So‘zlashuv uslubi va adabiy til uslubi farqlari
So‘zlashuv uslubi –kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida
til birliklarining o‘ziga xos tarzda amal qilishidir. Uni ma’lum ma’noda tildagi boshqa
uslublarga qarama-qarshi qo‘yish mumkin.
Bu uslubning o‘ziga xos xususiyati nutq jarayonida til va tildan tashqari omillarning
uyg‘un bo‘lishida ko‘rinadi. Ayni paytda bu holat so‘zlashuv uslubidagi me’yoriy holatlarni
belgilashni qiyinlashtiradi. Chunki tildan foydalanuvchining shaxsi, buning ustiga, nutqiy
vaziyat yagona bir me’yorni tayin etishga imkon bermaydi.
Shunday bo‘lsa-da, so‘zlashuv uslubining o‘ziga xos me’yorlari haqida mulohaza
yuritish uchun ham tilimizda dalillar yetarli. Ammo nima bo‘lganda ham bu me’yorlarni
so‘zlashuv uslubi uchun muhim bo‘lgan til va tildan tashqari omillarning uyg‘unligidan
axtarish bizni asl maqsadga yaqinlashtiradi.
So‘zlashuv uslubi qanday o‘ziga xosliklarga ega? Birinchidan, nutq elliptik xarakterda
bo‘ladi. Lekin bunday holatda ham tinglovchiga fikr tushunarli bo‘ladi. Chunki u oldin
aytilgan fikrning mantiqiy davomi bo‘ladi. Ikkinchidan, so‘zlashuv nutqida til birliklari
o‘zining ekspressivlik imkoniyatlarini keng namoyish qiladi. Masalan, ulguramizmi? degan
savolga yo‘q, ulgurmaymiz deyishdan ko‘ra vaziyatdan kelib chiqib, ulgurib bo‘pmiz,
ulgurish qayoqda, ulgurib ham bo‘ldik singari javoblar birmuncha tabiiy va ekspressivroq
bo‘lib chiqadi.
Uchinchidan, bu uslubda ohang - intonasiyaning ahamiyati nihoyatda kattadir.
So‘zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o‘ziga
xosliklarga ega.
So‘zlashuv uslubida nutqiy vaziyatning ahamiyati juda katta. Salom, assalomu alaykum,
vaalaykum assalom, xayr, ha, yo‘q, albatta, aha, xo‘p singari so‘zlar nutqda ko‘p ishlatiladi.
Rivojlangan har qanday til, shu jumladan hozirgi o‘zbek tili ikki asosiy funksional
turga: adabiy til va jonli so‘zlashuv tiliga bo‘linadi. Har bir muayyan tilning sohibi,
tashuvchilari bo‘lgan elat (xalq) yoki millatning vakillari tomonidan jonli so‘zlashuv tili
bolalikdan boshlab egallanadi. Adabiy til, uning me’yorlari va qonuniyatlari esa balog‘atga
yetgan, kamolatga erishgan shaxs tomonidan shakllanish jarayonida o‘rganib, o‘zlashtirib
olinadi. Umumxalq tilining yuqori shakli hisoblangan adabiy til aniq va muayyan bir tizimda
har bir davrning tiliga xos me’yor, tartib-qoidalarni ifodalaydi. Milliy adabiy tilning eng
muhim va asosiy belgi uning muayyan bir me’yorga, , tartib-qoidalarga solinganligidir.
Adabiy til leksikada ham, fonetika va grammatik qurilish sohasida ham o‘z
me’yorlari, qoidalari bilan ajralib turadi. Bu me’yorlar grammatika darsliklari, qo‘llanmalari
va barcha xil lug‘atlarda belgilab qo‘yilgan. Bu me’yorlar shu tilda so‘zlashuvchi barcha
kishilar uchun umumiy va zaruriy hisoblanadi. Umumxalq- tilining qayta ishlanishi negizida
shakllanib, mahalliy dialektlarning umumiy zaruriy xususiyatlarini o‘ziga singdira borgan
adabiy til ayni zamonda umumxalq tilining turli ko‘rinishlaridan—jonli so‘zlashuv nutqidan
ham, mahalliy shevalardan ham, jargonlardan ham farq qiladi. Adabiy tilning muayyan
me’yorga solinganligi shundan iboratki, uning lug‘at tarkibi ma’lum tartibga keltirilgan
bo‘ladi, so‘zlarning ma’nosi va ishlatilishi, talaffuzi va yozilishi hamda grammatik shakllar
yasalishi yagona, mushtarak qoidaga bo‘ysunadi. Adabiy me’yor tarixiy toifa
(kategoriya)hisoblanadi.
Adabiy tilning ikki turi — og‘zaki va yozma turi mavjud. Bu shakllar idrok etishning
ikki turi, ya’ni ko‘ruv va eshituv uchun mo‘ljallanganligi sababli o‘ziga xos bir qancha
141
xususiyatlarga egadir Til vositalarini morfologik belgilariga qarab ikki guruhga — og‘zaki va
yozmaga ajratishda qat'iy chegara yo‘q. Shunga qaramay, bu shakllarning o‘ziga xos ayrim
xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, adabiy tilning og‘zaki shaklida ot va sifat
turkumlariga xos his-tuyg‘u, ta’sirchanlikni ifodalovchi shakllar (bolakay, qizgina, erkatoy,
kichkintoy, kichkina, kattakon); takror, davomiylik, kuchaytirish ma’nolarini ifodalovchi
fe’lning tahliliy shakllari (ataylab, oshirib yubormoq, kelib qolmoq, turtkilab qo‘ymoq, o‘qib
chiqmoq) hamda yozma adabiy shaklga xos ot va sifat turkumlaridagi tahliliy shakllar
(sezgirlik bilan, telefon orqali, tezkorlik asosida, nihoyatda ko‘rkam, g‘oyat baland); -lik, -
chilik, -lashtirish kabi affikslar yordamida yasalgan so‘zlar (o‘qituvchilik, dehqonchilik,
parrandachilik, radiolashtirish, avtomatlashtirish) va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Adabiy tilda sintaqtik qurilish jihatidan ham ikki shaklga xos xususiyatlarni ko‘rish
mumkin. Ko‘pincha sodda gaplarni, ayniqsa to‘liqsiz gaplarning qisman bog‘langan qo‘shma
gaplarni ishlatish adabiy tilning og‘zaki shakli uchun xos bo‘ladi. Bu vaqtda ohang, to‘xtam,
imo-ishora, nutq vaziyati kabi vositalar muhnm rol o‘ynaydi. Yozma adabiy tilning sintaktik
qurilishi esa o‘zining ancha murakkabligi bilan ajralib turadi. Unda ergash gapli qo‘shma
gaplar, kirish so‘z va iboralar, murakkab qurilishli sodda gaplar, ajratilgan va uyushiq
bo‘laklar, murakkab qo‘shma gaplar ancha keng ishlatiladi.
Adabiy tilning og‘zaki shakli ma’ruza va suhbatlarda, yozma shakli esa fan, texnika va
adabiyot asarlarida, rasmiy ish hujjatlari, nashriyot va matbuot sohalarida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |