www.ziyouz.com kutubxonasi
24
ota-onasidan tortib barcha qarindosh urug‘larigacha sovg‘a-salomlar tayyorlash lozim edi. U yoqqa
quruqdan-quruq borishni istamas edim.
Bu orada qish ham kirib qoldi. Tyan-Shanning qishi qattiq bo‘ladi. Kuchli dovul, qor bo‘ronlari va
tog‘dan qor ko‘chish hodisalari tez-tez bo‘lib turardi. Bunday paytlarda shofyorlarga tashvish yana
ortardi, yo‘l tuzatuvchilarga esa yana ham qiyinroq bo‘lardi. Ular tog‘lardan ko‘chib turadigan qor
uyumlariga qarshi kurash olib borar va qor o‘pirilib tushishi mumkin bo‘lgan xavfli yerlarni
oldindanoq portlatishib, darhol yo‘lni tozalab qo‘yishar edi. To‘g‘ri, o‘sha yilgi qish bir oz tinchroq
o‘tgan edi. Yoki menga shunday ko‘ringandir, chunki ish shunchalik ko‘p ediki, uncha-muncha
narsalarga e’tibor bermasdik. O‘sha yili bizning avtobazaga kutilmaganda katta qo‘shimcha topshiriq
berishdi. Aniqrog‘i, bunday katta topshiriqni olishga biz shofyorlar o‘zimiz sababchi bo‘lgan edik,
shaxsan men uning tashabbuskori edim. Men bunga hozir ham afsuslanmayman va ma’qul ish
qilganman, deb hisoblayman. Ammo, nazarimda, mening barcha musibatlarim xuddi shundan
boshlangandek tuyuladi. Voqea bunday bulgan edi.
Bir kuni kechqurun avtobazaga qaytib kelayotgan edim. Asal mendan Alibek Jonturinning xotiniga
kichik bir tuguncha berib yubordi. Men mashinani ularning uyi tomon burib, signal berdim. Alibekning
xotini chiqdi. Unga haligi tugunchani berayotib:
— Alibek uydami? — deb so‘radim.
— Yo‘q, hali kelganicha yo‘q.
— Qayoqda u, yo‘ldami?
— Yo‘g‘-a, bugun yo‘lga chiqqani yo‘q, keyinroq borarmish. Nimagadir u yoqdan-bu yoqqa zir
yugurib yuribdi. Aytishicha, xitoylik ishchilar avtobazaga telegramma yuborishgan emish.
— U yoqda nima gap bo‘libdi?
— Zavod uchun asbob-uskunalarni tezroq yetkazib berishni iltimos qilishibdi,
— Qanaqa asbob-uskuna? Sintszyanda qurilayotgan qishloq xo‘jalik mashinalari zavodi uchunmi?
— Bilmadim, Ilyos. O‘zing eshitib qolarsan.
— Hozir Alibek qaerdaykin?
— Qaerda bo‘lardi. Yuk tushirish stantsiyasida-da, hamma o‘sha yerda. Eshelonlar kelganmish.
Men ham mashinani o‘sha yoqqa tomon haydadim. Nima gap o‘zi, aniqlab olay dedim-da. Mana,
yetib ham keldim. Bizning yuk tushirish stantsiyamiz darada, ko‘ldan sal berida joylashgan bo‘lib,
temir yo‘lning so‘nggi stantsiyasi edi. U yerda g‘ala-g‘ovur, g‘ira-shira qorong‘i, hech narsani payqab
bo‘lmasdi. Dara tomondan esayotgan kuchli shamol simyog‘ochlardagi chiroqlarni tebratar, shuvillab
shpallarni yalab o‘tardi. Vagonlarni bir-biriga tirkab yurgan parovozlar u yokdan-bu yoqqa qatnab
turardi. Eng chekkadagi yo‘lda turgan kran ilgaklarini ko‘tarib, tebranganicha, vagonlardagi sim va
tunuka tasmachalar bilan tang‘ib, mixlab tashlangan yashiklarni tushirayotgan edi. Yanglishmabman.
Bu Sin-tszyandagi mashinasozlik zavodiga yuboriladigan tranzit yuklar edi. U yerda yirik inshoot
qurilayotgandi. Avvallari ham biz u yoqqa ba’zi asbob-uskunalarni olib borgan edik.
Avtobazamiz mashinalaridan talayginasi shu yerda ekan. Biroq hali ularning birontasi ham yuk
ortmay turardi. Hamma shofyorlar nimanidir kutishayotgandek edi. Ular kabinalarda, mashina
zinalarida o‘tirishardi. Ba’zilar shamoldan panalanib, yashiklarga suyanib olishgandi. Men ular bilan
salomlashdim. Biron kimsa menga e’tibor ham bermadi. Papiroslarini tutatishib, sukut saqlab
turishardi. Chetroqda o‘tirgan Alibekni ko‘rib qoldim. Uning oldiga bordim.
— Salom, Alibek!
— Salom!
— Nima qilyapsizlar? Telegramma olibsizlarmi?
— Ha. Zavodni muddatidan ilgari ishga tushirishmoqchi.
— Xo‘sh, nima bo‘pti?
— Endi gap bizda qoldi.
— Rostdanmi?
Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |