bir hodisa sifatida qabul qilish mumkin emas, aks holda bunday qarash ilmiy tahlil
tamoyillaridan yiroq «ko’cha gapi»ga aylanib qoladi. Zero estetik did muayyan estetik baho yoki baholar
yig’indisi emas, balki estetik bahoga layoqatni anglatadigan, subyekt uchun baho me’yorlarini va
mezonlarini tayyorlab beruvchi — «ishlab chiqaruvchi» jarayondir. Demak, estetik didsiz estetik
bahoning mavjudligi mumkin emas. Estetik did har kimda har xil bo’lishini, unda subyektiv mushohada
kuchli ekanini yaxshi bilamiz. Buyuk ingliz faylasufi Deyvid Hyum shundan kelib chiqib, did haqida
bahslashmaydilar, ya’ni har kimning didi har xil degan fikrni ilgari surgan. Lekin shunday estetik
qadriyatlar borki, ular muayyan zamon, ijtimoiy hayot, umummilliy, umuminsoniy madaniy daraja bilan
shartlanadi. Ular idrok etilganida bahslashish mumkin emas, chunki bunda bir-ikki odamning yoki
guruhning didi o’zgacharoq bo’lsa, xususiylikka nisbatan maxsus e’tiborini qaratish shart emas: ularning
fikri sukut saqlash yo’li bilan inkor etiladi. Chunki yuz minglab yoki millionlab shaxslar va qator
zamonlar tan olgan qadriyatni «bu menga yoqmaydi», deyishga hyech kimning ma’naviy haqqi yo’q, agar
shunday deydiganlar topilsa, ularning didi, aytilganidek, e’tiborga noloyiq. Shuning uchun ham Kant
o’zining did haqida bahslashish ham mumkin va aksincha baxslashmaslik ham mumkin, degan mashhur
qoidasini, o’ziga xos antinomiyani o’rtaga tashlaydi. Shunday qilib, umumbashariy yoki umuminsoniy
estetik qadriyat sifatida tan olingan estetik obyektlar haqida bahslashilmaydi, ular barcha rasmona did
egalari tomonidan yuksak baholanadilar.
Ayni paytda shuni ham nazarda tutish lozimki, did yagona, mutlaq estetik hodisa emas, u ham
muayyan nisbiylik tabiatiga ega. Chunonchi, uning to’rt xil darajasi haqida fikr yuritish mumkin, bu
darajalar odamlarning mavqyei, saviyasi, madaniylik toifasi bilan bog’liq. Birinchisi, estetik obyektni
qanday bo’lsa, shundayligicha, aniq bir reallik tarzida idrok etuvchi subyektiv fikri ojiz, biror obyektni
hamma zo’r desa, zo’r ekan deb qaraydigan faqat jo’n idrok etishga asoslangan did. Ikkinchisi, uning aksi
— nafosatni zavqlanish uchun emas, balki o’zining boshqalardan madaniyatliligini, o’qimishliligini
ko’rsatish uchun bir vosita deb biladigan, zavqlanishni murakkab tahlil bilan almashtiradigan did egalari.
Ularni odatda, nafosatbozlar-estetlar deb ataymiz. Uchinchisi, bejamadorlikdan, yaraqlab turadigan narsa-
hodisalardan hayratlanadigan, modaparast did egasi. To’rtinchisi, milliy va umumbashariy estetik
qadriyatlardan zavqlanadigan, ularni, baholay oladigan, badiiy soddalikni anglay biladigan kishilar didi.
Aytilganlardan estetik did masalasi shaxs, jamiyat va millat madaniyati uchun katta ahamiyatga ega
ekani ravshan bo’lib turibdi. Shu sabali estetik did tarbiyasi har doim ham muhim ahamiyat kasb etib
kelgan. Ayniqsa, mustamlaka botqog’idan chiqqan halqimizning tenglar ichida teng bo’lib, jahonga
rosmana chiqishi uchun estetik did tarbiyasi alohida dolzarblikka ega. Biz qurayotgan erkin fuqarolik
jamiyati va unda har bir shaxsning yuksak estetik didga erishishi zamon talabidir. Chunki faqat yuksak
estetik did egasigina haqiqiy erkin fikrlash salohiyatiga, dunyoni, Vatanni, hayotni go’zallik prizmasi
orqali ko’ra bilish qobiliyatiga ega bo’la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |