Shariat ham, tariqat ham, haqiqat mandadur mavjud,
Chu sultoni azaldurman, ki Arshi a’log’a sig’mamdur.8
To dilingga ma’rifatdin nuri iymon bo’lmasa,
So’fiylar, bir hug’a almashlang ani – dastorni...9
Shariat sharbatin tutgan, tariqat halqasin tutgan,
Haqiqat yorini suygan, razolat ko’zini o’ygan.
Bu bosqichlarni bosib o’tishda, ayniqsa, keyingi ikki bosqichda, har bir tasavvuf maktabining o’ziga xos jihatlari bor.
1.2 Qissalarda Mashrab qiyofasi.
Qissalarda Mashrab qiyofasi uch xilda namoyon bo’ladi:1.Tarixiy qiyofa; 2.Badiiylik aralashgan qiyofa; 3) Sof badiiy qiyofasi. Quyida shoir siymosi aks etgan syujetlarni shu uch turga bo’lib o’rganamiz.
“Devonai Mashrab” qissasi nusxalarida Mashrab qiyofasi aniq va ravshan tasvirlangan joylari anchagina: “Bir yigit endi mo‘ylab sabz qilgan, qavi haykal, saru po barahna, ko’zlaridin o’t chiqib turubdur. Mundoq devonani hech kishi ko’rgan emas”10 yoki “Ko’rdilar-ki, bir qalandari qavi haykal, qizil yuzluk, shahlo chashm, payvasta abro’, sochlari fatila-fatila gardanlariga tushgan, muhabbat mayiga g’arq bo’lgan, itlarini bo’ynida oltun xalqa urug’luq xaloyiq Mashrabni bu holda ko’rub, hayron qoldilar.”11
Mashrabning ushbu chizilgan siymosi tarixiylikdan yiroq ular qissanavislarning badiiy to’qimalari mahsulidir, degan fikrlar bo’lishi mumkin. Chunki, xalq kitoblari qahramonlari qiyofasini chizayotgan roviy yuqoridagi bayon uslubida so’z yuritadi. Masalan, “Qissai Ibrohim Adham” kitobining bosh qahramoni Ibrohim Adham qiyofasi quyidagicha chizilgan: “Hazrati sultonni ko’rdilarkim, ajab devonai sho’rida hol va ishqu muhabbati xudoga barkamol, boshdin oyog’i otashi ishqqa g’arq bo’lgan”.12
Ibrohim Adham. Tarixiy shaxs (vafoti milod. 777-778). Uning dastlabki so’fiylardan bo’lganligi, sharafli unvoni Abu Is’hoq nomi va nisbati Ibrohim Adham binni Mansuri Balxiy ekanligini adabiyotshunos olim Q. Tohirov u haqdagi qissaga yozgan so’zboshida keltirib o’tadi.13
Ibrohim Adham va Rahimbobo Mashrab siymolari ta’rifidagi o’xshashlik tabiiydir. Chunki ularning hayot tarzi, suluki va e’tiqodi mushtarak bo’lgan. Bizningcha, yuqorida keltirilgan Mashrab siymosini xalq kitoblari an’anasi yoki xayoliy to’qima sifatida qabul qilish yaramaydi. Borligi gumon bo’lgan Is’hoq Bog’istoniyning “Tazkirai qalandaron” asarida shoir qiyofasi “Devonai Mashrab” dagidan ancha zamonaviy tilda ta’riflangan: “Rahimbobo shartaki, aytmish so’zidan tonmas, baland bo’yli, sarvi qomat, keng peshona, sochlari fatila-fatila, ola ko’zlaridan mudom o’t chaqnab, nazari tushmish kimsani jonu jahonini o’rtab yuborgudek. Vujudi, nainki vujudi, jumla yo’qu bori go’yo ash’or otashiga yo’g’rilub, mudom shu otashda kuyub o’rtanguvchi erdi. Va xushovoz xonanda, setor va tanburni bag’oyat nozik va nafis chertar erdi. Rahimboboning haq so’zi, otashnok ash’ori nopok dillarni kuydurguvchi erdi”.14
“Devonai Mashrab” qissasida uning qiyofasi ikki yo’l bilan yaralgan. Birinchisi, shoir siymosi birdan, bir jumlada ta’riflanib, bunda asosan Mashrabning yuzi, ko’zlari, sochu, qoshlari, chizib beriladi. Lekin bo’y-bastining ko’rinishi, ust-boshi haqida bu xil lo’nda ma’lumot yo’q. Mashrabning tashqi qiyofasi boshqacha yo’l bilan aniqlanadi. Agar diqqat qilinsa, Mashrabning Qashqarga borganidan to qatligacha bo’lgan davri tasvirida uning kiyimlari ustida ham gap boradi. Mashrab boshida qalandarlarning kulohi va ustida janda yopingani holda ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi.
Tan olish kerakki, Mashrabning “qizil yuzi”, “ola ko’zlari”, “fatila-fatila sochlari”, shuningdek “shartaki”ligi va “devona-fe’l”ligi uning boshidagi kulohi va ustidagi jandasi bilan nihoyatda uyg’unlashib, ajib bir qalandarning qiyofasini hosil qiladi.
“Devonai Mashrab” qissasining mavjud nusxalari badiiy asarga aylanib ulgurganligi sababli, ba’zan shoir qiyofasi ham badiiylashtirib yuboriladi: “Mullolar ko’rdilarki, bir qalandari qaviy haykal, surxina ro’y, sochlari fatila-fatila girdi kamariga tushgan, eshakka teskari mingan, barq urub keladur”15 yoki “Shoh Mashrab tezlik birla o’zlarini eshakdin tashlab qochtilar. Shoh Mashrab shul qochg’onlaricha to’g’ri Mahmudxonni o’rdasiga qochib bordilar”16 yoki “Hazratim chiqib ko’rdilarki, Mashrabni qo’li orqasiga bog’langan, arg’amchini bir uchi gardanig’a, yana bir uchi itni gardanig’a bog’langan ushbu holda ko’rub tabassum qildilar”.17
Boborahim Mashrab haqiqatan ham tili boshqa-yu dili boshqa mullolar bilan murosasiz bo’lib, ularni tanqid qilib yurgan, Balx hokimi Mahmud Qatag’on bilan munozara qilib ziddiyatga borishdan ham toymagan, shuningdek, qissalarda Mashrab Ofoq xo’jadan gunohini so’rab, piri dargohiga borganligi keltirilgan. Bu uch voqea Mashrab hayotida katta ahamiyat kasb etgan. Shu sababli roviy mazkur voqealarning yanada qiziqarli va ta’sirli chiqishi uchun o’z fantaziyasi bilan ularni qayta ishlagan, voqeaga qo’shimcha tasvirlar (Mashrabning eshakka teskari minishi, ipni o’zining va itning bo’yniga bog’lashi kabi) kiritib badiiylashtirgan. Natijada tarixiy omil badiiy talqin orqali yanada mazmundor chiqqan.
Qissalarda yana bir xil Mashrab qiyofasi tasvirlanadiki, ular batamom tarixiylik mezonidan chiqib, sof badiiy to’qima sifatlarini kasb etadi. Bularning ayrimlarini keltirib o’tamiz: “Shoh Mashrab liboslarini har yerda ojiz, barahnalar bo’lsa anga berur erdilar. Anolari yig’lab aydilarki: “Ey nuri diydam, bolam, sizga necha orzular birla libos qilib bersam na uchun kiymaysiz?” Shoh Mashrab aydilar: “Ey ano, sizdin tavallud bo’lg’onda libosim bor erdimu?” Anolari aydilar: “yo’q”. Shoh Mashrab aydilar: “Yana baraxna ketarman”.18 yoki “Anda qalandarlar aydilar: “Bizlar Mashrabni yaxshi tonurmiz. Uch kundurki, bizlar ani ko’zumiz birla ko’rub kelduk. Xirot dashtida kafanlari bo’yinlarida itlarini keyinlariga solib, Makkai mukarramaga ketib borodurlar”.19 Birinchi parchaning mohiyati shuki, Mashrabning xayoli doimo yaratuvchida bo’lganligi uchun u boshqa moddiy istaklarni lozim ko’rmaydi. Qissachining maqsadi asarga bu tasvirni kiritib, Mashrabni oddiy odam emas, balki avliyo bo’lganligini ta’kidlashdir. Ikkinchi hikoyada Mashrabning qatl etilgandan keyingi Makka “safari” haqida so’z bormoqda. Bu lavha Mashrab siymosining xalq orasida nihoyatda shuhrat topganligini yana bir karra ko‘rsatadi. Roviy bu o‘rinda shoirga o’lgandan keyin ham jon kiritib, uning ruhini o’ldirib bo’lmasligini, uning karomati hali davom etajagini ko’rsatmoqchi bo’ladi.
Bu qissalarda Mashrab qiyofasi ham tarixiy ham badiiylik mezonlari asosida talqin etilgan. Qissalardan bemalol uning haqiqiy siymosi, xulqi va aft-angori haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Bu narsa agar hozirgi zamon musavvirlari tomonidan e’tiborga olinsa yaxshi bo’lar edi. Shunda ajab emaski, Mashrab siymosi umumiy mezonlarga mos tushadigan og’ir vazminli nuroniy chol qiyofasida emas, balki qissalarda ta’riflangan haqiqiy qiyofada aks etishga muyassar bo’linsa.
Do'stlaringiz bilan baham: |