27-mavzu. IQTIDOR VA MEHNAT
Og‘zaki nutq: Mavzuga oid matnni o‘qib tushunish. Matnga munosabat bildirib so‘zlash.
Mavzu bo‘yicha bahs-munozarada ishtirok etish.
Yozma nutq: “Qanday qilib muvaffaqiyatga erishish mumkin?” mavzusida esse yozish.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot yozish. Kasb
sohasida muvaffaqiyatga erishish to‘g‘risida dialog tuzish va uni inssenirovka qilish.
Grammatika: Matnga so‘z va termin tanlash. Gap bo‘laklari. Bosh bo‘laklar.
Tayanch so‘z va iboralar: iqtidor, iste’dod, mehnat, matn turlari, matnga termin va so‘z
tanlash, ikkinchidarajali bo‘laklar, aniqlovchi, hol, to‘ldiruvchi.
Iqtidor va mehnat
Inson ongi, aqlu-tafakkuri yuksak darajada taraqqiy etganligi bilan boshqa jamiki tirik
mavjudotlardan ajralib turadi. Mana shu ong va tafakkur kuchi orqali "ko‘z ko‘rib, quloq
eshitmagan” ishlarni, yangilik va kashfiyotlarni qiladigan insonlardagi muhim jihatlardan yana
biri bu ulardagi qobiliyatdir.
Hattoki, kishilarning turli sohalardagi faoliyatlarida kechadigan jarayonlarni ya’ni mehnat,
o‘yin, o‘qish va ijodiyotda biror bir vazifani qoyilmaqom va mohirona, tez yoki sekin bajarishi,
ishning yakuni samarali yoki samarasiz bo‘lishi ulardagi qobiliyatning qay darajada
rivojlanganligi bilan o‘lchanadi.
Qaysi sohada mehnat qilmaylik, u bizdan doimo faol harakatda bo‘lishni talab qiladi va bu
harakatlarimiz davomida yetuk, malakali, izlanuvchan shaxsga aylana boshlaymiz. Inson
faoliyatidagi ushbu o‘ziga xosliklarni tushuntirish uchun ham psixologiya fani birinchi navbatda
qobiliyatlar va iqtidor masalasiga murojat qiladi.
Xo‘sh qobiliyat o‘zi nima, u qanday paydo bo‘ladi? Qobiliyatlar insonning
tashabbuskorlik, talabchanlik, e’tiborlilik, kuzatuvchanlik, kashfiyotchilik, javobgarlik,
jozibadorlik, ijodkorlik, samimiylik va hokazo psixologik xususiyatlari bo‘lib, ular bizning turli
xil faoliyatimizdagi ko‘rsatkichlarimiz, yutuq va qiyinchiliklarimiz sabablarini tushuntirib
214
beradi. Mazkur individual xususiyatlarga bilim, ko‘nikma, malaka orttirish yo‘li bilan
erishilsada, ushbu xususiyatlarning o‘zi bilim, ko‘nikma va malakalarga taalluqli emas.
Bir kulol farzandini o‘zidanda mohir kulol bo‘lib yetishishi uchun, o‘z davrining dong‘i
ketgan, mashhur bir kuloliga bir yilga shogirdlikka beribdi. Mahoratli kulol harchand urinmasin,
bolaga kulolchilikni o‘rgata olmabdi. Belgilangan muddat o‘tib farzandining mohir kulol bo‘lib
yetishganini ko‘rishga oshiqib kelgan otaning qo‘liga ustoz yuzlab ko‘rimsiz ko‘zalar orasidan
ajralib turgan eng chiroyli bir ko‘zani olib tutqazibdi. Ko‘zlari sevinchdan porlab ketgan ota
nahotki shu chiroyli ko‘zani meni o‘g‘lim yasadimi, deya savol beribdi. Yo‘q bu ko‘zani men
yasadim, lekin unga mana shu chiroy va nafislikni bag‘ishlab turgan naqsh va gullar tasvirini
o‘g‘ling unga tushirmaganida orasidan olgan yuzlab ko‘zalarim singari ko‘rimsiz bir holicha
turaverardi deb javob beribdi ustoz. Ma’lum bo‘lishicha kulolchilikka uquvi va qobiliyati
bo‘lmagan bolada rassomchilikka bo‘lgan qiziqish va qobiliyatini sezib qolgan ustoz bir yil
davomida unga o‘z qobiliyatini o‘stirishi uchun zarur bo‘lgan muhit va shart-sharoitni yaratib
bergan ekan. Natijada bir yil ichida bola mahoratli rassom bo‘lib, ustozining ko‘zalariga rasmlar
chizib, ularga ustozidanda ko‘proq jozibadorlik baxsh etadigan bo‘lib yetishibdi.
Shuning uchun ham har bir ongli inson o‘zidagi qobiliyat va zehnni ilk yoshlikdan bilib,
o‘sha o‘zi yaxshi ko‘rgan, "yuragi chopgan” ish bilan shug‘ullansa, va undan qoniqish olib,
qobiliyatini o‘stirishga imkoniyat topib, yutuqlarga erishsa, biz uni iqtidorli deymiz. Iqtidorli
insonda iste’dod sohibi bo‘lish imkoniyati bor, zero iste’dod har tomonlama rivojlangan,
nihoyatda kuchli va takrorlanmas qobiliyatdir. U tinimsiz mehnat, o‘z qobiliyatini
takomillashtirib borish yo‘lida barcha qiyinchiliklarni yengish va irodasi imkoniyatlarini safarbar
qilish natijasida qo‘lga kiritiladi.
Bugungi kunda bilimli va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy
kamolotini yanada yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |