www.ziyouz.com kutubxonasi
34
bog‘lab turuvchi qandaydir bir narsa bor edi. Xadichaning samimiyligi, menga nisbatan hamdardligi va
uning oldida o‘zimni qarzdor kishidek sezayotganligim darhol ketishimga yo‘l bermayotgan edi.
Buning ustiga, hozir yolg‘iz qolib, yotoqxonaga borishdan ham cho‘chiyotgan edim. Haqiqatan u hozir
juda ochilib ketgan bo‘lsa ham ba’zida shunday zahar bo‘lib qoladiki, undan o‘zingni beixtiyor chetga
tortishga harakat qilasan.
— Nega o‘ylanib qolding, jonginam? — deb so‘radi Xadicha. — Charchadingmi, yo‘ling olislik
qilyaptimi?
— Hechqisi yo‘q, bir amallab yetib olaman. Xayr. U qo‘limni ushlab ko‘rib:
— Vuy-y, muzlab qolibsan-u! To‘xta, isitib qo‘yay! — dedi-da, qo‘limni paltosi ostiga yashirib,
qattiq ko‘ksiga bosdi. Men qo‘limni tortib olishga, qizning bu qaynoq mehr-muhabbatiga qarshilik
ko‘rsatishga jur’at eta olmadim. Qo‘lim ostida uning yuragi go‘yo ko‘pdan orziqib kutib yurgan o‘z
ulushini talab qilayotgandek dukillab urardi. Ha, darvoqe, men mast edim, ammo hech narsani
tushunmaydigan, sezmaydigan darajada uchib qolgan emasdim, albatta. Men sekingina qo‘limni tortib
oldim.
— Ketdingmi? — deb so‘radi Xadicha.
— Ha.
— Xo‘p, xayr! — deb Xadicha xo‘rsindi-da, qayrilib, eshik tomon tez yurib ketdi. Qorong‘ida
eshikning «taq» etib yopilgani eshitildi. Men ham yo‘lga tushdimu, biroq bir necha qadam
yurganimdan so‘ng to‘xtadim. Bir mahal qarasam, yana o‘sha eshikchaning oldiga kelib qolibman,
buning qanday bo‘lganini o‘zim ham bilmayman. Eshikni itardim. Xadicha meni shu yerda kutib
turgan ekan. U bo‘ynimga tashlandi, lablarimdan o‘pib, mahkam quchoqlab oddi.
— Oxiri qaytding-a! — deb pichirladi u, so‘ngra qo‘limdan ushlab, uyiga yetakladi.
Yarim tunda uyg‘ondim, ancha vaqtgacha qaerda ekanligimni bilolmay yotdim. Boshim qattiq
og‘rirdi. Biz bir karavotda yonma-yon yotardik. Badani iliqqina, yarim yalang‘och Xadicha pinjimga
kirib olgandi. U yelkam uzra bir maromda tinchgina nafas olardi. Men o‘rnimdan turib, darhol bu
yerdan ketmoqchi bo‘ldim. Sal qimirlab qo‘ydim. Xadicha ko‘zlari yumukdigicha meni quchoqlab
oldi. U silliq, yum-yumaloq tizzasini kaftimga qo‘ydi.
— Ketma! — deb shivirladi qulog‘imga. So‘ngra boshini ko‘tarib, qorong‘ida ko‘zlarimga
tikildida, entikib-entikib pichirlay boshladi: — Endi sensiz yashay olmayman! Sen menikisan! Har
vaqt ham meniki eding! Boshqa hech narsani bilmayman, bilishni ham istamayman! Meni sevsang
bo‘lgani, Ilyos! Sendan boshqa narsa talab qilmayman... Ammo sendan voz kecha olmayman,
tushunyapsanmi, o‘z orzularimdan voz kecha olmayman! — deb yig‘lab yubordi. Uning ko‘z yoshlari
yuzimga yumalab tusha boshladi.
Men qoldim. Tongga yaqin uyquga ketdik. Qarasak rosa uxlabmiz. Tashqarida kun yorishib ketgan
edi. Tez kiyindim, yoqimsiz, tashvishli bir his yuragimni siqib noxush qilardi. Yo‘l-yo‘lakay kalta
po‘stinimni kiyib, shoshilib hovliga chiqdim, po‘stinimning tugmalarini qadarkanman, o‘zimni «lip»
etib ko‘cha eshikka urdim. Tevarak-atrofga nazar tashladim, devorning muyulishidan mallarang tulki
tumoq kiygan odam to‘ppa-to‘g‘ri men tomonga kelaverdi. Eh, uni ko‘rgani ko‘zim, otgani o‘qim
yo‘q-da! Jontoy ishga ketayotgan edi, u bu yerga yaqin joyda yashardi. Ikkovimiz ham bir lahza
serrayib qoldik. Men o‘zimni ko‘rmaganlikka soldim. Shartta burildim-da, avtobazaga qarab
ketverdim. Jontoy orqamdan ma’nodor yo‘talib qo‘ydi. U orqamdan qorni g‘arch-g‘urch bosib
kelmoqda edi. Uning bu shiddatli g‘arch-g‘urch odimlashida qanchalik zaharxandalik, birovning
baxtsizligidan sevinish borligi ravshan anglashilib turardi. Biz to avtobazaga qadar shu taxlitda
oldinma-keyin yurib keldik.
Men avtobazaga kiraverishdagi yo‘lakka kelganda qadamimni tezlashtirdim va garajga burilmay,
to‘g‘ri idoraga qarab ketdim. Koridorning biror yerida to‘xtab, sal nafasimni rostlab olishim kerak edi.
Bosh injenerning kabinetidan odamlarning gangir-gungur ovozlari xiyol eshitilib turardi. Bu yerda
odatdagidek ertalabki qisqa yig‘in o‘tmoqda edi. Agar pritsep voqeasi odamlar xayolidan ko‘tarilib
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |