Energiyani tejash “energetika” ilmiy yo‘nalishining amaliy faoliyati va muhim tarbiyaviy
qismi sifatida XX asrning oxirida rivojlana boshladi. Bunga oldingi asrning 70–80-yillaridagi
energetika inqirozining ikki to‘lqini, texnogen faoliyat natijasida ekologik xavfni insoniyat
tomonidan anglab etilishi, shuningdek tabiiy resurslarning, xususan, organik yoqilg‘ining
cheklanmaganligi sabab bo‘ldi.
“Energiyani tejash” atamasi texnik va iqtisodiy muammolarning keng spektrini qamrab olsa-
da, muhandislik faoliyatining bu ilmiy va amaliy yo‘nalishining maqsad va vazifalarini juda aniq
aks ettirmaydi.
Energiyadan samarali foydalanish to‘g‘risida gapirish to‘g‘riroq bo‘lar edi. Energiyani
tejash soxasidagi mutaxassis oldida turgan vazifa – energetika resurslaridan samarali
foydalanishga imkon beruvchi texnologiyalarni, metodlarni, texnik echimlarni va iqtisodiy
mexanizmlarni rivojlantirishdir.
O‘zbekiston Respublikasida 1997 yilda “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”
qonun qabul qilindi. Mazkur Qonunning maqsadi milliy energetika resurslarining saqlanishini,
energiya va ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanishni ta’minlovchi umumiy
huquqiy asoslarni shakllantirish hisoblanadi. Energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi
huquqiy tartibga solish quyidagilarga yo‘naltirilgan:
energiyani ishlab chiqarishda va ishlatishda undan samarali va ekologik xavfsiz
foydalanishni ta’minlash;
energosamarali texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishni, yanada arzon neft
mahsulotlari, tabiiy gaz, ko‘mir va tabiiy yoqilg‘ining (bundan keyin – yoqilg‘i) boshqa turlarini
qazib olishni va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;
energiyani ishlab chiqarish va ishlatishning miqdori va sifatini o‘lchashlar va hisobga
olishning aniqligini, haqqoniyligini, birligini ta’minlash;
energiyaning oqilona ishlab chiqarilishi va ishlatilishi hamda uning sifati, energetika
qurilmalarining, elektr ta’minot va energiyani ishlatish tizimlarining texnik xolati utidan davlat
nazorati va tekshiruvini amalga oshirish.
Hammaga yaxshi ma’lumki, har qanday davlat iqtisodiyotining asosi energetik resurslarning
(energiyaning imkoniyatli manbalarining) mavjudligi, energetik xavfsizlik va energiya
mustaqilligi hisoblanadi. Xalqaro amaliyotda davlatning rivojlanish darajasi va iqtisodiy
barqarorligini belgilab beruvchi bir qator mezonlar qabul qilingan. Ulardan asosiylari aholi jon
boshiga elektr energiyasini ishlatish va yalpi milliy (ichki) mahsulotning energiya sig‘imi (kg.
u.t./so‘m) hisoblanadi.
YAqin kelajakda energiyadan foydalanishda saqlab qolingan sharoit va an’analarda
iqtisodiyotning kutilayotgan o‘sishi energoresurslarga bo‘lgan ehtiyojning ancha o‘sishiga olib
kelib, uni birlamchi energiya resurslarini qazib olish va qayta ishlash hajmlarini oshirish
hisobigagina qanoatlantirishning amaliy jihatdan imkoni yo‘qdir.
Respublika iqtisodini barqaror rivojlantirishni ta’minlash va uni energoresurslar bilan to‘liq
ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan foydalanish hisoblanadi:
· ikkilamchi elektroresurslar (IER) dan, birinchi navbatda, yuqori temperaturali va yoqilg‘ili
(YOIER)dan, bundan keyin issiqlik va elektr energiyani ishlab chiqarish va kogeneratsiya
jarayonlarini joriy etish bilan;
· past temperaturali IIER dan, masalan, issiqlik nasoslarini qo‘llanish bilan;
· energiyaning noan’anaviy va yangilanib turadigan manbalari;
· energiyani iste’mol qiluvchi qurilmaning energiya samaradorligini oshirish;
· energetik menejmentni tashkil etish va joriy qilish.
Energetik menejment – bu energoresurslarni ishlab chiqarish va ishlatish sohasida energiya
oqimlarini boshqarish sistemasi bo‘lib, u energoauditdan farqli ravishda doimiy amal qiluvchi
tizim hisoblanadi.
Monitoring jarayoni kommulyativ yig‘indi metodiga tayangan holda axborotning
xaqqoniyligini ta’minlovchi, belgilangan vaqt oralig‘ida axborotga statistik ishlov berishga
asoslangan.
Energomenejmentning asosi energoaudit hisoblanadi, uni o‘tkazish natijasida mahsulotning
bir birligiga energoeltuvchilarning sarflanishi qonuniyatlari aniqlanadi va energiyani tejash
imkoniyatlarini joriy qilish bo‘yicha iqtisodiy asoslangan tavsiyalar berilib, ular qoplanishi
muddatlari bo‘yicha tashkiliy (xarajatsiz va kam xarajatli), o‘rtacha xarajatli va yuqori xarajatli (
investitsion) toifalarga ajratiladi.
Energetik audit energoresurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan
amaliy faoliyat turi sifatida O‘zbekistonda nisbatan yaqindan boshlab rivojlanmoqda. Uning
amalga oshirilishi uchun “Issiqlik energiyasi”, “Elektroenergetika”, “Energetik menejment”,
“Menejment” kabi bir qator yo‘nalishlarda katta hajmdagi nazariy bilimlar va amaliy milakalarga
ega mutaxassislar talab etiladi.
O‘quv qo‘llanmada jaxon va o‘zbek energetikasining rivojlanish an’analari
umumlashtiriladi, energiya ta’minoti va energiyani ishlatishning samaradorligini oshirishning
bosh resursi sifatidagi energiyani tejash siyosatining vazifasi va imkoniyatlari tahlil qilinadi,
shuningdek aytib o‘tilgan masalalarni hal qilishda energetik auditning o‘rni ko‘rib chiqiladi.