Ko’p yillik parazit begona o‘tlar haqida tushuncha
Temirtikan, chaqartikan (tribulus terrestris) – juftbargdoshlar oilasiga mansub, bo‘yi 20-50 sm, poyalari yotib o‘sadigan bir yillik begona o‘t (... rasm) Barglari murakkab juft patsimon, poyaga qarama-qarshi joylashgan va oq tuklar bilan qoplangan. Guli barg qo‘ltig‘idan chiqadi. Iyun-iyul oylarida gullab, urug‘laydi. Mevasi 4-5 bo‘lakli, har bir bo‘lagi 2 tadan qattiq o‘tkir tikanli bo‘lib, mevasining har bir bo‘lakchasi tikanlari yuqoriga qaragan holda joylashadi.
Temirtikan yo‘l bo‘ylarida, tog‘ oldi yaylovlarida, sug‘oriladigan ekinlar orasida o‘sadi, shuningdek, O‘zbekistonning hamma viloyatlarida ancha keng tarqalgan.
Temirtikanning parazitligi haqida Janubiy Afrika, Amerikadan ham ancha ma’lumotlar bor. Zaharlangan hayvonlarning boshi shishadi va sariqlikalomatlari paydo bo‘la boshlaydi. Shu sababda Afrikada bu kasallikni “sariq kattabosh” kasalligi deb atashadi. Kasallangan hayvonlarning 50-90 foizigacha nobud bo‘lgan. Temirtikanning asosiy parazit moddasi filloeritrin pigmenti hisoblanadi. Bu moddaning ta’siri asosan quyosh nuri tushib turgan vaqtda tez bilinadi. O‘zbekistonning chorva tumanlarida temirtikan bilan zaharlanish holatlari unchalik ma’lum emas. Ammo Turkmanistonda 1936-1948 yillarda 3-4 marta ayniqsa qo‘zilarning zaharlanishi kuzatilgan. Zaharlangan hayvonlarda trubulyoz kasalligining alomatlari ko‘rinadi. Dastlab boshning jun bilan qoplanmagan qismlari shishadi, isitma paydo bo‘ladi. Shish qaytgach, teri qotib, yoriladi. Bu esa hayvonlarda ovqat qabul qilishni yanada qiyinlashtiradi. Tajribakor chorvodorlarning ko‘rsatishicha, temirtikanning parazitlik xususiyati uning eng gurkirab o‘sishi, gullash davriga to‘g‘ri keladi. Shu xususiyatini bilgan holda temirtikan ko‘p o‘sadigan yaylovlarda qo‘ylarni boqmaslik bilan zaharlanishni oldini olish mumkin. May, iyun oylarida yomg‘irning ko‘p bo‘lishi temirtikanning yaxshi rivojlanishidan darak beradi.
Temirtikan faqatgina parazit o‘simlik emas, balki zararli hamdir. Uning tikanli mevalari ohiz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach, oshqozon devorlarini hamda chorva mollarining tuyoqlarini yaralaganligi haqida ham yetarli ma’lumotlar bor. Urug‘ida parazit moddalar topilgan emas, ayrim yillarda temirtikanning urug‘ini hatto kishilar ham yeyishgan. Temirtikan dorivor o‘simlik, ko‘proq ochiq yaralarni davolashda, siydik ajratishni tezlashtiradigan dori sifatida hamda ayrim taksonik kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Temirtikan kimyoviy tarkibi hamda davolash xususiyatlarini chuqurroq o‘rganish kerak bo‘lgan o‘simlikdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |